Dinimizda yaxshi amallar savobli ishlar deb yuritiladi. Har bir qilingan yomon ish gunohining katta-kichigi bo‘lgani kabi yaxshi amallarni ham savobli, ko‘proq savobli va hattoki juda katta savob ish, deb talqin qilinadi. Kundalik hayotimizda har kuni qilib yurgan ishlarimiz savob yoki gunoh ekanini farqlasak, savob bo‘ladigan arzimas ishlarni ham qilishga sa’yu harakat qilishimizga sabab bo‘ladi.
Abu Dardo (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisi sharifda, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Yaxshilik zoye ketmaydi, gunoh unitilmaydi, “Dayyon” (ismli Alloh) o‘lmaydi. Hoxlaganingni qil! Bir kun hisob berasan!” dedilar (Bayhaqiy rivoyati).
Demak, yaxshilikning savobi uzilmaydi va zoye bo‘lmaydi balki, u Alloh taoloning nazdida abadiy va boqiydir. Ezgu amallarning iroda qilgan va uni amalga oshirgan kishi uchun albatta savob beriladi. Dunyoda ham oxiratda ham izsiz ketmaydi. Shuningdek, gunoh ishlar ham unitilmaydi. Albatta qilingan gunoh ishga ham loyiq jazo muqarrar. Zotan, Alloh taolo kalomida eslatganidek,
(Muso) aytdi: “Ular haqidagi ma’lumot Rabbim huzuridagi Kitob (Lavhul-mahfuz)dadir. Rabbim adashmas va unutmas”.
Alloh taolo Muso alayhissalomga Ey, Muso! Sen o‘zing va birodaring Horun Mening oyatlarimni odamlarga yetkazinglar va Meni zikr qilishda sustlik qilmanglar! Ikkingiz Fir’avnning oldiga boringlar, chunki u “Men – xudoman”, deb haddidan oshdi. Unga yumshoq so‘z aytinglar! Shoyad, u eslatma olsa yoki halok qilishimdan qo‘rqsa”-deganida, Muso va Horun alayhissalomlar: “Ey, Rabbimiz! Darhaqiqat, biz da’vat etsak u bizga g‘azab qilishidan yoki battar haddan oshib ketishidan qo‘rqamiz”-dedilar. Shunda Alloh taolo aytdi: “Qo‘rqmanglar! Albatta, Men sizlar bilan birgaman – eshitaman va ko‘raman. Bas, sizlar uning oldiga borib: “Biz Parvardigoringning elchilaridirmiz. Isroil avlodini biz bilan birga qo‘yib yuborgin, ularni azoblamagin! Biz senga Rabbing tomonidan hujjat keltirdik. Hidoyatga ergashganlarga salom omonlik bo‘lur. Bizga shunday vahiy qilindi: “Allohning payg‘ambarlarini yolg‘onchi qilgan va imon keltirishdan yuz o‘girgan kimsalarga azob bo‘lur” deb Fir’avn oldiga kelib, Allohning so‘zlarini yetkazganlarida u: “Ikkingizning Rabbingiz kim, ey, Muso?” deb so‘ragan. Shunda shu oyati karima nozil bo‘lgan.
Darvoqe, ba’zi gunohlarni Alloh taolo banda astoydil, chin dildan tavba qilishi yoki yaxshi amalni ado etishi orqali o‘chirib yuborishi ham bor. Ammo bir haqiqatni unitmaslik kerak, har qanday gunoh o‘zidan iz qoldirishi yoki ta’siri bo‘lishi aniqdir. Banda bunga ko‘pda e’tiborsiz qaraydi. Oxir oqibatda gunohlardan saqlanishdan uzoqlashib boraveradi.
“Dayyon” Alloh taoloning go‘zal ismlaridan biri bo‘lib, ma’nosi “Qahhor”, “Qoziy”, “Hokim”, “Sa’is”, “Hosib” va “Mujaziy” ma’nolariga ma’nodoshdir. Ya’ni, bandadan sodir etilgan biror bir amalni zoye qilmaydi. Balki, yaxshisiga mukofot, yomoniga jazo beruvchi Zot deganidir. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) aytganlaridek: “Qiyomat kuni bandalar mahshargohga jamlanganlarida, barcha huddi yonida turgan odam gapirayotgandek “Men “”Dayyon”man, Men “Malik”man”, degan nidoni eshitishadi” (Muslim rivoyati).
Xalqimizda bir maqol bor: “Yaxshilik qil suvga sol. Bilsa baliq, bilmasa Xoliq biladi”. Yaqinda bir yigit aytib qoldi. “Bizni uyimizda bir mushuk bo‘lardi, ayolim uni yoqtirmasdan har ko‘rganida quvib solardi, zulm yetkazib, ozor berardi. Ayolimni shu ishlarini ko‘rganimda “Qo‘y unga ozor berma, bu ham axir Yaratganning bandasi. Unga ozor berishdan ko‘ra unga yegulik ber”, deb koyirdim. Mushukga rahmim kelib tanavvul qilishiga narsalar berib, silab qo‘yardim. Bir kecha mushukning ovozini eshitib uyg‘onib ketdim, turib qarasam derazani oldida o‘sha mushuk miyovlayotgan ekan. Oldiga borishim bilan meni ko‘rib, derazadan sakrab tushib ketib qoldi. Xayron bo‘ldim derazadan nazar solsam hovlida qattiq shamol bo‘lyapti. Shunda ko‘zim kiyimlar osilgan dorga tushdi, tezda ayolimni uyg‘otdimda “tur tezda yuvgan kirlaringni yig‘ib ol”, dedim. Ayolim kiyimlarni yig‘ib bo‘ldiyu yomg‘ir tezlab sharroz yog‘ib yubordi, shunda ayolimni chaqirib “qara mushuk seni bir kunlik mehnatingni saqlab qoldi, sen esa uni quvib yurasan. Kim ehtirom ko‘rsatsa, hurmat topadi, biror yaxshi amal Xudo uchun qilinsa, bekor ketmaydi. Yaratgan hatto hayvonlarga qilingan yaxshiliklarga ham ajr mukofot bitadi”, deb yigit hikoyasini yakunladi.
Xulosa qilib shuni ta’kidlash lozim, ezgu amallar bajargan insonlarga dunyoda ham oxiratda ham faqat yaxshilik bo‘lib qaytadi. Yomon fasod ishlarni qilgan odamlarga faqatgina qilgan amallariga yarasha yomon oqibat nasib bo‘ladi. Yaratgan barchalarimizni oqibatlarimizni xayrli qilsin deya duo qilib qolamiz.
Jaloliddin Hamroqulov,
TII “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri,
“Novza” jome masjidi imom xatibi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bugun, 13 mart kuni juma namozini Toshkent viloyati Qibray tumani “Baytqo‘rg‘on” jome masjidida ado etdilar.
Muftiy hazratlari namozdan oldin jamoatga muborak oyning oxirgi dahasini g‘animat bilish, bu damlardan unumli foydalanib qolish borasida go‘zal suhbat qilib berdilar.
Alloh taolo oxirgi o‘n kunlikni o‘ziga xos fazilat va lutfu ehsoni bilan sharafli qilganki, bunga boshqa kun va oylarda yetishishning iloji yo‘q. Payg‘ambarimiz alayhissalom ham boshqa oylarda qilmagan ba’zi amallarni shu oyda qilganlar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ushbu oxirgi o‘n kunlikda ibodatlarga yanada jiddu jahd bilan kirishish, vaqtni g‘animat bilish, Qadr kechasini izlash kabi amallarni sanab o‘tar ekan, ayniqsa, Qadr kechasida qilingan solih amal boshqa ming oyda qilingan amaldan yaxshiroq bo‘lishini oyati karima bilan keltirib o‘tdilar. Zero, Alloh taolo Qadr surasining 3-oyatida “Qadr kechasi ming oydan ham yaxshiroqdir” deb marhamat qilgan.
Ma’ruzada jamiyatdagi birlik, inoqlik, o‘zaro yordam va muhabbat asosida qarindoshlarga yaxshilik qilish yotishi ta’kidlandi. O‘zaro arazlashganlar bo‘lsa yarashishga chaqirildi.
Shuningdek, bu yilgi Ramazon oyi o‘zgacha shukuh va ko‘tarinki ruhda o‘tayotgani, buning asosiy sababi – Prezidentimizning bevosita tashabbuslari bilan keng ko‘lamli xayriya va ijtimoiy ko‘mak tadbirlarining amalga oshirilayotgani ekani e’tirof etildi.
Manfaatli suhbat so‘ngida Alloh taolo barchamizni ushbu g‘animat damlardan unumli foydalanib, O‘zining roziligiga erishadigan bandalaridan qilishini so‘rab duo qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati