Shu yil 30 iyul kuni poytaxtimizning Olmazor tumanidagi “Shohona” to‘yxonasida diniy soha xodimlari, turli mutasaddi tashkilot vakillari, mahalla faollari va aholi vakillari ishtirokida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Ma’rifiy uchrashuvda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov Haq taolo bizga bergan behisob ne’matlarni qadrlash barobarida uning shukrini ado etish, dinimiz arkonlariga va jamiyatimizdagi tartib-qoidalarga amal qilish, mazhabga ergashish, yot g‘oya va oqimlardan saqlanish kabi bugungi kunda muhim bo‘lgan mavzularda suhbat qilib berdi.
Suhbat davomida so‘nggi yillarda yurtimizda 100 ta yangi jome masjid ochilgani, Qur’oni karim kurslarida bir necha o‘n ming fuqaro Kalomullohni mutolaa qilishni o‘rgangani, haj-umra safariga borgan kishilar soni sezilarli oshgani kabilarni aytish barobarida oyat va hadislar asosida mana shunday ne’matlarga shukr qilish zarurligi bildirildi.
Qur’oni karim va hadisi shariflarda ilm va hunarga targ‘ib qiluvchi ko‘rsatmalarni misol sifatida keltirib, har bir ota-ona farzandiga elu yurt uchun kerakli bo‘ladigan hunar va foydali ilmlarni ham o‘rgatishi lozimligi tushuntirildi.
Ishtirokchilarning murojaat-takliflari eshitildi, oilaviy, ijtimoiy va ibodatga oid savollariga batafsil javob berildi.
Muloqotlar samimiy va yuqori kayfiyatda o‘tdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun O‘zbekiston–Ozarbayjon sammitining ikkinchi kuni tadbirlarida ishtirok etish uchun Buxoro shahriga keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tashrif xayrli amaldan – Bahouddin Naqshband maqbarasi ziyoratidan boshlandi. Qur’on oyatlari tilovat qilinib, xalqimizga tinchlik-farovonlik tilab, duo o‘qildi.
Majmua islom olamining ulug‘ qadamjolaridan biri hisoblanadi. Mazkur ziyoratgoh Naqshbandiya tariqatining asoschisi Bahouddin Naqshband dafn etilgan joyda barpo etilgan bo‘lib, bugungi kunda maqbara, xonaqoh, masjidlar, daxma va so‘fiylik tarixi muzeyini o‘z ichiga oladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati