Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Iyul, 2026   |   7 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:29
Quyosh
05:03
Peshin
12:34
Asr
17:38
Shom
19:55
Xufton
21:26
Bismillah
21 Iyul, 2026, 7 Safar, 1448

Imom Muhammad Shamsiddin Jazariy

28.07.2016   20431   15 min.
Imom Muhammad  Shamsiddin Jazariy

Qori va muhaddislar ustozi, mujavvid va qiroat ilmi ula­molarining imomi, o‘zi zamonasidan tortib to bizning dav­rimizgacha qiroat va tajvid ilmining shayxi va olimlar gul­to­ji bo‘lib kelayotgan,“Al-Jazariy” taxallusi bilan tanil­­gan bu zotning to‘liq ismi shariflari Alloma Hofiz Mu­hammad ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Ali  ibn Yusuf ibn al-Jaza­riy, Shamsiddin ad-Damashqiy ash-Shofi’iy bo‘lib, kunya­­lari “Abul Xayr”dir. Tavalludlari hijriy 751 yili Ra­mazon oyi­ning yi­­gir­ma beshinchi kuni, milodiy 1350 yilning o‘ttizin­chi noyabr, juma kuniga to‘g‘ri keladi.

 U zotning tavalludlari ham ajoyib voqea bo‘lgan. Hi­koya qilinishicha, qirq yil farzand ko‘rmagan keksa otalari omo­nat­dor tojir­lar­dan bo‘lib, 750 hijriy yili muborak haj safariga boradilar. Bu ibodat amallari­ni bajarib bo‘lgach, tavof qilganlaridan so‘ng Alloh taolo­dan o‘zlariga solih, olim farzand ato etishini so‘rab, Zamzam suvidan ichib duo qiladilar va diyor­la­riga qaytadilar. Bir yil o‘tgach, Rama­zon oyining yigirma beshinchi kechasida taroveh namozidan so‘ng biz “Imom Jazariy” deb ulug‘la­yot­­gan inson dunyoga keladi.

 Muhammad ibn al-Jazariy tug‘ilgan shaharlarida o‘sib ulg‘aydilar va 13 yoshida Qur’oni karimni to‘laligicha yod olib, 14 yoshida odamlarga imomlik qila boshlay­di­lar. 15 yashar o‘smirlik davrlarida Shayx Abdulvah­hob ibn Sallor, Ahmad ibn Ibrohim ibn Tahhon va Ahmad ibn Rajab huzur­larida qiroatlarni ifrod (alohida-alohida) tajvid asosida o‘qib bergan­lar. O‘n yetti yoshga yetganlarida esa, Shayx Abul Maoliy ibn Al-Labbon nazoratlari ostida qiroatlarni kitob qilib jamlaydilar. Yoshliklaridanoq zamo­na­sining ko‘p­lab yetuk qiroat sohib­lari va ilm ahllaridan qiroat ilm­la­ri bilan birga tafsir, hadis, fiqh, usulul fiqh, aqoid, balog‘at, sarf va nahv kabi ilmlarni saboq olib, o‘zlashtira­di­lar. Bir necha marta haj ibodati­ni ado etadilar. Misrga qayta-qayta safar qilar ekanlar, u yerdagi qiroat imomlari­dan saboq olar va o‘z qiroatini ham ular imtihonidan o‘tka­zar edilar.

 Dimyotiy va Abarquhiy as'hob­lari­, shuningdek, Faxr ibn Buxoriyning bir jamoasi va boshqa­lar­dan  hadis il­mi­­ni ta’lim oladilar. Fiqh il­mi­­­ni esa, Shayx Abdura­him al-Isnaviy va uning safdoshlari­dan o‘rgana­di­lar. “Usul, ma’oniy va bayon” ilm­la­rini Misrda Shayx Ziyoud­din Sa’dulloh al-Qazviyniy va boshqa­lar­dan o‘zlash­ti­ra­dilar. U zotga vafo­ti­­dan oldin, hijriy 774 yili Shayxul Islom muhaddis, muarrix Abu Fido Ismoil Ibn Kasir, 779 yili Shayx Ziyouddin, shu­ning­­dek, 785 yili Shayxul Islom al-Bulqiyniylar fatvo chiqarish­ga izn berishgan.

 Umaviylar barpo etgan jomeda qiroat ilmini mukam­mal o‘zlashtirib, o‘sha joydagi mashhur qorilar­ga rais bo‘la­di­lar va ko‘pchilikka qiroat ilmini o‘rgatadilar. Damashq­da Qur’oni karimga bag‘ish­lab “Dor al-Qur’on al-karim” nomli madrasa bino qil­adi­lar. Hijriy 793 yil­dan boshlab Shom(Suriya)da bir necha yil qozilik qil­gan­la­ri­dan so‘ng, 798 yili Rum (hozirgi Turkiya)ga safar qilib, Bursa shahri­da Boyazid ibn Usmon[1] bilan uchrashadilar.

 Alloma ilm olish va tarqatish yo‘lida ko‘p yurtlarga safar qilgan. Jumladan, haj ibodatini ado etgach, Hijozga borganida ba’zi kishilar Imom Jazariyga: “Bursa shahrida Qur’oni karimni o‘rganmoqchi bo‘lgan tolibi ilmlar bor, ular sizdan tahsil olishni orzu qilishadi. Lekin yoningiz­ga kelib, ilm o‘rganish uchun yetarli mablag‘lari yo‘q”, deyi­sha­di. Shunda ul zot: “Unday bo‘lsa, ularning oldiga men boraman”, deydi-da, Jiddadan kemaga chiqib, Qohiraga yo‘l oladi. Qohiradan Iskandariyaga, undan O‘rta Yer dengizi orqali Antokiyaga yetib keladi va shu yerlik bir kishining uyida mehmon bo‘ladi. Imom Jazariydan Qur’on ilmlari­ni o‘rganishni orzu qilgan bursalik tolibi ilm olimni Hijozda ekani xabarini olgach, shu tomon otlanib, Bursadan Antokiyaga keladi. Talaba xufton namoziga azon aytilgach, masjidga kiradi. Namoz tugab, odamlar tarqay boshlaydi. Shunda antokiyalik bir kishi uning musofir ekanini sezib, turar joyi bor-yo‘qligini so‘raydi. Talabadan boradigan yeri yo‘qligini eshitgach, o‘z uyiga olib borib mehmon qila­di. Kechki ovqat paytidagi suhbat asnosida: “Bugun yurti­miz­­ga Islomning buyuk ulamolaridan Muhammad ibn Jaza­riy keldi”, deydi mezbon. Bu gapni eshitgan ilm tolibi o‘rnidan sakrab turadi: “Allohga qasamki, u zotni ko‘rmagu­nim­cha uxlamayman!” Mezbon: “Bu kecha dam ol, ertaga ko‘ra­san”, desa ham, baribir ko‘nmay turib oladi. Shunda ikkov­lari Imom Jazariy mehmon bo‘lib tushgan uyni so‘­rab-surishtirib yo‘lga chiqishadi. Tolibi ilm olim bilan ko‘rishgach, yig‘lab yuboradi, sevinchidan terisiga sig‘maydi. Olim bo‘lgan voqeani eshitgach, mehri tovlanadi. Talaba Qur’oni karimni to‘laligicha yod olgach, Antokiyada qoladi. Undan so‘ng Bursaga borib, tolibi ilmlarga saboq beradi.

 Boyazid ko‘rsatgan hurmat va ehtiromga javoban imom u yer­da bir necha yil is­ti­qo­mat qilib, yurt aholisiga qiroat va hadis ilmini ta’­lim beradi­lar. Ko‘pchilik bundan unumli foy­da­la­na­di. Shuningdek, u zotdan ko‘p kishi o‘n xil qiroat­ni mukammal o‘rganadi. O‘sha diyorda ikki jildli “An-Nashr fiy al-qiro­ot al-ashr” nomli asarini ta’lif etadilar. Hijriy 805 yili bobokaloni­miz Amir Temur u zotni Rum­dan Mova­ro­un­­nahr­ diyoriga olib keladi. Kesh (hozirgi Shah­ri­sabz) shahri­da Sohibqiron saltanati osti­da hayot kechira­di­lar. Kesh va Samarqand aholisining bir ja­mo­a­si u zot­dan tahsil oladi. Amir Temur bu buyuk imomga doimo hurmat-ehtirom ko‘rsa­tib, ulug‘­lar edilar.

 Keshda Abdulqodir ibn Tilla ar-Rumiy, Hofiz Boyazid Ke­shiy va Hofiz Mahmud ibn Muqriylar u kishidan o‘n xil qiroat ilmini o‘rganib, qiroatlar shayx­lari unvonini olishadi.

 Hikoya qili­ni­shicha, Imom Muhammad Jazariy­ Rumdan Samar­qand­ga kelganlarida Sohibqiron katta bazm uyush­tira­di­lar. Unga taklif etilgan amir va zodagon­lar­ga chap taraf­dan, olimlarga esa, o‘ng tarafdan joy ajratishni buyu­radi. Imom Jazariyga esa ulamo­lar­ga ajratil­gan joyning old qismidan, Alloma Say­yid Sha­rif Jurjo­niydan[2] yuqo­ri­roq­dan o‘rin hozir­lashga amr qiladi­. Sababi so‘ralganida, So­hib­­qi­­ron: “Kitob va sunnat bilimdoni bo‘lgan zotni hurmat qilmay bo‘ladimi?!” deya javob bergan ekanlar[3].

 Alloma Muhammad Jazariy Amir Temur vafotla­ri­dan so‘ng, hijriy 807 yili Movarounnahrni tark etib, Xuroson­ning Hirot shahriga safar qiladilar. U yerda ham ko‘pchilik­ka o‘n xil qiroatdan dars beradilar. So‘ng Yazdinga qaytib kelgan­larida, u yerlik aholining ham bir guruhi u zot qo‘li­da o‘nta qiroatni mukammal o‘rganadi. Hofiz al-muqriy al-fozil Sham­sid­din ibn Muhammad ad-Dabbog‘ al-Bag‘dodiy shular jum­la­sidandir. Keyin Asbahonga safar qiladilar. U yerda ham aholining ko‘pchiligi u zotdan saboq oladi. Hij­riy 808 yili Ramazon oyida Sheroz[4] shahriga yetib keladi­lar. Yurt sultoni Bir Muhammad u zotni o‘z diyorida olib qolish maq­sa­di­da unga qozilik vazifasini topshira­di. Shun­day qi­lib, u yerda ham bir oz muddat qoladilar. Bundan ko‘pchilik yaxshi foydalanib, u zotdan qiroat ilmi­ni o‘rga­nadi. Haj ibodatini ado etish niyatida Basra orqali yo‘lga chiqadilar. Ikki dovon oshib, Unayza shahriga yetgach, Bani Lom a’ro­biy­lari u zotni tutib, bor narsala­ri­ni tortib olishadi. Unayzaga qaytib, u yerda uchta qiroatga bag‘ishlab “Ad-Durra” nomli nazmiy asarini yozadi. So‘ng Alloh taolo unga haj ibodati amalini ado qilishni nasib etadi. Hara­mayn ash-sharifaynda bir muddat istiqomat qiladilar. Shu muddat ichida ham ko‘pchilik u zotdan ta’lim oladi.Qohira va Yamanga bir necha marta safar qiladilar. Safar davomida o‘zlari ilm olishlari bilan birga juda ko‘p insonlarga qi­ro­at, hadis va boshqa ilmlardan ta’lim beradilar.

 Imom Jazariyning ustozlari ko‘p bo‘lib, eng mashhurla­ri ­­quyi­da­gilardir:

  • Shayx Ahmad ibn Ibrohim Tahhon[5].
  • Qozi Ahmad ibn Husayn al-Hanafiy[6]
  • Alloma Abu Abdulloh Muhammad ibn as-Soig‘[7].
  • Alloma Abu Muhammad Abdulvahhob ibn Sallor[8].
  • Shayx Abu Abdulloh Muhammad ibn Solih[9].
  • Hofiz Abul Fido’ ibn Kasir[10].
  • Shayxulislom Sirojiddin al-Bulqiyniy[11] va bosh­qa­lar.

 Muhammad Jazariy zamonasining ko‘zga ko‘rin­gan olim­la­ridan ta’lim olish bilan birga o‘zlari ham ko‘plab sho­gird yetishtirganlar. Ularning eng mashhurlari quyidagi­lar:

  • O‘g‘illari Alloma Abu Bakr Ahmad ibn Muhammad.
  • Shayx Mahmud ibn Husayn ibn Sulaymon ash-Sheroziy.
  • Shayx Abu Bakr ibn Musbih al-Himaviy.
  • Shayx Abdulloh ibn Qutb al-Bayhaqiy.
  • Shayx Ahmad ibn Mahmud ibn Ahmad al-Hijoziy.
  • Shayx al-Xatib Mo‘min ibn Ali  ar-Rumiy.
  • Shayx Yusuf ibn Ahmad al-Habashiy.
  • Shayx Ali  ibn Ibrohim ibn Ahmad as-Solihiy va boshqalar.

 Imom Jazariy ilmiy faoliyatlari davo­mi­da tafsir, ha­dis, fiqh, tarix va arab tili grammatikasi kabi turli fan­larga do­ir yetmishdan ortiq ilmiy asartasnif etgan­lar.Ular­ning ko‘p­lari qiroat va tajvid ilmiga bag‘ish­lan­gan. Bugungi kunda u zotning asarlari ichida nashr qilinganlari, qo‘lyozma nusxalari va bizgacha yetib kelmaganlari bo‘lib, eng mashhur­lariushbulardir:

 Qur’on va qiroat ilmiga doir asarlari:

  • “Usul al-qiroot”.
  • “Tahbir at-taysiyr”.
  • “Al-aqd as-samiyn”.
  • “Fazoil al-Qur’on”.
  • “An-nashr fiy al-qiroat al-ashr”.
  • “Taqrib an-nashr fiy qiroat al-ashr”.
  • “At-tamhid fiy ilm at-tajvid”.
  • “Munjid al-muqri’iyn va murshid at-tolibiyn”.
  • “Tahbir at-taysir fiy al-qiroat al-ashr”.
  • “Al-i’lom fiy ahkom al-idg‘om”.
  • “Al-qiroot ash-shozza”.
  • “Al-aqd as-samiyn fiy alfoz al-Qur’on al-mubiyn”.
  • “Tuhfat al-ixvon fiy al-xulf bayn ash-shotibiyya va al-unvan”.
  • “At-tavjih fiy usul al-qiroat”.
  • “Al-ihtida’ ila ma’rifat va al-ibtido”.
  • “Hidayat al-barara fiy tatimma al-ashara”.
  • “Ad-durra al-muziyya fiy al-qiroot as-salosa al-marziyya”.
  • “Nihoya ad-diroyot fiy asmo’i rijol al-qiroot”.
  • “G‘oya al-maharo fiy az-ziyoda ala al-ashara”.
  • “G‘oya an-nihoya fiy tabaqot al-qurro”.
  • “Manzuma al-muqaddima fiymo yajibu ala qori’il Qur’a­ni an ya’lamah”(yoki “Al-Muqaddima al-Jazariyya”).

 Hadis ilmiga doir asarlari:

  • “Al-bidoya fiy ulum ar-rivoya”.
  • “Al-hidoya ila ulum ar-rivoya”.
  • “Muqaddima fiy al-hadis”.
  • “At-tavzih fiy sharh al-masobiyh”[12].
  • “Al-hisn al-hasiyn min kalomi Sayyid al-mursaliyn”.
  • “Al-qosd al-Ahmad fiy rijoli musnadi Ahmad”.
  • “Al-Favoid al-mujtama’ fiy zavoid al-kutub al-ar­ba’a”.
  • “Tazkira al-ulamo fiy usul al-hadis”.

 Fiqh ilmlariga doir asarlari:

  • “At-takriym fiy al-umrat minat-ta’niym”.
  • “Sharh minhoj al-usul”.
  • “G‘oyat al-muno fiy ziyarot al-mino”.

 Nahvga(arab tili grammatikasi) doir asarlari:

  • “Al-javhara fiy an-nahv”.
  • “Al-isoba fiy lavozim kitob”.
  • “Al-i’tiroz al-mubdiy”.

 Tarixga doir asarlari:

  • “Muxtasaru tarix al-Islom”.
  • “Zot ash-shifo fiy siyrat al-mustafo”(manzuma).
  • “Zot ash-shifo fiy sayrat an-nabiy summa al-xulafo”.
  • “Zaylu tabaqot al-qurro”.
  • “Al-mavlid al-kabiyr fiy as-siyrat.”
  • “Tarix al-Jazariy”.
  • “At-ta’rif bil-mavlid ash-sharif”.
  • “Tabaqot al-qurro”.

 Turli mavzularga doir asarlari:

  • “Minhoj al-vusul ila ilm al-usul”.
  • “Fazlu Hiro”.
  • “Al-ijlo’ va at-ta’ziym fiy maqomi Ibrohim”.
  • “Muxtor an-nasiha biadillat as-sahiha”.
  • “Ar-risola al-bayoniyya fiy haqqi abavay an-Nabiy”.
  • “Vaziyfatu masnuna” va boshqalar.

 Qiroat ilmining beqiyos olimi Muhammad Ja­za­riy ser­maz­mun umrlarining oxirini Sheroz­da o‘tkazdilar. U zot hijriy 833yili rabiul avval oyining beshinchi, juma ku­ni­ning tongida 82 yoshda vafot etdilar va o‘zlari qurdir­gan “Dorul Qur’on” madrasasiga dafn qilin­di­lar. U zot­ning janozalariga katta-yukichik, xosuavomdan iborat ju­da katta jamoat yig‘ildi. Alloh taolo u zotdan rozi bo‘lib, rahmatiga olsin va yotgan joylari­ni munavvar qilsin!

 “Jazariy matni” kitobidan

 

 

[1] Ko‘pgina tarix kitoblarida “Yeldirim Boyazid” nomi bilan mashhur.

[2] U zotning to‘liq nomi Ali ibn Muhammad ibn Ali bo‘lib, “Sayyid Sharif” nomi bilan tanilgan. Hijriy 740, milodiy 1340 yili Astrobod yaqinida tavallud topgan. Ilm talabida o‘smirlik davri asosan Sherozda o‘tgan. Diniy fanlarda chuqur ilmga ega bo‘lgan. Shuningdek, tabiiy fanlarni ham o‘zlashtirgan. Hijriy 789 yili Samarqandga kelib, Amir Temur e’tiborini qozongan. Jami bo‘lib ellikka yaqin kitob tasnif qilgan va hijriy 816, milodiy 1413 yili Sherozda vafot etgan. 

[3] “Shaqoiqun-nu’moniyya”, 4-juz, 398-bet.

[4] Qadimgi Fors yurti poy­tax­ti bo‘lgan, Eronning janubi-sharqida joylashgan.

[5] Hijriy 702-782 yillari yashab o‘tgan. Imom Jazariy undan Ibn Omir va Kiso­iy­larning qiroatlarini ta’lim olgan.

[6] Damashqlik buyuk imom, qozi, hijriy 691 yili tug‘ilib, hijriy 779 yili Da­mashq­da vafot etgan.

[7] Laqablari “Shamsiddin”. Hijriy 704 yili Qohirada tug‘ilgan. Qiroat ilmidan tashqari ko‘p ilmlarda mohir bo‘lgan. Hijriy 777 yili vafot etgan.

[8]  Hijriy 698 yili tug‘ilgan. Imom, muqri’, muhaqqiq va orif zotlardan, yetti qiroat sohiblaridan bo‘lgan. Hijriy 782 yili sha’bon oyida vafot etgan va “Su­fiy­ya” maqbarasida dafn qilingan. Vafotidan so‘ng shogirdlariga ta’lim berishda ImomJazariy u zot o‘rniga o‘tirgan.

[9] Madinai munavvara shayxi, masjid an-Nabaviyda ko‘p yillar imom-xatib bo‘lgan. Imom Jazariy 768 yili haj ibodatini ado etish uchun Makka va Ma­di­naga safar qilganida u zot bilan uchrashgan.

[10] Laqablari “Imodud-din”. Hijriy 701 yili Misrda tug‘ilib, 774 yili Damashqda vafot etgan. U zot mufassir va muhaddislar imomi, buyuk muarrix va muhaqqiq olim bo‘­lib, ko‘p kitoblar muallifidir. 

[11] Hijriy 724 yili Misrning Bulqiyniya shahrida tug‘ilgan. Qohirada zamona­si­­ning buyuk ulamolari qo‘lida ta’lim olgan. Asrning tengsiz olimi bo‘lmish bu zot hijriy 805 yilning zulqa’da oyida vafot etgan.

[12] Imom Bag‘aviyning “Al-Masobiyh” kitobiga uch jildlik sharh.

 

 

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Hadislar ham vahiyga asoslangandir

20.07.2026   5850   7 min.
Hadislar ham vahiyga asoslangandir

(vahiyning ta’rifi va turlari)

Hadis Alloh taolo O‘z payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga yuborgan vahiy hamda dinda ergashilishi vojib bo‘lgan hujjat hisoblanadi. Bu xususda Nabiy alayhissalom: “Menga Qur’on bilan birga uning mislicha (ilm va hikmat) berildi”, deb aytganlar. Shu bois sunnatga sahobalar davridan buyon butun ummat ijmo qilgan (kelishib qabul etgan) bo‘lib, biror olim unga na qarshi chiqqan va na shubha qilgan.


Biroq keyingi asrlarda bu masala bo‘yicha shubha-gumonlar uyg‘otuvchi turli guruhlar va shaxslar paydo bo‘ldi. Ular sunnatni vahiy sanamay, uning islomiy qonunchilik manbai emasligini da’vo qiladi. Bunday toifa vakillarining fikricha, go‘yo Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Qur’ondan boshqa hech narsa nozil qilmagan.


Shunday buzuq qarash egalari bugun ham yo‘q emas. Demak, odamlar ongini ularning fitnakor fikrlaridan himoya qilish, botil da’volarning tagi puch ekani ko‘rsatib berish bugun ham dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Xususan, bu masalaga bag‘ishlangan avvalgi maqolada hadislar ham Kur’oni karim singari Allohning muhofazasida ekani naqliy va aqliy dalillar orqali bayon qilingan edi (https://muslim.uz/oz/e/post/47287-hadislar-ham-alloh-muhofazasidadir). Bundan kelib chiqadiki, hadis vahiyga asoslanmaganda edi, uni oxirzamonga qadar ilohiy himoyaga olishga zarurat bo‘lmasdi.


Ushbu maqolada vahiyning ta’rifi va turlariga to‘xtalishga qaror qildik. Bu safar payg‘ambarlik Kitob nozil bo‘lishi bilan emas, balki Alloh tanlagan bandasiga vahiy kelishi bilan amalga oshishini bayon qilamiz. Shu asosda vahiyning qiroat qilinadigan (Qur’on) va qiroat qilinmaydigan (hadis) turlarini sharhlab o‘tamiz.


“Vahiy” so‘zi “maxfiy va tezkor xabar berish”, “ishora qilish” yoki “ilhom berish” ma’nolarini anglatadi. Payg‘ambarlar va valiy zotlar haqidagi oyatlarda ishlatilgan “vahiy” so‘zining aksari shu ikki ma’noga tayanadi.


Rog‘ib Isfahoniy o‘zining “Mufradot” asarida bunday deydi: “Vahiyning asli (ma’nosi) “tezkor ishora” demakdir. Bu ramz yo ishora ko‘rinishidagi so‘z, biror tovush, tana a’zolari harakati va yoki yozuv orqali sodir bo‘lishi mumkin. Alloh taoloning nabiylari va valiylariga yo‘llagan kalomi ham vahiy deyiladi”. Sho‘ro surasining 51-oyatiga ko‘ra, ushbu jarayon bir necha turga bo‘linadi: “Inson bilan Alloh (bevosita) so‘zlashishi joiz emas. Faqat vahiy orqali yo parda ortidan yoki elchi (farishta) yuborib, izni bilan xohlagan narsani vahiy qilishi mumkin. Albatta, U (sha’ni) oliy va hikmat sohibidir”.


Demak, vahiy rasul yo nabiyga quyidagi ko‘rinishlarda nozil bo‘ladi.


Ko‘rinadigan elchi orqali. Bunga Jabroil alayhissalom muayyan suratda kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga so‘zlarini eshittirishi misol bo‘ladi.


Bevosita so‘zlashish. Muso alayhissalom kabi so‘zlovchini ko‘rmay turgan holda, aytganlarini tinglash.


Qalbga solish. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ruhul quds (Jabroil alayhissalom) qalbimga soldi”, deganlaridek.


Ilhom. Muso alayhissalomning onasiga emizish buyurilgani kabi.


Tush orqali. Nabiy alayhissalom: “Vahiy uzildi, faqat bashorat qoldi. U – mo‘minning tushi”, deb marhamat qilganlar


Rog‘ib Isfahoniyning so‘zlariga ko‘ra, “vahiy” ilhom va tushni, “parda ortidan” iborasi so‘zlovchi ko‘rmasdan eshitishni, “elchi yuborib” esa Jabroil alayhissalomning muayyan bir suratda kelishini anglatadi. “Allohning nabiylarga yo‘llagan kalomi vahiydir” degan gapdan ma’lum bo‘ladiki, “vahiy” so‘zi ham xabar berish jarayoniga, ham yuborilgan xabarning o‘ziga nisbatan ishlatiladi. Shundan kelib chiqib, ayrim olimlar vahiyni bunday ta’riflagan: “U – xoh bevosita, xoh bilvosita bo‘lsin – aynan Alloh taoloning huzuridan ekanligi qat’iy sobit bo‘lgan ma’rifatdir”.


Ulamolar vahiyning qirqdan ortiq ko‘rinishini sanab o‘tishgan bo‘lsa-da, ularning barchasi Alloh taolo Qur’oni karimda belgilagan quyidagi to‘rt asosiy shaklga borib taqaladi:


1. Jabroil alayhissalomning o‘z asliy qiyofasida ko‘rinishi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday holatga ikki marta duch kelganlar – bir marta Yerda, bir marta osmonda ko‘rganlar. Bu haqda Najm surasida bayon qilingan.


2. Jabroil alayhissalomning inson qiyofasida kelishi. Uni boshqa odamlar ham ko‘rgan. Ko‘pincha Dihya Kalbiy roziyallohu anhu suratida, ba’zan notanish a’robiy ko‘rinishida namoyon bo‘lgan.


3. Jabroil alayhissalom Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qalblariga vahiyni joylashi.


4. Jabroil alayhissalomning odamlarga ko‘rinmay tushishi. Bu vahiyning eng ko‘p uchraydigan turi bo‘lib, bunda atrofdagilar farishtani ko‘rmagan, biroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdagi og‘ir o‘zgarishlar sezgan. U zot qattiq uyquga ketgandek holatga tushib, hatto sovuq kunlari ham peshonalaridan ter chiqib ketardi. O‘z so‘zlariga ko‘ra, bunday holat oldidan qo‘ng‘iroq ovoziga o‘xshash tovush eshitilgan. Sahobalar bu tovushni asalarilarning g‘ung‘ullashiga o‘xshatgan.


Qur’oni karimning to‘laligicha Jabroil alayhissalom vositasida nozil bo‘lgan. Bunga Shuaro surasining 192-194-oyatlari dalil bo‘ladi: “Albatta, (bu Qur’on) barcha olamlar Parvardigori tomonidan nozil qilingandir. (Ey Muhammad!) uni siz (oxirat azobidan) ogohlantirguvchilardan bo‘lishingiz uchun qalbingizga Ruhul-amin (Jabroil) nozil qildi”.


Vahiy Alloh taoloning payg‘ambarlariga yo‘llagan ilohiy xabari bo‘lib, turli ko‘rinishlarda nozil qilingan. “Jabroil menga qo‘shni haqida shunchalar ko‘p nasihat qildiki, “uni merosxo‘rlardan qilib qo‘ymasa edi” deb o‘ylab qoldim” hadisidan ham bilish mumkinki, Sunnat shunchaki insonning fikri emas, Parvardigorning O‘z elchisi orqali qilgan xitobidir, negaki, farishtalar faqat buyruqni ijro etadi, o‘z-o‘zidan biror ishga qo‘l urmaydi. Qudsiy hadislar ham bunga tasdiq bo‘ladi. Shundan kelib chiqadiki, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ham Qur’oni karim kabi vahiyga asoslangani bois musulmonlar uchun hidoyat va shariat manbai hisoblanadi.


Mazkur dalillar shuni ko‘rsatadiki, islomni faqat Qur’on bilan cheklab, Sunnatni inkor qilish na ilmiy va na shar’iy asosga ega. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan vahiy nafaqat qiroat qilinadigan Qur’on, balki ummatga dinni tushuntirib beruvchi Sunnat orqali ham yetkazilgan. Shu sababli har bir musulmon kishi Qur’on va Sunnatni hidoyatning bir butun manbai sifatida qabul qilishi lozim.


Nurmuhammad Matkarimov,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot

markazi ilmiy xodimi

 

O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2026 yil 14 maydagi 4224 -sonli xulosasi asosida tayyorlandi

 

 

Maqolalar