Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ilm talab qilish mo‘min va mo‘mina ayolga farzdir”, deganlar. Bu hadisdan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, Islom dini ayol kishiga ham ilm talab qilishni farz qildi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hafsa roziyallohu anho onamizga uylanmoqchi bo‘lganlarida Hazrati Umar roziyallohu anhu Islom ummatiga yuksak bir fazilatni ko‘rsatdilar. U ham bo‘lsa, otalik mas’ulyatini his qilgan holda qizlari Hafsa roziyallohu anhoni turmushga berish oldidan unga o‘qish, yozish va dinga doir ilmlarni berdilar. Hattoki qizlariga o‘qish va yozishni ta’lim berish uchun Bani Adiy qabilasidan bir ayolni yolladilar. Hafsa onamiz roziyallohu anho haligi ayoldan yetarlicha ilm olganlaridan so‘ng Nabiy sollallohu alayhi vasallamga turmushga chiqdilar.
To‘ydan so‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hazrati Umardan haligi Bani Adiylik ayolni kelib Hafsaga qolgan ilmlardan ham dars berishni davom ettirishligini aytdilar.
Hazrati Umar roziyallohu anhu: “Yo Rasululloh! Hafsa ilmni yaxshi egallab oldi”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men Hafsani ilmni mukammalroq egallashini xohlayman”, dedilar. Shundan so‘ng haligi ayol kelib darsni davom ettirdi.
Abdushukur MURODOV
Manba: Muhammad Mutavalli Sha’roviyning “Musulmon ayol fiqhi” nomli kitobidan. 15-bet.
#taqiqlangan_materiallar
#ogohlik
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan internet jahon tarmog‘idagi diniy ekstremistik, terroristik va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan deb topilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tayyorlash, saqlash, tarqatish va namoyish etilishi taqiqlangan manba va kontentlar (materiallar) RO'YXATI (https://sud.uz/wp-content/uploads/2026/04/Taqiqlangan%20kanallar.pdf) e'lon qilindi (2026-yil 6-aprel holatiga).
Izoh: 2025-yil 8-yanvar holatiga nisbatan 2026-yil 6-aprel holatiga ko‘ra jami taqiqlangan resurslar soni 1593 tadan 1837 taga yetgan, taqiqlangan resurslar 244 taga ko‘paygan.
Tahlil shuni ko‘rsatadiki: eng katta o‘sish Instagramda - 121 ta.
Telegram 65 ta, YouTubeda 23 ta, Meta (Facebook) 21 taga oshgan.
TikTok, Odnoklassniki va veb-saytlarda kamroq o‘sish mavjud, ilk bor Threads platformasida ham aniqlangan (1 ta).
Bu holat radikal kontentning tarqalish tendensiyasi saqlanib qolayotgani, ayniqsa vizual va qisqa formatli platformalar (Instagram, TikTok) orqali tarqalishi davom etayoyotganini ko‘rsatadi.
Hurmatli fuqarolar!
Qadrli ota-onalar va yoshlar!
Aqidaparastlik, ekstremizm va terrorizm tuzog‘iga tushib qolishdan doimo saqlaning. Ular hayotingiz va orzularingizni barbod qilishiga aslo yo‘l qo‘ymang.
Sud tomonidan taqiqlangan internet manbalardan yiroq bo‘ling!
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
Axborot xizmati