Oysha onamiz roziyallohu anho Payg‘ambar alayhissalomdan, “Bu Yer boshqa Yerga va osmonlar (o‘zga osmonlarga) almashtiriladigan hamda (barcha odamlar) yolg‘iz va g‘olib Allohga ro‘baro‘ bo‘ladigan Kunda (qiyomatda intiqom oluvchi)dir” (Ibrohim, 48), oyatining nozil bo‘lishi haqida so‘rab, “O‘shanda biz qayerda bo‘lamiz, ey, Allohning Rasuli?”, dedilar. Shunda Payg‘ambar (s.a.v):“Sirotda bo‘lamiz. Sirotdan o‘tish vaqti uchta joydan boshqa joy bo‘lmaydi. Ular: jahannam, jannat va sirotdir”, dedilar.
Payg‘ambar (s.a.v) bunday marhamat qiladilar:“Sirotdan birinchi bo‘lib o‘tadigan men va mening ummatim bo‘ladi. Sirotdan o‘tadigan birinchi ummat, Muhammadning ummatidir”.
Jahannam ustiga osiladigan ko‘prik nomi “Sirot” deb nomlanadi. Uning kengligi butun jahannam kengligi bilan teng bo‘ladi. Undan o‘tgan va oxiriga yetgan kishi, oldida jannat eshigini va Payg‘ambar alayhissalomni: “Ey, robbim, bu Sening jannating”- deb, jannat ahlini kutib olayotganlarini ko‘radi.
Sirot ko‘prigining sifatlari:
Payg‘ambar alayhissalomning ummatlari sirot ko‘prigiga ilk qadamini qo‘yishi bilan Payg‘ambar (s.a.v) sirot ko‘prigining oxirida, jannat eshigi oldida turib, “Yo Rab, O‘zing madad ber”, “Yo Rab, O‘zing madad ber” deb, ummatlari haqiga duo qilib turadilar.
Banda sirot ko‘prigidan yurib borar ekan, o‘z oldidagi odamlardan yiqilib, jahannamga qulayotgan yoki najot topayotganlarini ham ko‘rib turadi. Biroq o‘sha paytda banda shunday bir holatda bo‘ladiki, u hech kimga parvo qilmaydi. Ehtimol, o‘shanda u o‘z ota-onasi va yaqinlarini ham ko‘rar, lekin, ularga ham e’tibor bermaydi. U lahzada hamma faqat o‘zini o‘ylaydi...
Alloh barchamizga Sirot ko‘prigidan eson-omon o‘tib olib, jannatda O‘zini jamolini ko‘rishni, Payg‘ambar alayhissalom bilan uchrashishni nasib etsin.
Muhammad-Akmalxon SHOKIROV,
Xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri
#xabar #seminar #imom #malaka
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari bilan diniy soha xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish va ish samaradorligini yuksaltirish maqsadida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda 8–9 sentyabr kunlari Diniy idoraning Masjidlar bilan ishlash hamda Kadrlar bo‘limlari hamkorligida respublikamiz bo‘yicha yangi lavozimga tayinlangan 55 nafar imom-xatib va imom noiblari uchun ikki kunlik o‘quv-seminari o‘tkazildi.
Mashg‘ulotlar davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Muzaffar Kamolov, Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori, shuningdek, Fatvo markazi, Kadrlar bilan ishlash, Ichki nazorat bo‘limi mutasaddilari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha ma’ruza qildilar.
Xususan, soha mutasaddilari tomonidan muvaffaqiyatli imom bo‘lish omillari, go‘zal qiroat va tajvid qoidalari, shar’iy masalalarga to‘g‘ri yondashish, faoliyat samaradorligini baholash (KPI), qonun-qoidalarga qat’iy rioya etish, mehnat munosabatlari hamda jamoat bilan ishlash ko‘nikmalari yuzasidan zarur amaliy tushuntirish va tavsiyalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati