1. Tavba Alloh taoloning muhabbatiga sazovor etadi. “Albatta, Alloh tavba qiluvchilarni sevadi va poklanuvchilarni sevadi” (Baqara surasi, 222-oyat).
2. Najot topishiga sabab bo‘ladi.
“Allohga barchangiz tavba qiling, ey mo‘minlar! Shoyadki, najot topsangizlar” (Nur surasi, 31-oyat).
3. Bandaning amallari qabul bo‘lishi va gunohlari afv etilishiga sabab bo‘ladi.
“Uning O‘zi bandalaridan tavbani qabul qilur, gunohlarini afv etur va nima qilayotganingizni bilur” (Sho‘ro surasi, 25-oyat).
4. Jannatga kirish va do‘zaxdan najot topishga sabab bo‘ladi.
“Kim tavba qilsa va iymon keltirib, amali solih qilsa, bas, ana o‘shalar jannatga kirurlar va hech zulm qilinmaslar” (Maryam surasi, 60-oyat).
5. Mag‘firat va rahmatga sazovor etadi.
“Gunoh ishlarni qilganlar, undan keyin tavba qilsalar va iymon keltirsalar, albatta, Rabbing undan so‘ng mag‘firat qilguvchi va mehribon Zotdir” (A’rof surasi, 153-oyat).
6. Gunohlar savoblarga almashtiriladi.
“Ular Alloh bilan birga biror ilohga iltijo qilmaslar. Alloh (o‘ldirishni) harom qilgan jonni nohaqdan o‘ldirmaslar. Zino qilmaslar. Kim ana shuni qilsa, uqubatga duchor bo‘lur. Qiyomat kuni uning azobi bir necha barobar ko‘paytirilur va u(azob)da xor bo‘lib abadiy qolur. Magar kim tavba qilsa, iymon keltirib, solih amal qilsa, bas, Alloh ana o‘shalarning yomonliklarini yaxshiliklarga almashtirur. Alloh mag‘firatli va rahmli Zotdir” (Furqon surasi, 68–70-oyatlar).
7. Barcha yaxshiliklarga sazovor etadi.
“Bas, agar tavba qilsangiz, u o‘zingiz uchun yaxshidir” (Tavba surasi, 3-oyat).
8. Iymon va buyuk ajrga ega bo‘ladi.
“Magar tavba qilib, solih amallar qilgan, Allohni mahkam ushlagan va Alloh uchun dinga ixlos qo‘yganlar – ana o‘shalar mo‘minlar ila birgadirlar. Alloh, albatta, mo‘minlarga ulug‘ ajr berur” (Niso surasi, 146-oyat).
9. Barakalar nozil bo‘lishi va kuch-quvvatning ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
“Ey qavmim, Rabbingizga istig‘for ayting, so‘ngra Unga tavba qiling. Shunda U ustingizga osmondan baraka yomg‘iri yuboradi va quvvatingizga quvvatni ziyoda qiladi. Jinoyatchi bo‘lgan holingizda yuz o‘girib ketmang” (Hud surasi, 53-oyat).
10. Tavba qilganlar haqqiga farishtalar duo qiladi.
«Arshni ko‘tarib turadiganlar va uning atrofidagilar Rabblariga hamd ila tasbeh ayturlar, Unga iymon keltirurlar va iymon keltirganlarga mag‘firat so‘rab: “Ey Rabbimiz, rahmating va ilming ila har bir narsani qurshagansan, bas, tavba qilib, yo‘lingga ergashganlarni mag‘firat qilgin va ularni do‘zax azobidan saqlagin”» (G‘ofir surasi, 7-oyat).
11. Allohning irodasini amalga oshirish.
“Alloh sizning tavbangizni qabul qilishni xohlaydir” (Niso surasi, 27-oyat).
12. Alloh taolo bandasining tavbasidan suyunadi. Payg‘ambarimiz alayhissalom aytganlar: “Alloh taolo bandasi tavba qilganda juda qattiq xursand bo‘ladi. Agar birortangiz sahroga ulovi bilan chiqib adashib qolsa, ustiga oziqasi va suvi ortilgan ulovi qochib ketsa, uni ketidan axtarib topa olmagach, umidsizlikdan bir daraxtning ostiga kelib o‘tirsa va uyquga ketsa, so‘ngra ko‘zini ochganda ustiga oziqasi va suvi ortilgan ulovini turganini ko‘rsa, xursand bo‘lganidan qichqirib yuboradi” (Imom Muslim rivoyati).
Demak, banda tavba qilganida Alloh taolo bundan-da qattiqroq suyunadi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
raisining birinchi o‘rinbosari
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Farg‘ona viloyati filialining fidoyi xodimlari va volontyorlari tomonidan saxovatpesha xalqimiz tomonidan qilingan xayr-ehsonlar ezgu maqsadlar yo‘lida sarflanmoqda.
Navbatdagi xayriya tadbiri doirasida Uchko‘prik tumanida yashovchi, jigar sirrozi kasalligiga chalingan og‘ir bemor Kazakov Ilyosjon Yoqubovichning holidan xabar olinib, unga jarrohlik amaliyoti xarajatlari uchun 132 million 500 ming so‘m miqdorida xayriya mablag‘i, oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasi, Mus'haf va boshqa ehsonlar topshirildi.
Bugun bemorlar va ehtiyojmand insonlarga ko‘rsatilayotgan bunday ko‘mak — xalqimizning mehr-oqibati, saxovati va hamjihatligining yorqin ifodasidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati