Bismillahir Rohmanir Rohiym
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ilm talab qilish mo‘min va mo‘mina ayolga farzdir”, deganlar. Bu hadisdan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, Islom dini ayol kishiga ham ilm talab qilishni farz qildi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hafsa roziyallohu anho onamizga uylanmoqchi bo‘lganlarida Hazrati Umar roziyallohu anhu Islom ummatiga yuksak bir fazilatni ko‘rsatdilar. U ham bo‘lsa, otalik mas’ulyatini his qilgan holda qizlari Hafsa roziyallohu anhoni turmushga berish oldidan unga o‘qish, yozish va dinga doir ilmlarni berdilar. Hattoki qizlariga o‘qish va yozishni ta’lim berish uchun Bani Adiy qabilasidan bir ayolni yolladilar. Hafsa onamiz roziyallohu anho haligi ayoldan yetarlicha ilm olganlaridan so‘ng Nabiy sollallohu alayhi vasallamga turmushga chiqdilar.
To‘ydan so‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hazrati Umardan haligi Bani Adiylik ayolni kelib Hafsaga qolgan ilmlardan ham dars berishni davom ettirishligini aytdilar.
Hazrati Umar roziyallohu anhu: “Yo Rasululloh! Hafsa ilmni yaxshi egallab oldi”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men Hafsani ilmni mukammalroq egallashini xohlayman”, dedilar. Shundan so‘ng haligi ayol kelib darsni davom ettirdi.
Abdushukur MURODOV
Manba: Muhammad Mutavalli Sha’roviyning “Musulmon ayol fiqhi” nomli kitobidan. 15-bet.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Alloh taolo aytadi: «Kufr keltirganlarga, to Allohning va’dasi kelgunicha, qilmishlari sababli mudom larzaga soluvchi musibatlar yetar yoki ularning diyorlari yaqiniga tushib turar. Albatta, Alloh va’daga xilof qilmas» (Ra’d surasi, 31 - oyat).
Sharh: «Kufr keltirganlarga, to Allohning va’dasi kelgunicha, qilmishlari sababli mudom larzaga soluvchi musibatlar yetar...».
Ya’ni, Allohning va’dasi - qiyomat kelguncha ularning es-hushini joyiga keltiruvchi musibatlar boshlariga tushib turadi. Bu musibatlar ularning qilgan ishlari tufayli tushadi.
«...yoki ularning diyorlari yaqiniga tushib turar».
Yoki o‘sha mazkur es-hushni joyiga keltiruvchi musibatlar dunyoning boshqa joylariga tushadi. O‘sha kofir va osiy bandalar yashayotgan diyorlarga yaqin joylarga tushadi. Toki ular o‘sha musibatlarni ko‘rib, va’z-nasihat olib, o‘zlariga kelsinlar va iymon keltirsinlar.
«Tafsiri Hilol» kitobidan