O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi Shimoliy Kavkaz musulmonlarining muvofiqlashtiruvchi markazi raisi Ismoil Berdiyevning vafoti munosabati bilan Shimoliy Kavkazning barcha musulmonlariga, rahmatli ulamoning oila a’zolari, safdoshlari, shogirdlari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.
Shimoliy Kavkazdagi mo‘min-musulmon birodarlarimizning ushbu ulkan qayg‘u va yo‘qotishlariga sherik bo‘lgan holda, Alloh taolodan ularga sabr-bardosh tilaymiz. Zero, Qur’oni karimda: “…Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz…”, deyilgan (Baqara surasi, 156-oyat).
Yaratgan parvardigor taniqli ulamo Ismoil Berdiyevning Islom dini ravnaqi yo‘lida olib borgan sa’y harakatlari, mo‘min-musulmonlar ehtiyojini ta’minlash va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashdagi xizmatlarini husni qabul aylab, ulkan ajru savoblar ato etsin.
Ma’lumot o‘rnida Ismoil hoji Berdiyev 1954 yili Qozog‘iston Respublikasining Sayram viloyatida tavallud topgan. U kishi 1982–1988 yillarda Buxorodagi Mir Arab madrasasini, 1988–1992 yillarda Toshkent islom institutini va Misr Arab Respublikasining al-Azhar universitetini tamomlagan.
1989 yilda Stavropol o‘lkasi musulmonlari qoziyoti raisi etib saylangan. 1991 yilda Karachay-Cherkes Respublikasi va Stavropol o‘lkasi musulmonlari diniy boshqarmasi raisi bo‘lgan. 2010 yildan Karachay-Cherkes Respublikasi musulmonlari diniy boshqarmasi raisi bo‘lib ishlagan.
2004 yildan umrining oxirigacha Rossiya Prezidenti huzuridagi diniy birlashmalar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha kengash a’zosi bo‘lgan.
Haq taolo marhum olimning safdoshlari, shogirdlari, yaqinlari, ahli oilasi, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.
Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum ulamoni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Tili va dili bilan iymon keltirib, uning taqozosiga ko‘ra go‘zal hayot kechirgan inson komil mo‘min deyiladi. Bunday kishilar do‘zax yuzini ko‘rmay, Allohning fazli-marhamati ila to‘g‘ri jannatga kiradilar. Tili va dili bilan iymon keltirib, katta gunohlar qilib, tavba qilmay vafot etgan inson fosiq mo‘min hisoblanadi...
Tili bilan iymon keltirib, qalbida iymoni bo‘lmagan kimsa munofiq hisoblanadi. Bunday kishiga dunyoda mo‘minlarga o‘xshab muomala qilingani bilan oxiratda ular uchun hech qanday nasiba bo‘lmaydi, Alloh asrasin.
Shayx Nuriddin XOLIQNAZARning “Rabboniy nidolar” kitobidan