Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
2026 yil 28–29 oktyabr kunlari Qatar poytaxti Doha shahridagi Diplomatiya institutida O‘zbekiston sivilizatsiyasi markazining taqdimot tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari, Qatar vakillari, olimlar, professorlar va tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston sivilizatsiyasi markazining maqsad va vazifalari, mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi, ilm-fan va ma’rifat rivojiga qo‘shgan hissasi hamda buyuk ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rni haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, yurtimizning ilmiy-ma’rifiy merosini aks ettiruvchi kitoblar va nashrlar namoyish etildi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, Ulamolar kengashi a’zosi Zayniddin domla Eshonqulov ham so‘zga chiqib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining samimiy tabriklarini yetkazdi. Shuningdek, buyuk ajdodlarimizning ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasi, ularning boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va kelajak avlodga yetkazish muhimligini ta’kidladi. Shu bilan birga, Qatar ulamolari bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolari o‘rtasida diniy-ma’rifiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro tajriba almashish va ilmiy aloqalarni yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy hamkorlikni rivojlantirish, ikki mamlakat olimlari va tadqiqotchilari o‘rtasida tajriba almashish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish hamda akademik aloqalarni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur taqdimot O‘zbekistonning boy sivilizatsion merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish, mamlakatimizning ilmiy-ma’rifiy salohiyatini namoyon qilish hamda O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi ilmiy, madaniy va ma’rifiy aloqalarni yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati