Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Yanvar, 2025   |   7 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:34
Asr
15:29
Shom
17:13
Xufton
18:32
Bismillah
07 Yanvar, 2025, 7 Rajab, 1446

Jenshen xossalari

26.01.2017   41362   9 min.
Jenshen xossalari

JЕNSHЕN (Ranax ginseng) — araliyadoshlarga (Araliceae) mansub ko‘p yillik o‘t. Sharqiy Osiyo, Xitoy va Koreyada tabiiy holda o‘suvchi qadimgi o‘simlik. Juda qadimdan dorivor o‘simlik sifatida ma’lum (ildizidan olingan dori-darmonlar organizmning quvvatini  oshiradi). Bo‘yi 30—50 sm, barglari panjasimon qirqma, gullari mayda, ko‘kish, soyabonsimon to‘pgulga yig‘ilgan. Mevasi yumshoq. Etli ildizi silindrsimon, xushbo‘y, ta’mi achchiqroq. Ildizining yuqori qismi yo‘g‘onroq, pastki qismi shoxlangan, qisman odam gavdasini eslatadi. Shu bois unga «jenshen», ya’ni xitoycha «odam-ildiz» deb nom berilgan. Ildizining og‘irligi 20—25 g keladi. Jenshenning tabiiy zahiralari juda ham kamayib ketgan. Shuning uchun ko‘p joylarda ekib o‘stira boshlandi. O‘zbekistonda botanika bog‘ida o‘stiriladi.

Uni yovvoyi  holda Xabarovskda,  Koreyada, Manchjuriyada va Xitoyda uchratish mumkin. Ko‘pincha  jenshen  kedr daraxtlari o‘sadigan soya-salqin va sersuv o‘rmonlarda o‘sadi. Jenshen turli tabiiy o‘g‘itlarga boy, yumshoq, uvada tuproqli yerlarni xush ko‘radi. Quyosh nurlari tik tushadigan yerda o‘smaydi, xuddi shuning uchun ham u atrofi daraxtlar bilan o‘ralgan o‘rmonzorlarda o‘sadi. (“O‘zME”dan)

Jenshenning foydali xossalari

Tarkibida mavjud bo‘lgan bir qancha foydali kimyoviy moddalar sababidan jenshen qadimdan xalq tabobatida turli kasalliklarni davolashda keng qo‘llangan. O‘simlik ildizida alkaloidlar, turli shiralar, S vitamini, oltingugurt va fosfor, xushbo‘y moddalar, shuningdek,  mikro- va  makroelementlar bor.

O‘simlik inson organizmiga tinchlantiruvchi va og‘riq qoldiruvchi ta’sir ko‘rsatadi.  Jenshen kishida ishchanlik qobiliyatini kuchaytiradi, o‘t moddasini  organizmdan chiqarib yuboradi, o‘pkada gaz almashinuvini yaxshilaydi.  Jenshenning shifobaxsh ta’siri natijasida kishida arterial qon bosimi me’yoriga keladi, endokrin tizimi ish faoliyati kuchayadi, qon tarkibida qand moddasi miqdori pasayadi.

Jenshen asabiylashish, siqilish va tashvishlanish holatlarida tinchlantiruvchi ta’sir ko‘rsatadi. O‘simlikni aqliy va jismoniy zo‘riqishlarda iste’mol qilinadi. 

Jenshen qon shakllanishini va xotirani yaxshilaydi, modda almashinuvi va yurak-qon tomirlari tizimi faoliyatini me’yoriga keltiradi.  Jenshen – ko‘rish qobiliyatini yaxshilovchi, jarohatlar bitishiga yordam beruvchi, og‘riqni qoldiruvchi, asab tizimini tinchlantiruvchi o‘simlik.

Jenshen  organizmning erta qartayishiga yo‘l bermaydi, bunda organizmga boshqa salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi. Bu o‘simlik immunitetni kuchaytiradi, tanadagi ortiqcha yog‘larning erishiga yordam qiladi.  Xalq tabobatida  jenshen damlama, qaynatma, malham, choy sifatida va quruqligin yanchib iste’mol qilinadi. 

Jenshen bilan davolash

Tomirlardagi og‘riqni qoldirish va shamollashni davolashda jenshen. Tog‘ asalidan 1 kg olinadi va unga 50 g jenshen ildizi maydalangan bo‘laklari solinadi. Mazkur asal solingan idish qorong‘i joyda bir necha hafta saqlanadi. Tindirilgach, asaldagi jenshen ildizi qoldiqlari butkul olib tashlanadi. Bu tabiiy doridan kuniga bir choy qoshiq ichib, kishi tomirlaridagi va boshdagi og‘riqlardan xalos bo‘ladi, charchoq bilmaydi, tetik bo‘ladi, shamollashdan ham forig‘ bo‘ladi.

 Yo‘tal va tumovda jyenshen. Bu dorini tayyorlash uchun bir bosh katta turp olinadi, uning bosh tomoni o‘yib olinib, chuqurcha hosil qilinadi va olov ustidagi manti qasqon bug‘xonasiga ikki soatga qo‘yiladi, uning yoniga - mantiqasqon bug‘xonasiga bitta jenshen ildizi qo‘yiladi. So‘ng ularni bug‘xonadan olinadi. Turpning o‘yilgan chuqurchasiga jenshen ildizi solinadi va unga teng asal qo‘shiladi. Turpning o‘yilgan chuqurchasi  uning o‘zidan kesib olingan qopqog‘i bilan berkitiladi, bir sutka davomida tindiriladi, turp ichida hosil bo‘lgan suyuqlikni bir choy qoshig‘idan kuniga uch mahal ichiladi. Bir necha kunlik bunday muolaja natijasida yo‘taldan ham, tumovdan ham forig‘ bo‘linadi.

Shifobaxsh ichimlik

Jenshenli choy inson salomatligiga ajoyib ta’sir ko‘rsatadi. Bunday choyni tayyorlash uchun quritib yanchilgan jenshen ildizi ustidan qaynab turgan suv quyiladi, ustini yopib,   20  minut tindiriladi, so‘ng dokadan o‘tkaziladi. Choyni sutkasiga uch mahal bir osh qoshig‘idan bir oy davomida ichiladi, so‘ng  o‘ttiz kun tanaffus qilib, muolaja kursi takrorlanadi. 

Bunday damlangan choy organizmni umumiy mustahkamlovchi, kuch-quvvat bag‘ishlovchi tinchlantiruvchi xususiyatlarga ega. O‘simlikning faol moddalari asab tizimi faoliyatini mustahkamlaydi, jismoniy va aqliy charchoqni pasaytiradi, yurak va qon tomirlari faoliyatini yaxshilaydi, ishtahani ochadi, arterial qon bosimini  me’yoriga keltiradi, ishchanlik qobiliyatini oshiradi.

 Jenshen bilan muolaja qilish bo‘yicha tavsiyalar

O‘simlik tarkibidagi barcha foydali moddalar majmuasi organizmni sog‘lomlashtiruvchi vosita sifatida ajoyib ta’sir ko‘rsatadi. Bunda o‘simlikning sog‘lomlashtiruvchi foydali xususiyatlari kasalliklardan forig‘ bo‘lishda yordam berishi bilan birgalikda, nafaqat muolaja uchun balki, turli xastaliklarning oldini olish uchun ham xizmat qiladi.

 Xususan, uning barglari, tanasi, gullari va urug‘i shifobaxsh damlama tayyorlashda ishlatiladi.

Damlamani muntazam ichish qandli diabet, tropik yaralar, neyropsixik xastaliklarni davolab tuzatishda, shuningdek, doimiy charchoqdan forig‘ bo‘lishda, asabiylashish, siqilish va tashvishlanishdan so‘ng ruhiy yengillikni tiklashda yordam beradi.

 Yaqinda olib borilgan tadqiqotlar bu o‘simlik barglarida polisaxaridlar mavjudligini aniqladi, bu moddalar turli o‘simtalarga barham beradi. Shunday qilib, bu o‘simlikdan rak kasalligining oldini olish va uni davolashda ham foydalanilmoqda.

Ortiqcha vaznli, to‘ladan kelgan kishilar uchun ham bu o‘simlikning foydasi katta, shu bilan bir qatorda u organizmni yoshartirish xususiyatiga ham ega. O‘ziga ozishni maqsad qilib qo‘ygan kishilar bu damlamani ichib yurishlari yaxshi natijalar beradi.

Xulosa qilib shuni aytish mumkin, jenshendan tayyorlangan turli dorilar quyidagi kasalliklarni davolashda qo‘llaniladi:

  • uyqusizlik, siqilish va asab bilan bog‘liq turli  xastaliklar;
  • davomli jismoniy va aqliy zo‘riqishlar;
  • erkaklar va ayollar kasalliklarida;
  • modda almashinuvi buzilganida;
  • og‘ir xastalik va jarrohlik amaliyotlaridan keyingi davolanish jarayonida.

Bundan tashqari jenshenning turli bo‘laklaridan tayyorlangan damlama va eliksirlardan har xil ko‘rinishdagi kasalliklarning oldini olish, tana umumiy sog‘ligini tiklash, inson organizmidagi turli bezlar faoliyatini izga solishda foydalaniladi.

Jenshendan tayyorlanadigan turli dori-darmonlar

Jenshendan turli dorilar tayyorlanadi. Bu dori-darmonlarni dorixonalardan xarid qilib olish yoki shifokor tavsiyasiga asosan uy sharoitida tayyorlash mumkin.

Choy

Bu shifobaxsh ichimlikni jenshen quritilgan ildizining yanchilganidan tayyorlash mumkin. Uning ustidan 1:10 miqdorda qaynab turgan suv quyiladi va 10 minut tindiriladi.  So‘ng damlama dokadan o‘tkazilib, ovqatlanishdan 20 minut oldin bir osh qoshiqdan kuniga 2-3 mahal ichiladi. Bunday shifobaxsh damlama kasalliklarning oldini olish maqsadida 1 oy davomida ichiladi, keyin kamida 30 kun tanaffus qilinadi.

Asal aralashmali jenshen ma’juni

Agar asal aralashtirilsa, shirin va foydali shifobaxsh vosita hosil bo‘ladi. Buning uchun quritib yanchilgan jenshen ildizi olinadi. Unga 30 baravar miqdorda ko‘p asal qo‘shiladi (1:30 nisbatda bo‘ladi). Uni iste’mol qilishdan oldin uy haroratida 10 kun davomida dimlab tindiriladi. Asalning o‘zi ko‘pgina shifobaxsh xossalarga ega, shuning uchun bu ma’jun butun organizm uchun nihoyatda foydalidir. Uni 2 oy mobaynida ovqatlanishdan  20 minut oldin kuniga 3 mahal 1 choy qoshig‘idan iste’mol qilinadi.

Jenshen iste’mol qilish mumkin bo‘lmagan holatlar

Davolanish maqsadida jenshenni iste’mol qilish biron a’zodan qon oqishi, homiladorlik, surunkali va yuqumli kasalliklarda va turli shamollashlarda mumkin emas. Jenshen iste’mol qilishning yomon oqibatlari yo‘q, lekin u kuchli ta’sir qiluvchi vosita bo‘lgani sababli, qattiq bosh og‘rig‘i keltirib chiqarishi, qon bosimi bor kishilarda (juda sezilarli) salomatlikning yomonlashuviga sabab bo‘lishi mumkin, 45 yoshga yetmagan kishilarga uni iste’mol qilish mumkin emas.  Ba’zi kishilarda uni muolaja sifatida iste’mol qilinganda ko‘ngil aynish, qayt qilish, qon bosimi ko‘tarilishi yuz berishi mumkin. Shu belgilardan birontasi kuzatilsa, darhol shifokorga murojaat qilish lozim. Kunning ikkinchi yarmida jenshen iste’mol qilish tavsiya etilmaydi.

12 yoshga to‘lmagan bolalarni jenshen bilan davolash mumkin emas.

Jenshen bilan davolanayotib, mast qiluvchi ichimliklar ichish qat’iyan man etiladi. 

                   Jaloliddin Nuriddinov tayyorladi

                          26 yanvar 2017 yil

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Allohim, Sen mendan yuz o‘girma

7.01.2025   256   2 min.
Allohim, Sen mendan yuz o‘girma

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Rivoyat qilinishicha, Hasan Basriy rahimahullohning qo‘llarida Abbos degan bir yigit tavba qilgan ekan. U yigit avvallari juda ko‘p gunoh qilgan bo‘lgan, so‘ng tavba qilgan, lekin shu holda yetmish marta tavbasini buzgan. Oxir-oqibat umrining so‘nggi daqiqalari yaqinlashganda, o‘limi ko‘ziga ko‘ringan paytda onasini chaqirib shunday dedi:
— Ona, Hasan Basriy hazratlarini chaqiring, men u zotning huzurlarida tavbamni yangilamoqchiman, shoyadki Alloh taolo tavbamni qabul qilsa.
Onasi shoshilib Hasan Basriyning huzuriga borib, salom berdi va:
— Men Abbosning onasiman, o‘g‘limning o‘lim payti yetdi va u sizni so‘rayapti, tavbasini yangilamoqchi, dedi. Hasan Basriy rahimahulloh bunga javoban:
Bor, menga tavba qilib, uni qayta-qayta buzadigan odamning keragi yo‘q, dedi.
Ayol yig‘lagan holda uyiga qaytib keldi va o‘g‘liga:
— Ey, o‘g‘lim! Shayx sening yomon qilmishlaring tufayli kelishdan bosh tortdi, dedi.
Shunda Abbos osmonga boqib:
Yo Robbim, Parvardigorim, shayx mendan yuz o‘girdi, ammo Sen mendan yuz o‘girma, umidimni so‘ndirma, deb duo qildi.
Shundan so‘ng yigit onasiga qarab:
— Ey, onajon! Agar vafot etsam, oyog‘ingizni yuzimga qo‘ying, keyin bo‘ynimga arqan bog‘lab, bozorda sudrab yuring va ovozingiz boricha “Bu — Allohga osiy bo‘lganning jazosidir” deb baqirib yuring. Shoyad, mening holimni ko‘rib, Alloh O‘z fazli va rahmati bilan meni afv etsa, dedi.
Onasi uni o‘zi aytganidek o‘g‘lining yuziga oyog‘ini qo‘ymoqchi edi, hotifdan bir ovoz eshitildi:
Oyog‘ingni sajda qiladigan joyga qo‘yma. Shuni bilginki, Alloh taolo uni afv etdi va do‘zaxdan ozod qildi.
Shundan so‘ng onasi uni dafn qildi va uyiga qaytdi. Shu kecha Hasan Basriy tushida bir ovozni eshitdi:
— Ey Hasan! Nima uchun bandamni Mening rahmatimdan umidsiz qilib qo‘yding? Axir uni Men yaratganmanku va Mening rahmatim har narsani qamrab oladi. Qasamki, agar yana shunday qilsang, seni solihlar daftaridan o‘chiraman!

Bu qissa Allohning rahmati va fazlining ulkan ekanini, hamda tavba qilishda inson hech qachon umidsiz bo‘lmasligi kerakligini yorqin tarzda bayon qiladi.

Homidjon domla ISHMATBЕKOV

Maqolalar