Sayt test holatida ishlamoqda!
20 May, 2025   |   22 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:23
Quyosh
05:00
Peshin
12:25
Asr
17:27
Shom
19:43
Xufton
21:14
Bismillah
20 May, 2025, 22 Zulqa`da, 1446

Hajning tarixi

29.07.2016   14484   8 min.
Hajning tarixi

Alloh taoloning ululazm  payg‘ambarlaridan biri Ibrohim (a.s) jufti halollari Sora onamiz bilan uzoq hayot kechirdilar. Ularning hayoti Alloh va din yo‘lida kurash bilan o‘tdi. Farzand ko‘rmadilar. Qarib qolganlariga qaramay, kofir  qavmlar u zotni tinch qo‘ymaganlari sababli ona vatanlari Falastinni tark etib, ayollari bilan  birga Misrga ketishga majbur bo‘ldilar. O‘sha vaqtdagi Misr podshohi  u  zot haqida turli gaplar  borligini eshitib, huzuriga chorladi.

 Ibrohim (a.s)  Sora onamiz bilan podshoh huzuriga keldilar. Podshoh Ibrohim (a.s) bilan suhbatlashayotganda Sora onamizga nazari tushib, husniga mahliyo bo‘ldi va ko‘ngli buzildi. Zolim podshoh darhol bu go‘zal musofir ayol bilan yolg‘iz qolish choralarini ko‘rdi.

 Ular tanho qoldilar. Ammo, ne ajabki podshoh yomon niyat bilan Sora onamiz  tomon qadam tashlashi bilan  qo‘l-oyog‘i ishlamay qoldi. Yomon niyatidan qaytgan edi, sog‘ holiga qaytdi. Yana yomon niyat qilgan edi, yana qo‘l oyag‘i ishlamay qoldi. Bu holat bir necha bor takrorlandi.

 Shunda podshoh mehmonlar oddiy odamlar emasligini tushunib yetib, ularni rozi qilish payiga tushdi. Ibrohim (a.s) ni yana huzuriga chorlab, hadyalar taqdim etdi. O‘sha vaqtning urf odatiga ko‘ra Hojar ismli bir qizni ham u zotga tortiq qildi.

 Ibrohim (a.s) sovg‘alarni qabul qilib, yana o‘z yurtlariga qaytib ketdilar. Hojarga uylanib, Allohning irodasi ila, to‘qson yoshlarida undan bir o‘g‘il  farzand ko‘rdilar. Farzandga Ismoil deb ism qo‘ydilar. Tez orada inson oilasida bo‘lib turadigan gap-so‘zlar bu oilada ham bo‘ldi.

 Bir kuni Ibohim (a.s) Hojar onamizga go‘dakni olib safarga otlanishni buyurdilar. Uchovlon safarga chiqib, cho‘lu biyobonlarda uzoq yurdilar. Ohiri bir yerga kelib to‘xtadilar. Ibrohim (a.s) Hojar onamizga Ismoil ikkovlarini  shu joyga tashlab ketishga majbur ekanlarini tushuntirdilar.

 Hojar onamiz: “Ey Ibrohim, bu Allohning buyrug‘imi yoki o‘zingizning ishingizmi?-dedilar. Ibrohim (a.s)-“Allohning buyrug‘idir”-dedilar. Shunda Hojar onamiz “Unday bo‘lsa, siz xotirjam ketavering. Alloh bizni o‘zi muhofaza qilib oladi” dedilar. Ibrohim (a.s) ortlariga qaytdilar. Bir joyga  borib, qaqroq cho‘lda yolg‘iz qolayotgan xotinlari Hojar onamiz bilan o‘g‘illari Ismoilga yana bir bor nazar tashladilar. So‘ng ularni haqlariga Alloh taologa yolvorib duo qildilar.

 Ibrohim (a.s) qaytib ketganlaridan so‘ng yolg‘iz qolgan Hojar onamiz chanqay boshladilar. Atrofga nazar solmoqchi bo‘lib, o‘zlariga yaqin turgan tepalikga chiqdilar. Bu tepalik  hozir Safo tepaligi deb  nomlanadi. Qarshi tarafdan ul muhtaramning ko‘zlariga suv ko‘rindi, o‘sha tamonga yugurdilar. Tepalikga chiqdilar. Bu ikkinchi tepalik hozir Marva tepaligi deb nomlanadi. Suv bo‘lib ko‘ringan narsa sarob ekan. Hojar onamiz ortlariga qaradilar, endi narigi tomondan suv ko‘rindi. Yugurib borsalar, u ham sarob bo‘lib chiqdi.

 Shu tarzda Safo va Marva tepaliklari orasida  yetti marta yugurdilar. Oxiri holdan toyib, chaqaloqlari Ismoilni yotqizib qo‘ygan joyga qaradilar. U yig‘lab tovonlarini yerga urgan joydan suv chiqib, qumda oqib borardi.  Hojar onamiz yugurib kelib: “Zam –zam” (to‘xta-to‘xta) deya suvning yo‘lini to‘sdilar.

 Bu fazilatli suv ona-bolaga ham taom, hamda ichimlik o‘rnida o‘tib, ular tirikchiliklarini o‘tkaza boshladilar.

 O‘shandan buyon bu suvdan insonlar to‘yib-to‘yib ichmoqdalar, yurtlariga olib ketmoqdalar. Ammo bu suv zarracha kamaymay chiqib turibdi.

 O‘sha zamonlarda bir yurtdan ikkinchi yurtga safar qilib borayotgan karvonlar Hojar onamiz bilan Ismoil yashayotgan Zam-zam qudug‘i atrofida hayot borligini uzoq yaqindan sezib, shu tamon buriladigan va suv ichib dam oladigan bo‘ldilar. Ba’zilari esa xususan Jurhum qabilasiga bu joy yoqib qolib, doimiy yashash uchun qolib ketdilar. Shunday qilib asta sekin qishloq va shaharlar paydo bo‘ldi.

 Orada Ibrohim (a.s)  xotinlari  va o‘g‘illaridan xabar olgani kelib turdilar. Bir kelganlarida: “Ismoil o‘g‘lim, Alloh taolo men bilan senga o‘zi uchun uy  qurishga farmon qildi”, dedilar. Ota bola farishta Jabroil (a.s) ko‘rsatib bergan poydevor asosida toshdan Ka’bani qurishga kirishdilar.

 Baytullohning qurilishi bitgach, Alloh taolo Ibrohim (a.s) ga odamlarni hajga chaqirishini buyurdi. U zot chaqirdilar, chaqiriqga “labbay” deb javob berganlar hajga keldilar.

 O‘shandan beri haj ibodati davom etib kelmoqda. Faqat Ibrohim (a.s) dan keyin, vaqt o‘tishi bilan bu ibodatga juda ko‘p bid’at va xurofotlar aralashib ketdi. Payg‘ambar (a.s) davrlariga kelib, Ka’batullohning o‘zida uch yuz oltmishta but sanamlar bo‘lgan. Odamlar kiyimlarimizni kiyib gunoh ishlar qilganmiz deb kiyimlarini yechib Ka’bani tavof qilar edilar.

 Islom dini Alloh iroda qilmagan bu kabi amallarni chiqarib tashlab, haqiqiy ibodatni yo‘lga qo‘ydi.

 Haj ibodatida ulkan hikmatlar bo‘lib, bu hikmatlarning barchasini insonning ojiz aqli to‘la anglab olishi qiyin. Shunday bo‘lsada ulamolar ijtihod qilganlar.

 Hajda islomiy birlik yorqin namoyon bo‘ladi. Haj chog‘i musulmonlarning  his-tuyg‘ulari, ibodatlari va xatto suvratlari bir xil bo‘ladi. Bu yerda  irqchilik, mahalliylik, tabaqachilik kabi salbiy holatlarga o‘rin qolmaydi. Hamma bir Allohga iymon keltirib, bir Baytullohni tavof qiladi.

 Tinchlik islomning shiori ekani hajda yana bir bor namoyon bo‘ladi. Hamma tinch, yurt tinch, ibodat tinch, xalq tinch.  Haj ulkan islomiy anjuman bo‘lib, har bir musulmon dunyoning turli burchaklaridan kelgan din qardoshlari bilan uchrashadi. Turli masalalarni muhokama qiladi. Islom va iymon rishtalari mustahkamlanadi.

 Alloh taoloning rizoligiga erishish uchun hamma narsadan, hatto dunyoviy kiyimlardan-da xoli bo‘lib, yolg‘iz uning xizmatiga bel bog‘lash zarur. Boshqa dinlarda  Allohning roziligini topish uchun tarkidunyochilikga beriladilar.

 Islom dinida haj, tarkidunyochilikning o‘rniga joriy qilingan. Alloh taolo o‘z uyini ulug‘lab sharafladi va bandalari uchun unga yetishishni oliy maqsad qilib qo‘ydi. Ana o‘sha uyni ziyorat qilgan musulmon qalbi soflanib yaxshilik qilishga intiladigan va yomonlikdan nafratlanadigan bo‘lib qaytadi. Hajda musulmon banda omonlik yurti bo‘lmish Makkai mukarramaga safar qiladi. Makka ulug‘ muqaddas shahar. Alloh taolo uning nomi bilan Qur’oni karimda qasam ichgan. O‘zining uyi bo‘lmish Ka’baning shu shuharda qaror topishini iroda qilgan.

 Oxirzamon payg‘ambari Muhammad (a.s) ning ham shu shaharda dunyoga kelishlarini hohlagan. Ohirgi kitobi Qur’oni karim oyatlarini tushirishni ham shu shaharda boshlagan. Bu shaharni Alloh taolo Qur’oni karimda “Ummul quro”- “Shaharlarning onasi” deb atagan. Har bir musulmon uchun aziz va mukarram bo‘lgan bu muqaddas shaharga safar qilish, har kuni namozlarida necha bor yuzlarini to‘g‘irlayotgan qiblani tavof etish cheksiz baxtdir.

 Haj ulug‘ ruhiy ozuqa beradigan ibodat bo‘lib, unda musulmon bandaning vujudi Alloh taologa taqvo bilan, unga toat qilishga azmu qaror bilan, gunohlariga nadomat hissi bilan to‘ladi. Bu safarda Allohga va uning rasuliga va mo‘min-musulmonlarga bo‘lgan muhabbati ziyoda bo‘ladi. Dunyoning hamma taraflaridan din qardoshlariga nisbatan do‘stlik tuyg‘ulari uyg‘onib, mustahkamlanadi.

 Haj mashaqqatlarni yengishni o‘rgatadigan mashq maydoni hamdir. Vatandan, ahli ayoldan, rohat farog‘atdan voz kechib, turli qiyinchiliklarga o‘zini urgan odam, albatta boshqa har qanday mashaqqatlarni osonlik bilin yengishga malaka hosil qiladi.

 

Yusupov Avazbek

Haj va umra
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Umayma binti Xalaf - sabr va iymon timsoli

16.05.2025   5101   3 min.
Umayma binti Xalaf - sabr va iymon timsoli

Islom da’vati Makkada boshlangan davrlarda, Umayma binti Xalaf ibn As’ad ibn O’mir ibn Bayoza’ al-Xuzoiyya — iymon nurini qalbida tuygan ilk ayollardan biri edi. Uning qalbi iymonga ochiq, haqiqatni e’tirof qilishga tayyor edi. Turmush o‘rtog‘i – Xolid ibn Said ibn Os bir kecha ajib tush ko‘radi: o‘zini ulkan va dahshatli olov chetida turganini, otasi uni o‘sha olovga tashlayotganini ko‘radi, lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa uni ushlab, olovdan qutqarayotgan ekan.

Uyg‘onib, bu tushni Abu Bakr roziyallohu anhuga aytdi. U kishi unga: “Bu yaxshilikning alomati. Sen Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ergash, u seni jahannamdan qutqaradi”, dedilar. Xolid shunda Islomni qabul qildi va bu haqda rafiqasi Umaymaga aytdi. U ham, hech ikkillanmasdan, Islomni qabul qildi. Shu tariqa ular birinchi musulmon juftliklardan biriga aylandi.

Xolidning otasi uning musulmon bo‘lganini eshitgach, jahl qilib, uni chaqirtirdi. Uni haqoratladi, kaltakladi va uydan haydadi. “Men seni taom bilan ta’minlamayman!” dedi. Xolid esa qat’iyat bilan: “Agar siz bermasangiz, Robbim menga rizq beradi” – deb javob berdi. Shu zahoti uydan haydaldi va borib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonida bo‘ldi.

Umayma turmush o‘rtog‘iga sodiqlik bilan yordamchi bo‘ldi. U zulm, qiyinchilik va kambag‘allikka sabr qildi. Sabr va imon uning qalbida mustahkam ildiz otgan edi.

Nihoyat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarga Habashistonga hijrat qilishni buyurganlarida, Xolid va Umayma ilk hijrat qilganlardan bo‘lishdi. Ular Habashistonda farzandli ham bo‘lishdi: o‘g‘illari – Said ibn Xolid va qizlari – Umma binti Xolid. Qizi keyinchalik “Ummu Xolid” nomi bilan mashhur bo‘ldi.

Ular Habashistonda o‘n yildan ziyod vaqt musofirlikda yashashdi. Keyinchalik Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Amr ibn Umayyani yuborib, ularni ikki kema bilan qaytardilar. Ular Madinaga qaytib kelganida, Payg‘ambarimiz alayhissalom Xaybarni fath qilgan edilar. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va musulmonlar bilan uchrashib, ajib shodlik va taskinga erishdilar.

Xolid ibn Said Umar ibn Xattob xalifaligi davrida hayot kechirdi va u “Marj as-Safar” jangida, hijriy 14 sanada shahid bo‘ldi. Bu xabarni eshitgan Umayma onamiz bu musibatiga sabr qildi, yuragi og‘riqda bo‘lsa ham, imoni bilan tasalli topdi. Chunki, Xolidni o‘ldirgan odam keyin Islomni qabul qilib: “Bu kim edi?. Undan osmonga chiqayotgan nurni ko‘rdim!” - degan edi.

Umayma binti Xalaf – sabrli, muhojir, mo‘min ayolning yuksak namunasidir. U umr yo‘ldoshini islom dinida qo‘llab-quvvatladi, hayotining quvonch va tashvishli lahzalarini birga o‘tkazdi va islom tarixida buyuk iz qoldirdi.

 

Ilyosxon AHMЕDOV
tayyorladi.

Mazkur maqola Abu Malik Muhammad bin Homid bin Abdulvahhobning
“Soliha ayollar haqida 150 qissa” nomli asaridan tarjima qilindi.

Maqolalar