Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
2026 yil 5 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov Kitob tumanida bo‘lib, tumanda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida diniy-ma’rifiy soha oldida turgan dolzarb vazifalar, imom-xatiblarning kunlik diniy-ma’rifiy faoliyati, aholi bilan ishlash samaradorligini oshirish hamda zamonaviy jamiyat talablariga mos ravishda faoliyat olib borish masalalari muhokama qilindi.
Suhbat davomida Rahmatillo domla Usmonov bugungi imom qanday bo‘lishi kerakligi haqida to‘xtalib, imom-xatib nafaqat minbarda ma’ruza qiluvchi, balki xalq dardini tinglaydigan, odamlar bilan hamnafas bo‘ladigan, ilmli, ma’rifatli, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, yuksak odob-axloqi hamda shaxsiy namunasi bilan jamiyatga o‘rnak bo‘ladigan inson bo‘lishi lozimligini ta’kidladi. Shuningdek, imom-xatiblarning kunlik diniy-ma’rifiy faoliyatini mazmunli tashkil etish, mahallalarda aholi, ayniqsa, yoshlar va oilalar bilan manzilli muloqotlar olib borish, ularni qiziqtirgan savollarga asosli va hayotiy misollar bilan javob berish, jamiyatda tinchlik, ahillik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash borasida fikr-mulohazalar bildirildi.
Bundan tashqari, juma ma’ruzalari va diniy suhbatlarning mazmun-mohiyatini boyitish, sof islomiy ta’limotlarni xalqimizga to‘g‘ri va tushunarli yetkazish, oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda yosh avlod tarbiyasiga alohida e’tibor qaratish zarurligi qayd etildi. Muloqot jarayonida imom-xatiblarning taklif va mulohazalari ham tinglanib, sohadagi dolzarb masalalar yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida imom-xatiblar zimmasidagi mas’uliyatli vazifalarni sidqidildan ado etish, kunlik diniy-ma’rifiy faoliyatni yanada jonlantirish va xalq bilan hamisha yaqin muloqotda bo‘lish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
O‘MI Qashqadaryo viloyati vakilligi Matbuot xizmati