Nafaqa yoshiga yetgan duradgor xo‘jayiniga faoliyatini yakunlab, endi vaqtini ko‘proq oilasi bilan o‘tkazishni reja qilganini bildirdi. Xo‘jayin kutilmagan bu gapdan biroz qayg‘uga tushib qoldi. Chunki duradgor uning eng ishonchli xodimlaridan biri edi. Undan aslo ajralishni xohlamasdi. Noiloj xo‘jayini: “Maylin faqat Sizga so‘nggi iltimosim bor, oxirgi marta menga yana bitta uy qurib bera olasizmi?” deb so‘radi.
Duradgor ishga bo‘lgan ishtiyoqi ancha so‘ngan bo‘lsa-da, istar-istamas xo‘jayinning bu iltimosiga rozi bo‘ldi. Duradgor uyni qurar ekan, arzon va sifatsiz qurilish materiallardan foydalanar, juda behafsala, tezroq uyni bitirishga harakat qilardi.
Duradgorning ishlari tugagach, xo‘jayin yangi uyni ko‘rish uchun keldi. U duradgorga kalitni berdi va: “Bu uy yillar davomida qilgan mehnatlaringiz uchun sizga hadiya”, dedi.
Duradgor hayratda qoldi. Agar u uyni qurishdan oldin bu uy o‘ziga ekanini bilganida edi, butunlay boshqacha tarzda qurgan bo‘lardi.
Siz har kuni erta tongda uyqudan uyg‘onar ekansiz, Alloh taolo sizga hayotingizni yaxshilash uchun bir qancha yangi imkoniyatlar beradi. Ammo afsuski, aksariyat odamlar bugungi kunini kechagi kundan ko‘ra yaxshilashga intilmaydi, Alloh bergan imkoniyatlardan to‘liq foydalanmaydi. Va oqibatda natijalar ko‘ngilgidek bo‘lmaydi. Shunday ekan, Alloh bergan imkoniyatlardan to‘liq foydalanishga harakat qiling! Hayotingizni o‘zingiz chiroyli tarzda quring! Unutmangki, ertaga o‘sha uyda o‘zingiz yashaysiz!
Davron NURMUHAMMAD
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida "Islom ma’rifati, hadis ilmi va Imom Buxoriy merosi" o‘quv kursi o‘tkazildi. Mutaxassislar tomonidan yodgorlik majmuasi gid-ekskursovodlari uchun o‘tkazilgan mashg‘ulotlar doirasida ekskursiya faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, nazariy va amaliy masalalar ko‘rib chiqildi, xabar bermoqda “Samarkandskiy vestnik” nashri.
- Bu yerga tashrif buyurgan har bir ziyoratchi faqat ibodat qilish uchun emas, balki ma’naviy "oziq" olish uchun ham borishi kerak, - deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov. - Bu yerda faoliyat yuritayotgan gidlarning malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yar ekanmiz, ularga Imom Buxoriyning bizga qoldirgan merosini, bu merosning tarixiy manbalarini chuqur o‘rgatishimiz shart.
Kurs doirasida majmuaga birinchi marta tashrif buyurgan mehmonlar bilan muloqotning o‘ziga xos xususiyatlari muhokama qilindi. Xorijlik ziyoratchilarga nafaqat Imom al-Buxoriy hayotidagi faktlar va diniy qadriyatlarimizni yetkazish, balki boy madaniy merosimizni asrab-avaylash va yetkazish kabi dolzarb masalalar ko‘tarildi.
Gid-ekskursovodlar ham o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, kelgusidagi ishlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar berdilar. Bu bevosita ekskursiyalarni o‘tkazish paytida yuzaga keladigan masalalarni muhokama qilish imkonini berdi.
Kurs O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Diniy ta’lim sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, viloyat hokimligi hamda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini saqlash va uning atrofini obodonlashtirish departamenti tomonidan tashkil etildi.
Tarixiy obidalar va ziyoratgohlar turizm salohiyatining muhim qismi bo‘lgan Samarqand viloyati uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash alohida ahamiyatga ega. Mehmonga tashrif buyuriladigan joyning tarixi qanchalik to‘liq va tushunarli ochib berilishi gidning professionalligiga bog‘liq. Shuning uchun ham gid-ekskursovodlarning malakasini muntazam oshirib borish, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish standartlarini joriy etish Samarqandda turizm xizmatlari sifatini oshirishda ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati