Birinchi savol: Jannat qayerda?
Javob: Jannat yetti qavat osmonning yuqorisida bo‘lib, u yetti qavat osmondan alohida ajragandir, chunki qiyomat kuni yetti qavat osmon yo‘q bo‘lib ketadi, ammo, jannat esa yo‘q bo‘lmaydi. Uning shifti arshdir.
Ikkinchi savol: Jahannam qayerda?
Javob: Jahannamning markazi yetti qavat yer ostidadir. Sijjiyn deb nomlanuvchi joyda. U ba’zi birovlar tahmin qilganidek jannatning yonida emas. Biz yashayotgan yer birinchi qavat hisoblansa, undan tashqari olti qavat yer bor. Bu olti qavat yer biz yashayotgan yerning tagida alohida ajratilgan holda mavjuddir.
Uchinchi savol: Sidratul muntaho nimadir?
Javob: Sidratul muntaho azim daraxt, uning ildizlari oltinchi osmonda bo‘lib, bo‘yi yettinchi osmondan yuqorigacha cho‘zilgandir. Barglari filning quloqlaridek, mevasi esa katta xumdek keladi. Unga tillodan bo‘lgan parvona (kapalaklar) keladi va u jannatning tashqarisidadir. Payg‘ambar sallollohu alayhi va sallam u daraxtning yonida hazrati Jabroil alayhissalomni o‘zlarining haqiqiy suratlarida ikkinchi marotaba ko‘rganlar. Undan oldin esa Makkada Ajyod deb nomlanadigan joyda ko‘rgan edilar.
To‘rtinchi savol kim ular Hurun iyn (oppoq yuzli katta va chiroyli ko‘zli hur qizlar)?
Javob: Ular mo‘minlar uchun jannatdagi zavjalardir. Ular inson ham emas, jinlardan ham emas va farishtalardan ham emasdirlar. Agar ulardan biron birlari dunyoga boqsalar mashriq bilan mag‘rib oralig‘i ularning ziyosidan yorishib ketadi. Hurun iynning ma’nosi ko‘zning qorachig‘ining tim qoraligini, oqini esa oppoqligini va ko‘zlarning charosdek kattaligini anglatadi.
Beshinchi savol: Kim ular al-Vildon al-Muxalladun (Mangu yosh bolalar)?
Javob: Ular jannat ahlining xizmatchilaridir. Ular inson ham emas, jinlardan ham emas va farishtalardan ham emasdirlar. Ular jannat ahlining eng quyi darajasidagilarga xizmat qiladi.
Oltinchi savol: A’rof nima?
Javob: A’rof bu jannatning keng devori bo‘lib, unda yaxshi amallari bilan yomon amallari barobar bo‘lgan musulmonlar bir muddat qolishadi, ular u yerda ma’lum muddat turganlaridan keyin jannatga kirishadi.
Yettinchi savol: Qiyomat kunining muddati qancha?
Javob: Qiyomat kunining muddati bir kun, lekin ellik ming yilga teng bo‘ladi. Alloh taolo shunday deydi: “Farishtalar va Ruh (Jabroil) miqdori (muddati) ellik ming yilga teng (bo‘lgan) bir kunda (qiyomat kunida) Uning huzuriga ko‘tarilurlar” (Maorij-4). Ibni Abbos (r.a) dedi:“Qiyomat kunida ellikta turar joy bo‘lib (mavqif), har bir joyning muddati ming yilga tengdir”.
Muhammad-Akmalxon Shokirov
Germaniyaning turli hududlarida istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan ham qator ma’rifiy uchrashuvlar va muloqotlar tashkil etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasida muborak vatandoshlarimiz uchun iftorlik tashkil etildi. Unga Germaniyada yashab, mehnat qilayotgan hamda tahsil olayotgan yurtdoshlarimiz taklif etildi.
Mazkur tadbirda Farg‘ona shahridagi “Xo‘jamberdiboy” jome masjidi imom-xatibi Husniddin domla Tursunzoda ishtirokchilar bilan “Vatanga muhabbat – eng muqaddas tuyg‘u” mavzusida ma’rifiy suhbat o‘tkazdi. Suhbat davomida Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va ma’naviy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, chet elda yashab faoliyat olib borayotgan vatandoshlarimiz o‘rtasida birlik va hamjihatlikni mustahkamlashning ahamiyati haqida so‘z bordi.
Virjiniya, Nyu-York, Baltimor shaharlarida vatandoshlar, jamoat faollari va turli sohalar vakillari ishtirokida iftorlik dasturxonlari yozildi.
Uchrashuvlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov boshchiligidagi ulamolarimiz Ramazon oyining fazilatlari, milliy o‘zlikni saqlash, O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohotlar haqida ma’ruzalar qilishmoqda.
Shuningdek, imom-xatiblarimiz u yerlarda taroveh namozlarini o‘qib berib, vatandoshlarimizni xushnud etmoqda. Ular do‘stlik, hamjihatlik va o‘zaro hurmat muhitida, bir dasturxon atrofida jam bo‘lib, Ramazon oyining ma’naviy qadriyatlari – bag‘rikenglik, saxovat va birlikni yana bir bor his qilishmoqda.
Yekaterinburg shahrida ham vatandoshlar uchun iftorlik uyushtirildi.
Unda Toshkent shahridagi “Baland” jome masjidi imom-xatibi A’zamjon Ergashev Islom dinining ma’naviy va insonparvarlik qadriyatlari haqida ma’ruza qilib berdi.
Uchrashuv davomida vatandoshlar o‘zlarini qiziqtirgan diniy va dunyoviy mazmundagi savollarga javob olishdi.
Mehmonlar uchun O‘zbekistonning turizm salohiyati va muqaddas qadamjolarini ochib beruvchi videoroliklar, milliy an’analar, madaniy meros va islom dinining jamiyat hayotidagi o‘rnini aks ettiruvchi tarqatma materiallar namoyish qilindi.
Dunyoning 50 ta shahrida o‘tkazilayotgan bunday xayrli tadbirlar vatandoshlarimizning ma’naviy birligini mustahkamlash, yurt bilan bog‘liqlik tuyg‘usini yanada kuchaytirish hamda milliy va diniy qadriyatlarimizni targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati