Alloh taoloning kalomi Qur’oni karim mo‘min-musulmonlar uchun hidoyat va bashoratdir. Bashorat so‘zi odatda xushxabar, yaxshilikni yetkazish, ma’lum qilish ma’nosida ishlatiladi. Mo‘minlarga xushxabar yetkazishdek sharafli ishni Alloh taolo bashariyatdan tanlab olgan O‘zining payg‘ambarlariga tayin qilgan. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Biz payg‘ambarlarni faqat xushxabar beruvchi va ogohlantiruvchilar sifatidagina yuborurmiz» (Kahf, 56). Shuningdek, boshqa oyatda «Men faqat imon keltiradigan qavm uchun ogohlantiruvchi va xushxabar beruvchidirman»(A’rof, 188) deyiladi.
Biroq ba’zan bu so‘zni yomon, noxushxabarlarni, xususan, turli balo-ofatlar, munajjmimlarning baxtsizlik, omadsizlik to‘g‘risidagi xabarlarini yetkazishda ham istifoda etmoqdalar. Aslida esa yuqorida ta’kidlanganidek, bashorat faqatgina yaxshilik haqidagi xushxabardir. Qur’onda mo‘minlar uchun Robbilari tomonidan bir qancha bashorat, ya’ni xushxabarlar nozil bo‘lgan. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Mo‘minlarga (oxirat mukofotlari haqida) xushxabar bering (ey, Muhammad)!» (Baqara, 223).
Oyatda kelgan mo‘minlarga beriladigan xushxabar, mukofotlar nimalar ekanligini Alloh taolo quyidagi oyatda marhamat qiladi:
«Imon keltirib, solih amallarni qilganlarga xushxabar beringki, ular uchun (jannatda) ostilaridan anhorlar (suvi) oqib turuvchi bog‘lar bordir» (Baqara, 25).
Demak, oyatga ko‘ra, mo‘min bo‘lish uchun til bilan imon keltirib, qalb bilan iqror bo‘lib va imonining tasdig‘i sifatida solih amallar qilish lozim. Shunda ular uchun ulkan mukofot – jannat bordir. Abu Mu’in Nasafiy agar imon faqatgina til bilan aytishdan iborat bo‘lsa, unda munofiq bilan mo‘minning o‘rtasida hech qanday farq qolmaydi, deydi.
Boshqa bir surada Alloh taolo yuqoridagi oyatda kelgan «bog‘lar»ni jannat bog‘lari ekanini ta’kidlaydi: «Parvardigorlari ularga O‘z tarafidan rahmat, rizolik va ular uchun ne’matlari doimiy (bo‘lmish) jannat (bog‘)lari to‘g‘risida xushxabar berur» (Tavba, 21).
Alloh barchalarimizni bu dunyo va oxirat mukofotlaridan to‘liq bahramand etsin! «Albatta, imon keltirgan, yaxshi ishlarni qilgan, namozni barkamol o‘qib, zakotni berganlar uchun Parvardigorlarining huzurida (maxsus) mukofotlari bordir. Ularga xavf ham bo‘lmas va ular tashvish ham chekmaslar».
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi
Hijriy 256 yil muhaddislar sultoni Muhammad ibn Ismoil Buxoriy rahimahulloh vafot etdi.
Samarqand yaqinidagi Hartang nomli kichik qishloqqa minglab odamlar olimning dafn marosimiga shoshilishdi. Imom Buxoriyning muborak jasadi yerga qo‘yilgan lahzada, tuproqdan xushbo‘y hid tarqala boshladi. Odamlar ilgari hech hidlamagan, mushkdan ham yoqimli bir hid atrofga yoyildi...
G‘ayrioddiy bu mo‘jizaga minglab odamlar uch kun davomida o‘z ko‘zlari bilan guvoh bo‘lishdi. Ko‘pchilik insonlar hayratga tushib, ko‘z yoshlarini tiya olmay, qayta-qayta “Subhanalloh” deb aytardilar.
Bu voqea haqidagi xabar zudlik bilan butun dunyoga tarqaldi. Oradan necha asrlar o‘tsa ham bu voqea “yashab” kelmoqda. Bu hodisa ayni haqiqat, aslo to‘qima emas...
Bu voqeadan xabar topganlar tuproqdan hovuchlab olib keta boshladilar. Bir kun ichida shunchalik ko‘p tuproq olib ketildiki, ertasi kuni qabrni yana qayta to‘ldirishga ehtiyoj tug‘ildi. Bu voqea ertasi kuni va undan keyingi kun ham takrorlandi.
Uch kun ketma-ket yoqimli hid tarqaldi. Uzoq yurtlardan xushbo‘y hidni olib ketish uchun kelgan olomon ko‘paygani sababli qabrni qayta-qayta to‘ldirish kerak bo‘ldi.
Nihoyat, olimlar bu mo‘jiza odamlarni bid’atga olib borishidan xafsirab, Allohdan hidni tugatishini so‘rab duo qildilar. Va o‘sha kuni xushbo‘y hid chiqishi to‘xtadi.
Bu minglab odamlar guvoh bo‘lgan voqea edi...
Bu g‘ayrioddiy voqea Imom Buxoriy rahimahullohning vafotlaridan keyin bo‘lgan bo‘lsa, u zot tiriklik vaqtlarida ham bir qancha “mo‘jizaviy” holatlar ko‘p uchragan. Masalan, dengizdagi sinov va ming dinor oltindan taqvo qilganlari, har bir hadisni qog‘ozga tushirishdan oldin tahorat olib, (nafl) namoz o‘qishlari, ilm uchun 14 ming km. yo‘lni bosib o‘tganlari va yana juda ko‘p boshqa hodisalar ham “mo‘jiza” emasmi?
Alloh taolo muhaddisni mag‘firat aylab, jannatning yuqori darajalari bilan mukofotlasin.
Davron NURMUHAMMAD