Otamiz Odam alayhissalomga ilm o‘rgatgan va u ilmni anglash uchun, fahmlash uchun bizlarga aql bergan Parvardigori olamga beadad hamdu sanolar bo‘lsin. Barcha ilmlarni o‘zlariga mujassam aylagan va u ilmlarni bizlarga meros qoldirgan muallimimiz, murabbiyimiz, Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga cheksiz durudu salomlar bo‘lsin.
Alloh taoloning kalomida va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadislarida talim beruvchi va oluvchi tolibi ilm va uztozi karimlar haqida xabar va malumotlar kelgan.
Alloh taolo biz mo‘minlarga qarata shunday xitob qiladi:
يَرْفَعِ اللَّهُ الَّذِينَ آَمَنُوا مِنْكُمْ وَالَّذِينَ أُوتُوا الْعِلْمَ دَرَجَاتٍ وَاللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ
“Alloh sizlardan iymon keltirganlarning va ilm berilganlarning darajalarini ko‘taradir. Alloh nima qilayotganlaringizdan xabardordir” (Mujodala surasi 11-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Dinda faqih bo‘lgan inson odamlarning afzalidir. Agar unga hojat tushsa, foyda beradi. Agar behojat bo‘lsalar, o‘ziga foyda beradi”,“Sizlarning yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib, o‘rgatganlaringiz”,“Allohning kitobidan kimiki bir oyat o‘rgatsa, Qiyomat kunida o‘sha oyat tabassum chehrali holatda insonni kutib oladi”,“Mening o‘rinbosarlarimga Allohning rahmati bo‘lsin!” U zotdan so‘rashdi: O‘rinbosarlaringiz kimlar? “Sunnatimni tiriltirib, uni Allohning bandalariga o‘rgatgan zotlar”,“Kim insonlarga ta’lim berish maqsadida bir bo‘lim ilm o‘rgansa, unga yetmish siddiqning savobi beriladi” deganlar.
Iyso alayhissalom aytadilar: “Kim ilm o‘rganib, unga amal qilsa va uni boshqalarga o‘rgatsa, butun osmon farishtalari orasida “Buyuk...” deb chaqiriladi”.
Safvon ibn Assol roziyallohu anhu dedilar: “Albatta farishtalar tolibi ilmning ilm talab qilganidan minnatdor bo‘lib, qanotlarini unga yozishadi”
Imom Suyutiy rahmatullohi alayhi deydilar: Ilm ahlini ulug‘laganlari boisidan farishtalar ilm talab qilib kelgan har bir insonni oyog‘ining ostiga o‘z qanotlarini yoyadilar. Va yana biror yerda agar ilm majlisi bo‘lsa, ular uchishdan to‘xtab, majlis ahliga quloq soladilar va qanotlari bilan tolib ilmlarning boshlari uzra qanotlarini yoyadilar.
Muhammad ibn Ismoil Taymiy deydilar: bir kishi bu hadisni eshitib, masxaralab: Ey tolibi ilmlar, oyoqlaringizni ko‘taringlar, yana farishtalar qanotini sindirib qo‘ymaylik, deganida o‘sha zahoti ikki oyog‘i qurib shal bo‘lib yiqilib qoldi.
Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Olimlarning darajasi ilm olmagan mo‘minlarning darajasidan 700 daraja yuqoridir. Har darajaning orasi 500 yillik yo‘lga teng”.
Islom dinimiz bizlarga o‘zimizning o‘qituvchilarimiz va ustozlarimizga qanday munosabatda bo‘lishimiz, ilm ahlini hurmati qanday joyiga qo‘yishimiz kerakligini o‘rgatadi. Bugungi kunga kelib, musulmon bo‘lib yoki musulmonlarning farzandi bo‘la turib, o‘zimizning ustozlarimiz, muallimlarimizga nisbatan hurmatimiz, muomalamiz tamoman yuz tuban bo‘lib, jaholatga qarab ketmoqda. Hattoinki ayrim ota-onalar o‘zlarining farzandlarining gapiga quloq solib, ilm nurini tarqatadigan ustozlarini, bilimsizlik botqog‘idan qutqarib, ilmli dono qilib qo‘ygan muallimlarini ko‘ngillarini sindirib ketadilar.
قَالَ عَلِيٌّ كَرَّمَ اللَّهُ وَجْهَهُ: "أَنَا عَبْدُ مَنْ عَلَّمَنِي حَرْفًا إنْ شَاءَ بَاعَ وَإِنْ شَاءَ اسْتَرَقَّ".
Hazrati Ali roziyallohu anhu dedilar: “Menga bir dona harf o‘rgatgan kishining quliman. Xohlasa meni sotsin, xohlasa meni qul qilib ishlatsin”.
Bizlar ham bizlarga va farzandlarimizga ilm o‘rgatgan ustozlarimizga mana shunday darajada ta’zimda bo‘lishimiz zarur.
Imom A’zam rahmatullohi alayhi tolibi ilm ustoz tanlashda ushbu narsalarga ahamiyat berishini aytadilar: ahli ilmlar orasida eng olimini, parhezkor va taqvodorroq, yoshi ulug‘, yumshoq ko‘ngil, sabr matonatli va salobatu viqorlik.
Ustozga ko‘rsatiladigan odoblar quydagilar:
Ustoz kelganda hurmati uchun o‘rnidan turish
فَلَمَّا رَآى سَعْدَ بن مُعَاذٍ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ ، قَالَ لأَصْحَابِهِ : قُومُوا إِلَى سَيِّدِكُمْ
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Bani Qurayzaning amiri Sa’d ibn Muozni ko‘rganlarida, sahobalarga qarab: “Hurmatli kishilaringiz kelganda, o‘rinlaringizdan turinglar” dedilar.
Ustozning oldida ovozni baland qilib gapirmaslik
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا لَا تَرْفَعُوا أَصْوَاتَكُمْ فَوْقَ صَوْتِ النَّبِيِّ وَلَا تَجْهَرُوا لَهُ بِالْقَوْلِ كَجَهْرِ بَعْضِكُمْ لِبَعْضٍ أَن تَحْبَطَ أَعْمَالُكُمْ وَأَنتُمْ لَا تَشْعُرُونَ
“Ey mo‘minlar, (toki qilgan yaxshi amallaringiz) o‘zlaringiz sezmagan hollaringizda behuda-befoyda bo‘lib qolmasligi uchun sizlar ovozlaringizni payg‘ambarning ovozidan yuqori ko‘tarmanglar va unga bir-birlaringizga ochiq (dag‘al so‘z) qilgandek ochiq-dag‘al so‘z qilmanglar”( Hujurot surasi 2-oyat).
Mana shu oyati karimadan ma’lum bo‘ladiki, demak, har bir martabasi ulug‘ insonlar oldida ularning ovozlaridan bizlarning ovozlarimiz yuqori va qo‘pol ohangda bo‘lmasligi lozim. Bular avvalo ota-onamizning huzurlarida, ustoz va muallimlarimiz oldilarida, piri komil biror avliyoullohning oldida ehtiyot bo‘lib, ovozlarimizni ularning ovozlariga monand ohangda gapirmoqligimizdir.
Ustozga itoat qilish
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ أَطِيعُواْ اللّهَ وَأَطِيعُواْ الرَّسُولَ وَأُوْلِي الأَمْرِ مِنكُمْ
“Ey iymon keltirganlar, Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan bo‘lmish ish boshilaringizga itoat etingiz!”(Niso surasi 59-oyat).
Ustozning nazaridan qolmaslik
عَنْ أَبِى سَعِيدٍ الْخُدْرِىِّ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ -صلى الله عليه وسلم- « اتَّقُوا فِرَاسَةَ الْمُؤْمِنِ فَإِنَّهُ يَنْظُرُ بِنُورِ اللَّهِ ».
Abu Said al-Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘minning farosatidan qo‘rqing, chunki u Allohning nuri ila nazar soladi” dedilar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kuni Alloh taolo ibodat qilganlar va moli va joni bilan Alloh yo‘lida jiddu jahd qilgan bandalarga: “Jannatga kiringlar” deydi. Shunda olimu muallimlar: “Bular bizning ilmimiz sharofati bilan ibodat etdilar, xizmat qildilar”, deyishadi. Shunda Alloh taolo aytadi: “Sizlar Mening huzurimda ba’zi farishtalarim kabidirsizlar. Shafoat qilinglar, shafoatingiz qabul qilinadi”. Olimu muallimlar shafoatlari qabul bo‘lgach, jannatga kiradilar” dedilar.
Alloh taolo bizlarni ana shunday ulug‘ va sharafli martaba va darajalarga erishtirsin.
Toshkent islom instituti 4-kurs talabasi
Tojiddinov Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamga kelib: «Men qiynalgan kishiman», dedi. Ya’ni, och ekanini bildirdi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam xotinlaridan biriga ovqat so‘rab odam yubordilar. «U zotni haq ila jo‘natgan zotga qasam ichib aytamanki, uyimda suvdan boshqa hech narsa yo‘q!» dedi u.
Xuddi shunday qilib barcha xotinlariga ovqat so‘rab odam jo‘natdilar. Ularning bari yuqoridagidek javob berdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bu kecha bu odamni kim mehmon qiladi, Alloh unga rahm qilsin», dedilar. Shunda ansorlardan bir kishi turib: «Yo Allohning Rasuli! Uni men mehmon qilaman», dedi. So‘ngra uni uyiga olib ketdi. Borib xotiniga bunday dedi:
— Bu odam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mehmonlari. Unga taom hozirla!
Xotin dedi:
— Bolalarimizning ovqatidan boshqa ovqat yo‘q.
Er dedi:
Bolalaringni uxlatib ovqatni olib kel. Mehmon ovqatga qo‘l uzatganida chiroqni o‘chirib qo‘y. Biz qorong‘ida o‘zimizni ovqat yeyayotgandek ko‘rsatamiz. Ammo yemaymiz. Mehmon shunda ozgina ovqatga to‘yadi.
Ular shunday qilib och uxlashdi. Mehmon to‘ydi. Ertalab ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borishgach, u zot dedilar:
— Alloh taolo sizning ishingizdan ajablandi. Siz haqingizda Qur’on nozil qildi:
«Garchi o‘zlarining hojatlari bo‘lsa ham (boshqalarni) o‘zlaridan ustun ko‘radilar. Kim o‘z nafsining baxilligidan saqlansa, unday kishilar ha, ana o‘shalar najot topguvchilardir» (Hashr surasi, 9-oyat).
Dunyo charxpalakdir. Zamon aylanib turadi. Bugun puling bor. Ertaga yo‘q, ishing orqaga ketadi. Bugun faqirsan, ammo ertaga boyib ketishing mumkin. Faqirlik ayb emas, boylik fazilat emas.
Muhimi qalbdagi narsadir, cho‘ntakdagi emas. Muhimi insonning boylik va faqirlik paytidagi axloqidir.
Tasavvur qilyapsizmi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hech bir ayollari uyidan ovqat topilmayapti! U kishi Allohning Rasuli bo‘lish bilan birga davlat rahbari ham edilar. Uylarida suvdan boshqa hech vaqo yo‘g‘-a?!
Faqirlikni uqubat, boylikni esa mukofot deb o‘ylashdan ehtiyot bo‘ling. Dunyo bor-yo‘g‘i imtihon, xolos. Imtihon savollari qanchalar qiyin bo‘lmasin, o‘tirib qolmang.
Aqlli inson boshqalarning hojatini chiqarishga harakat qiladi. Ularni qiyin ahvolda qoldirmaydi. Kishilarga ehson qilganingizda ular o‘zini aybdor va nuqsonli sanashmasin!
Bemor kishining faqirligini bilib qolsangiz, u so‘rashidan oldin ahvolidan xabar olishingiz oqilona ishdir. Ba’zilarning iffati so‘rashdan to‘sadi. In’omning eng afzali insonlarning iffatni ehtirom qilib, obro‘larini muhofaza qilib berilgan in’omdir!
Ehson qilishning ham odoblari bor. Bir kishiga hammaning oldida sadaqa yoki ehson bersangiz, uni xijolatga qo‘yasiz, iffatini jarohatlaysiz, ojizligini yuziga solgandek bo‘lasiz... Bunaqa sadaqa-ehson qilgandan ko‘ra, qilmaganing afzaldir!
Yuqorida keltirilgan ansoriyning odobiga boqing. Ovqati ozligi uchun xotiniga chiroqni o‘chirishni buyurdi. Maqsadi mehmonni xijolat qilmaslik edi. Chiroq yonib turganida mehmon ovqatning kamligini ko‘rib, uyalib, ovqat barchaga yetishi uchun ehtimol to‘yib yeya olmasdi.
Kishilardan noqulaylikni ketkazish ham ularni xotirjam qilishdir. Xotirjam qilish esa, ibodatdir!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi