Hind bint Suhayl ibn Mug‘ira yoki Hind binti Abu Umoma (r.a.). Kunyasi Ummu Salama. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning ayollaridan biri, “Mo‘minlarning onasi” degan rutbaning sohibasi.
Otasi Suhayl ibn Mug‘ira ibn Abdulloh ibn Umar ibn Maxzum ibn Yaqaza ibn Murra.
Onasi Otika bint Omir ibn Robi’a ibn Molik ibn Xuzayma ibn Alqama ibn Firos ibn G‘anm ibn Kinona.
Ummu Salama (r.a.) boy-badavlat sharoitda, aql-zakovatli, es-hushli va farosatu nazokatda tengi yo‘q qizlardan bo‘lib o‘sdilar. O‘ta zehnli, oqila va ilmga haris bo‘lganlari sababli Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam)ga turmushga chiqqanlaridan so‘ng, ulardan turli masalalarni so‘rashdan zerikmas edilar. Ular savollarni asosan ayollar nuqtayi nazaridan berar edilar, bu esa o‘z navbatida shariatga bir qancha yengillik hukmlari kirib qolishiga ham sabab bo‘lgan. Hind bint Abu Umoma (Ummu Salama) fasohat, she’r va adabiyotda ham mohir bo‘lganlar.
Ummu Salama (r.a.)ning birinchi turmush o‘rtoqlari Abu Salama laqabli Abdulloh ibn Abdul-Asad bo‘lgan. U kishi hijriy uchinchi yilda vafot etgan. Shundan so‘ng Ummu Salamaga Abu Bakr, Umar kabi mashhur sahobalardan sovchi kelgan. Ammo, oxiri Ummu Salama (r.a.)ga Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) o‘zlari uylanganlar.
Ummu Salama (r.a.)ning to‘rt farzandlari bo‘lib, barchasi Abu Salamadan bo‘lgan. Ular: Zaynab, Salama, Umar va Durra.
Hind bint Suhayl (r.a.)ning eri Abdulloh ibn Abdul-Asadning onasi Barra bint Abdulmuttalib o‘sha vaqtdagi ko‘zga ko‘ringan oiladan edi. Barraning jiyani Muhammad ibn Abdulloh (sollallohu alayhi vasallam)ning payg‘ambar bo‘lgani haqidagi xabarni eshitib, Hindning eri Abdulloh ibn Abdul-Asadning tinchi buzilib, tog‘asining o‘g‘li targ‘ib qilayotgan yangi dinga juda ham qiziqib qoladi. Buning ustiga ular emikdosh aka-uka ham edilar. U harakat qilib, o‘n kishidan keyin o‘n birinchi musulmon bo‘ldi. Shundan so‘ng Ummu Salama (r.a.) ham islomni qabul qilgan.
Habashiston hijrati e’lon qilingach Ummu Salama (r.a.) Abdulloh ibn Abdul-Asad bilan birga yo‘lga chiqishadi. U yerda ular bir qiz va bir o‘g‘il farzand ko‘rdilar. Qizlariga Zaynab, o‘g‘illariga Salama deb ism qo‘ydilar. O‘g‘il farzandli bo‘lganlaridan so‘ng ularni Ummu Salama, erlarini esa Abu Salama deb nomlaydigan bo‘ldilar, natijada kunyalari ismlaridan ko‘ra mashhur bo‘lib ketdi.
Hind bint Abu Umoma (r.a.) Abdulloh ibn Abdul-Asad bilan birga Madinaga ham hijrat qilganlar. Ular Madinaga hijrat qilgan birinchi ayol hisoblanadilar.
Badr va Uhud urushlarida Hind bint Abu Umomaning eri Abdulloh ibn Abdul-Asad ham ishtirok etgan. Uhud jangida Abu Salama bilagidan yaralanadi va mazkur jarohat sababli vafot etadi.
Abdulloh ibn Abdul-Asad (r.a.)ning vafotidan so‘ng Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) bu fidokor sahobiyani o‘ziga yarasha taqdirlashga qaror qildilar. Idda muddati tugagach, Ummu Salama Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) turmushga chiqdilar va u zotning zavjalaridan biri bo‘lib, mo‘minlarning onasi degan unvonga ega bo‘ldilar.
Ummu Salama (r.a.) Payg‘ambar (alayhis-salom) vafotlaridan keyin doimo ibodat bilan mashg‘ul bo‘ldilar. Faqat hazrati Ali (r.a.)ning davrlaridagina u kishini yoqlab, bir marta oldilariga o‘g‘illari Umarni olib keldilar va: “Ey mo‘minlarning amiri, agar Allohga osiy bo‘lishdan qo‘rqmaganimda va sizning qabul qilmasligingizni bilmaganimda, albatta, siz bilan birga chiqqan bo‘lar edim. Allohga qasamki, o‘g‘lim men uchun o‘zimdan ham aziz. U siz bilan chiqib, urushlaringizda qatnashadi”, dedilar.
U kishi hadis rivoyat qilishda ayollar orasida Oisha (r.a.)dan keyingi o‘rinda turadilar. Xonadonlarida vahiy nozil bo‘lishiga shohid bo‘lganlar. Ulardan jami 378 hadis rivoyat qilingan. Imom Buxoriy va Imom Muslimlar birgalikda Ummu Salam (r.a.)dan 29 hadis keltirganlar, shundan 13 tasi har ikki imomda ham kelgan, 3 tasi faqat Imom Buxoriyda, 13 tasi faqat Imom Muslimda kelgan.
Buyuk sahobiya hijriy 59 yoki 62 yili, 84 yoshlarida vafot etdilar. Ular mo‘minlarning onalaridan eng oxiri vafot etgani hisoblanadilar. Vasiyatlariga muvofiq janozalarini Abu Hurayra (r.a.) o‘qib, o‘g‘illari Salama va Umar (r.a.) hamda yana ba’zi mahramlar qabrga qo‘ygan.
“101 sahobiy” kitobi asosida N.Saidakbarova tayyorladi
Sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning vafotlaridan keyin Bilol roziyallohu anhu Abu Bakr roziyallohu anhuning yoniga borib, shunday dedi:
– Ey Allohning Rasulining xalifasi, men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam "Mo‘minlarning eng afzal amallaridan biri – Alloh yo‘lida qilgan jihoddir", deganlarini eshitgan edim.
– Nima qilmoqchisiz, Bilol? – so‘radi Abu Bakr.
– Vafot etgunimga qadar o‘zimni Alloh yo‘liga baxshida etmoqchiman.
– Siz ketsangiz, bizga kim azon aytadi?
Bilol roziyallohu anhu ko‘zlari to‘la jiqqa yosh bilan:
– Rasulullohdan keyin azon ayta olmayman...
– Bilol, qoling, bizga azon aytib turing...
– Agar meni o‘zingiz uchun ozod qilgan bo‘lsangiz, aytganingizcha bo‘la qolsin. Lekin Alloh uchun ozod etgan bo‘lsangiz, meni qo‘yib yuboring.
– Sizni Alloh uchun ozod qilganman, ketavering Bilol.
Bilol roziyallohu anhu "Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning vafotlaridan keyin endi Madinada qola olmayman" deb, Shom diyoriga otlandilar.
Bilol azon aytmoqchi bo‘lsalar, «Ashhadu anna Muhammadar Rasululloh»ga yetganlarida nafas ololmay, to‘xtab qolar, yig‘lab yuborar edilar.
Oradan ikki yil o‘tgach, Bilol roziyallohu anhu tushlarida Nabiy sollallohu alayhi va sallamni ko‘rdilar. Tushlarida u zot Bilolga "Bu qanday jafo, ey Bilol? Bizni ziyorat qiladigan vaqtingiz kelmadimikan?" dedilar.
Bilol roziyallohu anhu uyg‘onib ketdilar, zudlik Madinaga otlandilar. Yetib kelib, Rasulullohning qabrlari yoniga borib, yerga yotib olib yig‘ladilar. Shu payt Hasan va Husaynlarni ko‘rib, ularni mahkam bag‘riga bosib, o‘pdilar.
Hasan va Husayn Bilolga:
– Bomdodda azonni o‘zingiz aytib bering, – dedilar.
Tong sahar Bilol masjid sathida turib, "Allohu akbar, Allohu akbar!" deya azon ayta boshladilar. Butun Madinani titroq bosdi.
"Ashhadu allaa ilaha illalloh" deganlarida hamma larzaga keldi. "Ashhadu anna Muhammadar Rasululloh" deganlarida esa ayollar ham uylaridan otilib chiqa boshladilar. Payg‘ambar alayhissalomning vafotlarini ko‘rgan sahobalar Bilolning azonidan ta’riflab bo‘lmas iztirobga tushdilar.
Mo‘minlarning amiri Umar roziyallohu anhu Shomga jo‘nab ketayotganlarida musulmonlar Bilolni olib keling, bir marta bo‘lsa ham namozga azon aytib bersin deb o‘tindilar. Mo‘minlarning amiri Umar Bilolni chaqirganlarida namoz vaqti kirgan edi. Umar Biloldan namozga azon aytib berishni iltimos qildilar.
Bilol roziyallohu anhu yuqoriga ko‘tarilib, azon ayta boshladilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni tanigan barcha sahobalar yig‘lashga tushdilar. Ular avvallari hech qachon bunchalik yig‘lamagan edilar. Hamma to‘yib-to‘yib yig‘ladi. Eng qattiq yig‘lagan Hazrat Umar roziyallohu anhu bo‘ldi.
Bilol roziyallohu anhu o‘lim to‘shagida yotganlarida yonlarida o‘tirgan zavjalari yig‘ladilar. Shunda Bilol bunday dedilar:
– Yig‘lama! Axir ertaga habibim Muhammad sollallohu alayhi vasallamga, u zotning as'hoblariga yetishaman!
Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiyning
"Ishqi Rasul" kitobidan Nodirjon Odinayev tarjimasi