Arofatga chiqishdan oldin g‘usl qilish sunnatdir. Arofatda turish hajning asosiy rukni bo‘lib, bu ruknsiz haj bo‘lmaydi. Arafa kuni zavoldan boshlab, Arofatda turish vaqti kiradi. Makoni, Arofat deb nomlangan mashhur joy. Arofat chegarasidan boshqa joyda tursa, haji haj bo‘lmaydi. Arofatda Arafa kuni zavoldan hayit kuni tongigacha qay holda tursa ham, bir soat tursa soqit bo‘ladi. Bu yerda ham talbiya aytib turadi. Arofatda ham duoga zo‘r berish kerak, ayniqsa Jabali rahmat ustilariga chiqib duo qilish tavsiya qilingan. Arofatda peshin va asr namozlari bir azon va ikki iqomat bilan qo‘shib, qasr qilib o‘qiladi, peshin vaqtida. Haj amiri xutba o‘qiydi. Arofatda quyosh botguncha turish vojib hisoblanadi.
Tili va dili bilan iymon keltirib, uning taqozosiga ko‘ra go‘zal hayot kechirgan inson komil mo‘min deyiladi. Bunday kishilar do‘zax yuzini ko‘rmay, Allohning fazli-marhamati ila to‘g‘ri jannatga kiradilar. Tili va dili bilan iymon keltirib, katta gunohlar qilib, tavba qilmay vafot etgan inson fosiq mo‘min hisoblanadi...
Tili bilan iymon keltirib, qalbida iymoni bo‘lmagan kimsa munofiq hisoblanadi. Bunday kishiga dunyoda mo‘minlarga o‘xshab muomala qilingani bilan oxiratda ular uchun hech qanday nasiba bo‘lmaydi, Alloh asrasin.
Shayx Nuriddin XOLIQNAZARning “Rabboniy nidolar” kitobidan