Kim dinni mahkam tutsa, qadri yuksaladi, kim haqqa intilsa, faxru izzati mukammal bo‘ladi.
Izoh: Allohning Kalomida bunday oyat bor: “Dinga zo‘rlab (kiritish) yo‘qdir. (Zero) Haq Yo‘l zalolatdan ajrab bo‘ldi. Bas, kim shaytondan yuz o‘girib, Allohga iymon keltirsa, u hech ajrab ketmaydigan mustahkam halqani ushlabdi. Alloh Eshitguvchi, Bilguvchidir” (Baqara surasi, 256-oyat). Hech ajrab ketmaydigan mustahkam halqa – dindir. “Albatta Alloh nazdidagi (maqbul bo‘ladigan) din Islom dinidir” (Oli Imron surasi, 19-oyat), – deydi Alloh taolo yana bir oyatida. Rostgo‘ylik, halimlik, hushyorlik, zakiylik, kamgaplik, soddadillik, mardlik, shijoat, hayo kabi fe’llar insonni viqorli qiladi. Shuning uchun ham shaytondan yuz o‘girib, Allohga iymon keltirgan inson salobatli ko‘rinadi. Dinni mahkam ushlagan kishining qadri yuksalishi shundan. Chunki u mudom Haqqa yuzlangan, demak, yuksaklik sari intilgan bo‘ladi. Bu mukammal faxrga loyiq intilishdir.
Agar sizga bir inson yaxshilik qilishingizdan oldin rahmat aytsa, uning orzusini ro‘yobga chiqaring. Shunda uning boshlangan ishini oxiriga yetkazib qo‘ygan bo‘lasiz.
Izoh: Agar kimdir sizdan umidvor bo‘lib, hali qilmagan ishingiz uchun rahmat aytsa, umidini so‘ndirmang, istagini bajo qiling. Shunda rahmat bilan boshlangan ish rahmat bilan nihoyasiga yetgan bo‘ladi. Sizga hojati tushgan odamning oldindan bildirgan minnatdorligi siz bilan uning o‘rtasida umumiy xayrni paydo qiladi. U sabab boshlangan xayrni to‘la-to‘kis qilib qo‘yish endi sizning zimmangizda!
Musibatga kuyunish ham musibatdir
Izoh: Musibat o‘z nomi bilan musibatdir. Taqdirning zarbalarini xotirjam va sovuqqon kutib oluvchi inson kamdan-kam topiladi. Bir toifa kishilar bu zarbalardan gangib, asta-sekin o‘ziga keladi. Yana bir toifa esa boshiga tushgan musibatni kattartirib, o‘zi uning tagida qolib ketadi. Bu juda ayanchli holat, boshga tushgan musibatdan ko‘ra ham ayanchliroq holat! Nega? Sababi, har qanday yaxshiyu yomon ishni Allohdan deb bilmoq va unga rozi bo‘lmoq musulmon kishining e’tiqodidir. Demak, bo‘lgan ishni “yaxshi” yoki “yomon” degan nom bilan sifatlashimiz nisbiy. Alloh taolo aytadi: “Sizlar o‘zingiz uchun yaxshi bo‘lgan narsani yoqtirmasligingiz va sizlar uchun yomon bo‘lgan narsani yaxshi ko‘rishingiz mumkin. Alloh bilur, siz bilmassiz” (Baqara surasi, 216-oyat).
Shunday ekan, bizga yoqmayotgan musibat yaxshilik bo‘lsa-chi? Shak-shubhasiz yaxshilik! Chunki bundan ham battar bo‘lishi mumkin edi. Uyingiz yonib kul bo‘ldi. Bu musibat. Lekin jon omon qoldi-ku! Jonga talafot yetgandan ko‘ra uyning yonib kul bo‘lgani yaxshiroq. Demak, biz boshida musibat deb sanagan narsamiz so‘ngida yaxshilik bo‘lib chiqyapti.
Masalaning boshqa tomoni ham bor. Dabdabali uyda, boyliklaringizga ishonib, mol-dunyongizga aldanib yashayotgan edingiz. Qani siz ishongan, siz suyangan narsalar? Barchasi bir lahzada yo‘qqa chiqdi. Ana shu lahzada dunyoning o‘tkinchi va suyanib bo‘lmas narsa ekanini, haqiqiy suyanch nimada ekanini angladingiz. Bu yaxshilik emasmi?
Arabchadan Rashid ZOHID
tarjimasi.
Bugun, 15 sentyabr kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Boku shahrida bo‘lib o‘tayotgan Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishi va xalqaro anjumanning nufuzli ishtirokchilarini qabul qildi.
Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan muloqotda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Ozarbayjon yetakchisiga Davlatimiz Rahbarining samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdilar.
Uchrashuvda qardosh davlat Rahbari nutq so‘zlab, xalqaro anjumanlarning ahamiyatiga to‘xtaldi. Muloqot chog‘ida so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va do‘stona aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida e’tirof etildi.
Turkiy davlatlar yetakchilarining qat’iy siyosiy irodasi va sa’y-harakatlari natijasida ilm-fan, ta’lim, madaniy-gumanitar hamda diniy-ma’rifiy jabhalarda hamkorlik jadal sur’atlarda rivojlanayotgani ta’kidlandi. Bu ezgu sa’y-harakatlar Diniy idoralar rahbarlarining mushtarak maqsadlar yo‘lida birlashishi, xalqlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlash, tinchlik-osoyishtalikni asrash hamda zamonning dolzarb masalalari bo‘yicha mushtarak fatvo va bayonotlar qabul qilishda muhim poydevor bo‘layotgani qayd etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati