«An’om U Zot subhni yorituvchidir. U Zot tunni sukunat, quyosh va oyni esa hisob (vositasi) qilib qo‘ydi. Bu Aziz, Alim Zotning o‘lchovidir».
An’om surasi, 96-oyat
Insoniyat o‘zining qadim tarixi mobaynida vaqtni turlicha hisoblab kelgan bo‘lib, bugungi kunda asosan quyosh va oy taqvimiga, ya’ni shamsiy va qamariy yil hisobiga amal qilib kelmoqda. Shamsiy taqvimda yer kurrasining quyosh atrofida to‘liq bir marta aylanishi bir yil hisoblanadi. Qamariy taqvimda esa oyning yer atrofida to‘liq bir marta aylanishi bir oy hisoblanadi. Hozirgi zamonda biz yashab turgan diyorlarda asosan ikki xil yil hisobiga amal qilinadi. Biri – shamsiy milodiy yil hisobi, biri – qamariy hijriy yil hisobi.
Milodiy yil hisobi Iso (alayhissalom)ning tavalludi deb taxmin qilingan sanadan boshlangan bo‘lib, bu hisob Grigoriy taqvimiga asosan yuritiladi.
Hijriy yil hisobi esa Islom olamining taqvimi bo‘lib, u Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning Makkadan Madinaga hijratlari – ko‘chishlaridan boshlanadi. Bu sanoq boshi hazrat Umar (roziyallohu anhu)ning xalifalik davrida e’lon qilingan. Hijriy hisobning qamariy va shamsiy taqvimlari bo‘lib, qamariy taqvim bo‘yicha yil muharram oyidan boshlanadi, uning birinchi 10 kuni esa muborak kunlar hisoblanadi. Bu taqvimning toq oylari 30 kundan, juft oylari 29 kundan iborat bo‘lib, faqatgina o‘n ikkinchi oy mustasnodir, undagi kabisa kunlari ham 30 kundir. Yangi kun quyoshning botishidan boshlanadi. Vaqt hisobi qamariy davr bo‘yicha hisoblanganda bir yil 354 kundan iborat bo‘ladi. Tarixiy voqealarning sanasini belgilash, tinmay o‘tayotgan vaqt hisobini aniq qayd qilib borish hamda keyingi avlodlarga qoldirish maqsadida yil, oy va kunlarning hisobi taqvim shaklida qadimdan qo‘llanib kelinadi.
Mazkur ikki hisob bo‘yicha 2016 yilning 2 oktyabr kuni hijriy 1438 yil kirib kelib, muharram oyi boshlandi.
Alloh taolo O‘zining kalomida bunday marhamat qiladi:
«Biz kecha va kunduzni (qudratimizni ko‘rsatib turadigan) ikki belgi qilib qo‘ydik. Kechaning belgisini o‘chirdik. Kunduz alomatini esa Robbingizdan fazl (rizq) istashingiz uchun hamda yillar sanog‘i va hisobini bilishingiz uchun yorug‘lik qilib qo‘ydik. Barcha narsani batafsil bayon qilib qo‘yganmiz» (Isro surasi, 12-oyat).
Alloh taolo kun bilan tunni almashtirib turmasa, sana hisobini bilish qiyin bo‘lur edi.
Yuqorida aytganimizdek, hijriy-qamariy taqvim hisobi Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam)ning vafotlaridan keyin, xalifa Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu)ning davrlarida joriy qilingan. Bu zoti sharif boshqa ulug‘ sahobalar bilan maslahatlashib, Islom tarixi uchun yangi taqvim tuzib, o‘tgan voqealarni shu hisob bo‘yicha qayd qilib borish zarurligini aytganlarida bu fikrni barcha sahobalar ma’qullaganlar. Shundan so‘ng hijriy sananing avvalini qaysi kundan boshlash to‘g‘risida maslahat bo‘lib, kimdir Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning tug‘ilgan kunlaridan boshlaylik desa, kimdir vafot etgan sanalaridan boshlashni taklif qilgan. Hazrat Umar (roziyallohu anhu): «Vafotlaridan boshlasak, har yilning boshida qayg‘umiz yangilanib turadi» deb, bu fikrni rad etganlar. Nihoyat, hammaning fikrlari bir bo‘lib, hijriy sanani Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning Makkai mukarramadan Madinai munavvaraga qilgan hijrat kunlaridan boshlashga kelishilgan. Ushbu hijrat kunlari safar oyiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa ham, lekin unga tayyorgarlik muharram oyidan boshlanganini e’tiborga olib, hijriy sananing avvalini muharramning birinchi kunidan boshlashga qaror qilindi. Bu kun milodiy 622 yilning 16 iyul juma kuniga to‘g‘ri keladi.
Shundan buyon Islom olami xususan, diyorimiz musulmonlari ham yil hisobini, diniy bayramlarni va xossatan Ramazon oyi, Iydul Fitr hamda Iydul Qurbon kunlarini belgilashda hijriy-qamariy taqvimdan foydalanib kelmoqdalar.
Alloh taolo Qur’oni karimda oylarning adadi o‘n ikkita ekanini aytib, ulardan to‘rttasi muharram, ya’ni alohida ehtirom qilinadigan oylar ekanini zikr qilgan. Bular zulqa’da, zulhijja, muharram va rajab oylaridir. Bu oylar azaldan, ya’ni Islomdan avval ham hurmat va ehtirom qilib kelingan, bu paytda har qanday harbiy harakatlar to‘xtatilgan. Zero, insonning hayoti, mol-mulki, tinchligi muhofaza qilinadigan oyni tom ma’noda chinakam ulug‘, muhtaram oy deyish mumkin. Bu oylarning fazilati, qadri birodarkushlik urushlari, qonli to‘qnashuvlar bir necha yillab to‘xtamayotgan, ming-minglab begunoh odamlar halok bo‘layotgan bugungi kunimizda ayniqsa yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning davrlarida ham bu oylar izzat-ikrom qilingan, hurmatlangan. Sizu bizning ushbu muborak va ulug‘ oylarni yod etib turishimizdan maqsad – ularning fazilatlaridan tashqari, yil ketidan yillar, oy ketidan oylar, kun ketidan kunlar betinim o‘tayotganini, umrimiz ham to‘xtamay o‘tib borayotganini tez-tez eslab turishdir. Shoyad bu bilan aziz umrimizni g‘animat bilib, xayrli ishlarni ko‘proq qilishga intilsak, solih amallarni yanada ziyoda qilsak.
Alloh taolo muharram oylarda gunoh ishlardan saqlanishga buyuradi. Aksincha, bu oylarda imkon qadar ko‘proq toat-ibodat qilish, solih amallar qilish, xayr-saxovat ko‘rsatish, muhtojlarga yordam berish dinimizning ko‘rsatmalaridandir.
Alloh taolo barchamizga ushbu hijriy yilni xayr-barakotli qilsin, qutlug‘ qilsin, bu yilda imon-e’tiqodimiz, zuhdu taqvoimiz avvalgidan ham ziyoda bo‘lishini nasib qilsin, yurtimizga, butun dunyoga tinchlik-xotirjamlik ato etsin!
Rahmatulloh SAYFUDDINOV,
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Oisha onamiz roziyallohu anhoning barcha sifatlari ham kamolot sifatlariga daxldor ekaniga shubha bo‘lishi mumkin emas. U kishining buyuk hayotlarini diqqat bilan o‘rgangan ulamolar Oisha onamiz roziyallohu anhoda boshqalarda bo‘lmagan qirqta komilalik sifatlari bor ekanini ta’kidlaydilar. Ana shuning uchun ham bu haqda bir-ikki og‘iz so‘z aytmoqni ravo ko‘rdik.
Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanmiz, bu sifatlar ro‘yxatining boshida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan hadisi shariflar turishini aytib o‘tmog‘imiz lozim. U zot Oisha onamiz roziyallohu anho haqlarida ajoyib madhlarni aytganlar.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha! Mana bu Jabroil, u senga salom aytmoqda», dedilar.
«Va alayhissalomu va rohmatullohi va barokatuhu! Ey Allohning Rasuli, siz men ko‘rmagan narsani ko‘rasiz», dedim».
Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa kimga salom aytganlar?
Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa birgina insonga – Oisha onamiz roziyallohu anhoga salom aytganlar.
Mana shu ulug‘ maqomning o‘zi bir olamga tatiydi.
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar. Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi.
Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir», dedilar».
Ikkisini Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.
Ushbu hadisi sharifda aslida ayollarning, xususan, Maryam onamiz, Osiyo onamiz va Oisha onamizning boshqa ayollardan ustun bo‘lgan fazllari haqida so‘z boradi.
«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar».
Erkaklardan barkamol bo‘lganlar ro‘yxatining avvalida Payg‘ambar alayhissalomlar turadilar. Ulardan boshqa barkamol erkaklar ham bor. Bu haqiqat hammaga ma’lum.
«Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi».
Bu ikki ulug‘ zotning barkamol bo‘lganliklari Qur’oni karimda ularning birgalikda, xos zikr qilinishlaridan ham bilib olinadi.
Alloh taolo «Tahrim» surasida:
«Alloh iymon keltirganlarga Fir’avnning xotinini misol qilib keltirdi. O‘shanda u: «Robbim! Menga O‘z huzuringda, jannatda bir uy bino qilgin. Menga Fir’avndan va uning ishidan najot bergin va menga zolim qavmdan najot bergin», deb aytdi», degan (11-oyat).
Fir’avnning xotini o‘sha paytdagi eng katta podshohning ayoli edi. Yemak-kiymakda to‘kin edi. Nimani xohlasa, shuni qilishi mumkin edi. Qasrlarda, turli ne’matlar ichida farog‘atda yashashiga qaramasdan, u kofir va zolim eriga hamda qavmiga qarshi chiqdi. Allohga iymon keltirdi. Allohdan jannatda uy qurib berishini so‘radi. Bu hol esa dunyo hoyu havasidan ustun kelishning oliy misolidir.
Mo‘minlarning ikkinchi misoli Maryam binti Imrondir.
«Va farjini pok saqlagan Imron qizi Maryamni (misol keltirdi). Bas, unga O‘z ruhimizdan pufladik va U Robbining so‘zlarini hamda kitoblarini tasdiq qildi va itoatkorlardan bo‘ldi» (12-oyat).
Imronning qizi Maryam Allohga sof e’tiqodda bo‘lganlar va o‘zlarini ham sof tutganlar. Yahudiylar tuhmat qilganlaridek, nopok bo‘lmaganlar. Alloh taolo Jabroil farishta orqali ana shu pok jasadga o‘z ruhidan «puf» deyishi bilan Iyso alayhissalomni ato qilgan.
«Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir».
Endi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalari – Oisha onamizning fazllari haqida so‘z ketmoqda. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam u kishining boshqa ayollardan fazllarini sariyd deb nomlanadigan taomning o‘sha vaqtdagi boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshatmoqdalar.
O‘sha paytda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va sahobai kiromlar yashab turgan jamiyatning sharoiti va taomiliga ko‘ra, sariyd boshqa taomlardan afzal taom hisoblanar edi.
Xuddi shunga o‘xshab, Oisha onamiz ham boshqa ayollardan afzal edilar.
Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?!
Ushbu maqomga bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘ldilar.
Termiziy va Buxoriy Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam meni Zotus-Salosil askariga boshliq qildilar. Qaytib kelganda:
«Ey Allohning Rasuli, odamlarning qaysinisi siz uchun eng mahbubdir?» dedim.
«Oisha», dedilar.
«Erkaklardan-chi?» dedim.
«Uning otasi», dedilar.
«So‘ngra kim?» dedim.
«So‘ngra Umar», dedilar va bir necha odamlarni sanadilar. Bas, meni oxirlarida qilib qo‘ymasinlar, deb, sukut saqladim».
Allohning Rasuli uchun odamlarning qaysinisi eng mahbub ekan?
Allohning Rasuli uchun odamlar ichida Oisha onamiz roziyallohu anho eng mahbub ekanlar.
Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?
Ushbu maqomga bu dunyoda Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘libdilar.
Imom Abu Ya’lo «Musnad»larida Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar:
«Menga hech bir ayolga berilmagan to‘qqiz narsa berilgan:
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga uylanishga amr qilinganlarida Jabroil alayhissalom suratimni olib tushib, u zotga ko‘rsatgan.
– U zot menga bokira holimda uylanganlar. Mendan boshqaga bokira holida uylanmaganlar.
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshlari mening quchog‘imda turgan holda vafot etdilar.
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening uyimda dafn qilindilar.
– Farishtalar mening uyimni o‘rab olgan edilar. U zotga men u kishining ko‘rpalarida turganimda vahiy nozil bo‘lar edi. U zot meni o‘zlaridan uzoqlashtirmas edilar.
– Men u zotning xalifalari va siddiqlarining qiziman.
– Mening oqlovim osmondan nozil bo‘lgan.
– Men pokning huzurida pok yaratilganman.
– Menga mag‘firat va karamli rizq va’da qilingan».
Imom Qurtubiy o‘z tafsirlarida Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanlar, jumladan, quyidagilarni aytganlar:
«Ba’zi ahli tahqiqlar ayturlar:
«Yusuf alayhissalom fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini beshikdagi go‘dakning tili bilan oqladi.
Maryam fohishalikda tuhmat qilinganida Alloh u kishini o‘g‘illari Iyso alayhissalomning tili bilan oqladi.
Oisha fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini Qur’on bilan oqladi. Alloh u kishi uchun go‘dakning oqlashini yoki nabiyning oqlashini ravo ko‘rmadi. Alloh u kishini tuhmatdan O‘z kalomi ila oqladi».
Alloh taolo bu dunyoda kimni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlabdi?
Alloh taolo bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anhoni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlagan.
"Nubuvvat xonadoni xonimlari" kitobidan.