Ikki yo‘ldan odatda chiqadigan bavl, axlat, yel, maziy, vadiy, maniy hamda noodatiy chiqadigan qurt, tosh, ozgina qon singari narsalar tahoratni buzuvchi ekanligida jumhur ulamolar ittifoq qilishgan. Faqatgina Imom Molik rohimahulloh odatdan tashqari holda ikki yo‘ldan chiqadigan qurt, tosh, istihoza qoni va doimiy siydik tomim turishi, ich ketishi, tinmay yel kelib turishi singari narsalar tahoratni buzuvchilarga kirmasligini aytganlar.
Ikki yo‘ldan boshqa joydan chiqqan narsalar borasida esa mazhabboshilar o‘rtasida ham ixtiloflar mavjud.
Hanafiy mazhabiga ko‘ra ikki yo‘ldan boshqa joydan chiqqan narsa najosat bo‘lsa va u tananing poklanishi lozim bo‘ladigan qismiga oqib o‘tsa tahorat buziladi. Bularga qon, yiring kabilar kiradi. Bunday najosatlar tahoratni buzishi uchun oquvchi bo‘lishi darkor.
Oquvchi bo‘lish sharti jarohat doirasidan tashqariga oqib chiqadigan bo‘lishligidir. Ko‘zdan va jarohatdan chiqqan qon ko‘z va jarohat doirasidan chiqmasa tahorat buzilmaydi.
Mazhabimizga ko‘ra oquvchi qon tahoratni buzuvchi sanaladi. Boshqa mazhablarda va ayrim toifalarda esa ikki yo‘ldan boshqa o‘rindan chiqqan qon tahoratni buzmasligini aytishadi. Imom Ahmad rohimahulloh “ko‘p qon chiqsa tahoratni buzadi”, deganlar.
Keling, mazhabimizni qo‘llab quvvatlovchi dalillardan ba’zilarini keltirib o‘taylik:
1) Rosulloh sollallohu alayhi vasallam:
الوضوء من كل دم سائل
ya’ni, “Har bir oquvchi qondan tahorat qilish bor”, deganlar (Doroqutniy rivoyati, 581).
2) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Tahorat yetti narsadan qayta qilinadi”, deganlar. Og‘iz to‘la qayt qilishni, oquvchi qonni, qahqaha otib kulishni (namozda) va uxlashni ular jumlasidan sanab o‘tganlar (Bayhaqiy rivoyati).
3) Oisha onamiz roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda onamiz aytadilar: “Fotima bintu Abu Hubaysh Payg‘ambar alayhissalom oldilariga kelib: “Ey Allohning rosuli men istihoza qoni ko‘raman. Hech pok bo‘lmayman. Namoz o‘qishni tark qilib turayinmi?”, deb so‘radi. Payg‘ambar alayhissalom: “Yo‘q, bu narsa hayz emas, faqatgina tomirdan keluvchi qondir. Qachon odatda hayz ko‘radigan kunlaring kelsa, namoz o‘qimay turasan. U kunlar tugasa o‘zingdan qonni yuvib tashlab, (g‘usl qilgach) har bir namoz (vaqti) uchun alohida tahorat olasan ”, dedilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim).
Bu hadisda Payg‘ambar sollallohu alayh vasallam tahorat qilishni vojib qiluvchi illatni bayon qilib berganlar. U esa ayoldan chiqqan qon tomirdan chiquvchi qon ekanligidir. Tomirdan chiquvchi deb ifodalanishi ikki yo‘ldan chiquvchi qonni ham ikki yo‘ldan boshqa o‘rindan chiquvchi qonni ham o‘z ichiga qamrab oladi. Shuning uchun Payg‘ambar sollallohu alayh vasallam Fotima bintu Abu Hubayshga har bir namoz uchun tahorat qilishga buyurdilar.
Shu va shunga o‘xshash dalillar hamda ibodat masalalarida ehtiyotini olish afzalligi sababli mazhabboshilarimiz ikki yo‘ldan boshqa o‘rindan chiquvchi qon poklanishi lozim bo‘lgan joyga oqib o‘tsa tahoratni buzishligiga hukm qilganlar. Boshqa o‘ringa oqishligi chiquvchi qon ko‘pligi ma’nosidadir. Zero, ukol qilishda shpritsga qon tortilsa, poklanishi lozim bo‘lgan joyga oqmasada tahorat buziladi. Chunki tortilgan qon oquvchi hukmiga o‘tadi.
A’zamjon Saminov,
“Hidoya” madrasasi mudarrisi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qurbon hayiti munosabati bilan ehtiyojmand aholini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, aholini ijtimoiy himoya qilish, jamiyatda mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu tamoyillar, ayniqsa, xalqimizga xos ezgu fazilatlarni mujassam etgan muborak Qurbon hayiti kunlarida yanada yorqin namoyon bo‘ladi.
Taqdimotda O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan ishlab chiqilgan takliflar haqida axborot berildi.
Ularga ko‘ra, Qurbon hayiti munosabati bilan keng ko‘lamli tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda.
Jumladan, og‘ir va nogironlikni keltirib chiqaruvchi kasalliklarga chalingan 10 ming nafar bolada jarrohlik amaliyoti o‘tkazish, 2,3 ming nafar onkologik, gematologik va onkogematologik tashxisi qo‘yilgan bemorlarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish, davolash va jarrohlik amaliyotlari, shuningdek, kamida 350 nafar bemorda jigar va buyrak transplantatsiyasi amaliyotlarini o‘tkazish xarajatlarini qoplash ko‘zda tutilgan.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratiladi. 8 ming nafardan ziyod yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan ota-onalarning farzandlarining omonat hisobvaraqlariga 200 AQSH dollari miqdorida pul mablag‘lari o‘tkazib beriladi.
Bundan tashqari, 500 ta masjidda aholi uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida zamonaviy tahoratxonalar qurish, rekonstruksiya qilish yoki ta’mirlash, shuningdek, joylardagi qabristonlarni obod qilish ishlari amalga oshiriladi.
Davlat ta’minotidagi oilalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar oziq-ovqat to‘plamlari bilan ta’minlanadi.
Mazkur chora-tadbirlar “Vaqf” xayriya jamoat fondiga ajratiladigan 690 milliard so‘m mablag‘ hisobidan moliyalashtiriladi.
Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi toifalari uchun ehson dasturxonlari yozish, ziyoratgohlar va diniy ta’lim tashkilotlarida qurbonlik tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash, bemorlarni davolash va bolalarga ko‘mak ko‘rsatish bilan bog‘liq tadbirlar shaffof va manzilli tashkil etilishi zarurligini ta’kidladi hamda mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.