Bir nuroniy otaxon daryo chetida o'tirgan ekanlar, shu vaqt daryoga tushib ketgan bir mushukchaga ko'zlari tushib qolibdi. Mushuk o'zini suvdan qutqarish ilinjida pitirlab harakat qilayotgan ekan. Lekin harakatlari hech samara bermabdi. Buni ko'rgan otaxon uni qutqarish maqsadida qo'llarini cho'zibdilar, mushuk esa u kishini tirnab olibdi. Qattiq og'riqdan qo'llarini tortib olibdilar va baqirib yuboribdilar. Oradan bir daqiqa o'tar-o'tmas qo'llarini yana bir bor cho'zibdilar. Mushuk yana tirnab olibdi. Qo'llarini dodlab tortib olibdilar.
Bir daqiqadan so'ng uchinchi marotaba qutqarishga harakat qilmoqchi bo'lib tuganlarida yaqin atrofda o'tirib, voqeani kuzatib turgan bir kishi otaxonga qarab baland ovozda: “Hoy donishmand otaxon! Birinchi urinishdan ham, ikkinchi urinishdan ham ibrat olmadingiz. Endi yana qutqarishga harakat qilmoqchimisiz?!”.
Otaxon bu kishining gapiga parvo ham qilmabdilar, qutqarishga yana harakatni davom ettirib, oxiri mushukni suvdan qutqarishga sazovor bo'libdilar.
Keyin boyagi kishining oldiga borib, elkasiga urib bunday debdilar: “Ey bolam, tirnash bu mushukning fe'li, harakteridir. Mening harakterim esa yaxshi ko'rish va mehr ko'rsatish. Endi aytchi, nega o'zimning harakterimdan uning harakterini muqaddam qo'yib, uning harakatiga muvofiq amal qilishim kerak?!”.
Bolaginam! Odamlarga o'z fe'ling bilan muomalada bo'l, ularning fe'li bilan emas! Senga ozor beradigan ishlari ko'p bo'lsa ham!
Yaxshi sifatlaringni tark etishni talab qilayotgan bunday ovozlarga parvo qilma. Zero, narigi tarafdagilar seni va zo'r ishlaringni boshqarishga haqli emaslar! Ularni faqat o'zing tasarruf etmog'ing kerak.
Odamlar sen bilan qanday muomalada bo'lishlarini xohlasang, sen ham ular bilan shunday muomalada bo'l! Bu qoida hamma zamon va makonga mos keladi!
Odamlarga o'z xulq-atvoring bilan muomalada bo'l, ularning xulq atvori bilan emas! Ular o'z xulqlari bilan jannatga munosib bo'lmasalar, sen o'z xulqing ila jannatga munosib bo'l! Ular ahmoq bo'lsa, sen ham ularga qo'shilib ahmoq bo'lma!
Har bir odam bilan o'ziga munosib tarzda muomalada bo'l, yoshmi, qarimi, oqilmi, ahmoqmi, ilmlimi, johilmi, albatta e'tiborga ol!
Abu Dardo roziyallohu anhu aytadi: “Men ba'zi odamlarni tikonsiz barg deb o'ylagan edim, keyinchalik bargsiz tikon bo'lib chiqdilar: ularni tanqid qilsang, seni ham tanqid qiladilar, lekin tek qo'ysang, seni tek qo'ymaydilar”. Shunda odamlar: “Shunaqa vaziyatda nima qilsak bo'ladi?” deb so'rashdi. U kishi: “Ehtiyojmand bo'ladigan kuningiz asqotishi uchun obro'yingizni ularga qarzga berib turasiz”. Ya'ni, sizni g'iybat qilaveradilar, evaziga qiyomatda siz ularning savoblariga ega chiqasiz. Ehtiyojmand bo'ladigan kuningiz deganda qiyomat kunini nazarda tutganlar.
Alloh ushbu she'rning shoirini rahmatiga olsin:
Hiqdu-hasaddan yuqori xurmodek bo'lgin,
Tosh otib tushirilajak mevaga to'lgin!
(Arab xurmosining mevasi daraxtning eng yuqori qismida bo'ladi. Odamlar uni ko'pincha tosh otish orqali olishadi. Lekin tosh otishsa ham u bunga yomonlik bilan javob qaytarmaydi, aksincha meva bilan siylaydi – tarj.)
Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
Bir insonni dunyoda (ko‘p qavatli) uy orzu qilayotganini ko‘rasan.
Agar unga ega bo‘lsa, endi uni hovli-joy orzulayotganini ko‘rasan.
Hovli joyli bo‘lsa, endi uni hashamatli qasrni orzulayotganini ko‘rasan.
Va shu tarz davom etaveradi. Ya’ni, orzu-havasning cheki yo‘q.
Lekin jannat ahli ...
Jannatda istiqomat qiluvchilar o‘zlari bo‘lib turgan sharoit, holatdan boshqasiga o‘zgarishini istamaslar.
Jannat ahli haqida Allohning ushbu so‘zi bor: “Unda mangu qoluvchidirlar va undan ko‘chishni istamaslar” (Kahf surasi, 108-oyat).
Allohim bizni jannat ahlidan qilgin!
Izoh: Jannatning darajalari o‘rtasida ulkan tafovut borligiga qaramay, u yerga kirish nasib bo‘lgan har bir inson o‘ziga ato etilgan manzilatga rozi bo‘ladi va boshqa o‘ringa ko‘chishni, o‘zgarishini aslo istamaydi.