Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Sentabr, 2026   |   4 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:43
Quyosh
06:03
Peshin
12:18
Asr
16:43
Shom
18:37
Xufton
19:52
Bismillah
15 Sentabr, 2026, 4 Rabi`us soni, 1448
Yangiliklar

Imom Termiziy ilmiy merosi keng targ‘ib etiladi

23.09.2024   5977   4 min.
Imom Termiziy ilmiy merosi keng targ‘ib etiladi

Tog‘ uzoqdan unchalik mahobatli ko‘rinmasa-da, lekin unga yaqinlasha borgan sari uning purviqorligi, balandligi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Xuddi shunday biz mutafakkir ajdodlarimizni yaqindan tanib, ularning boy ilmiy merosini o‘rganibgina bobolarimizning naqadar ulug‘ zotlar bo‘lganini anglab yetamiz. Ana shu anglash orqali ularga munosib avlod bo‘lishga intilamiz.
 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 19 avgustdagi «Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qarorida muqaddas islom dini ilmlari rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk olim, vatandoshimiz Imom Abu Iso Muhammad Termiziyning ulkan ilmiy merosini yanada chuqur o‘rganish, xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib etish, ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, yosh avlodning ma’naviy-ruhiy olamini boyitish, ularning qalbida milliy iftixor, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirish kabi vazifalar belgilangan.


Haqiqatan, ajdodlarimizning hayot yo‘llari va ular qoldirib ketgan boy ilmiy meros bugun biz choralarini axtarayotgan ko‘plab muammolarni yechishda juda qo‘l keladi. Ayniqsa, ustoz-shogird munosabatlari, yoshlar ta’lim-tarbiyasida Imom Termiziyning hayot yo‘llari, ustozi Imom Buxoriyga bo‘lgan munosabati barchamizga ibratdir.


Imom Termiziyning ustozi Imom Buxoriyga hurmati cheksiz bo‘lgan. Imom Buxoriy 863–868 yillarda Nishopurda yashagan davrda Muhammad Termiziy uning darslarida qatnashadi.


Besh yil mobaynida Imom Buxoriydan hadis va unga tegishli boshqa ilmlarni o‘rganadi va: “Hadis ilmida Iroqda ham, Xurosonda ham Muhammad ibn Ismoil (Imom Buxoriy)dan ko‘ra ilmliroq biror kishini ko‘rmadim”, deb ustoziga bo‘lgan cheksiz ehtiromini namoyon qiladi.


Imom Termiziy xotirasining kuchliligi bilan o‘z davrining olimlaridan ajralib turishi bilan birga, ustozi Imom Buxoriyga ham o‘xshab ketar edi. Bu haqda tarixchi Shamsuddin Zahabiyning (1274–1347) “Tazkiratul huffoz” (“Hofizlar haqida tazkira”) nomli asarida quyidagi hikoya keltiriladi: “Makkaning yo‘lida edim. Bir shayxning hadisidan ba’zi qismlarni yozib olgan edim. U yonimizdan o‘tib qoldi. Men ushbu parchalar o‘zim bilan deb o‘ylab, uning yoniga bordim. Men bilan bo‘lgan yukimning ichida ham ba’zi parchalar bor edi va men ularni o‘sha yozib olgan parchalarim deb o‘yladim. U menga izn bergach, parchalarimni oldim. Qarasam, ular oq (ya’ni, ularga hech narsa yozilmagan). Men hayron bo‘ldim. Shayx menga yoddan hadis ayta boshladi. So‘ng menga qaradi va qo‘limdagi oq varaqni ko‘rib: “(Yozmasdan o‘tirishga)mendan uyalmaysanmi?” dedi. Men bo‘lgan ishni gapirib berdim va: “Aytganingizning hammasini yod olganman”, dedim. U: “Unda menga qaytarib ayt”, dedi. Men unga boshidan oxirigacha aytib berdim. Ammo u menga ishonmadi va: “Sen bularni mening oldimga kelishingdan oldin yodlab olgansan”, dedi. Men unga: “Bulardan boshqasini ayting”, dedim. U menga o‘zining nodir hadislaridan qirqtasini aytdi va: “Qani, qaytarib ayt-chi?” dedi. Men ularni boshidan oxirigacha aytib berdim va bironta harfda ham adashmadim. U: “Senga o‘xshashini ko‘rmaganman”, dedi.


Imom Buxoriy ham shogirdi Abu Iso Termiziyga yuqori baho berib: “Sen mendan foydalanganingdan ko‘ra men sendan ko‘proq foydalandim”, deb ta’kidlagan.


Imom Buxoriyning shogirdi Imom Termiziyga bunday yuksak baho berishi Imom Termiziyning qanchalik darajada ilmga ega eganligini ko‘rsatadi.


Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi yirik muhaddislar Qur’oni karim, hadisi sharif va sahobai kiromlarning so‘zlarini juda hassoslik bilan o‘rganishgan. Mana, asrlar osha bu ikki buyuk muhaddisning asarlari qo‘ldan qo‘ymay o‘qiladi. Bu asarlarni o‘qish va uqish orqali odamlarning ma’rifatini yuksalib, haq va haqiqatni topib boraveradi.


Muhtaram Yurtboshimizning tashabbuslari bilan o‘tkazilayotgan Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligi ajdodlarimizni yoshlarga tanitish, ularning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish va tadqiq etish, shu orqali farzandlarimizning barkamol bo‘lib ulg‘ayishiga zamin yaratadi, inshoalloh.

Jasurbek domla RAUPOV,

Toshkent viloyati bosh imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Tarixni buzib ko‘rsatmaslik uchun

15.09.2026   9608   2 min.
Tarixni buzib ko‘rsatmaslik uchun

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida "Islom ma’rifati, hadis ilmi va Imom Buxoriy merosi" o‘quv kursi o‘tkazildi. Mutaxassislar tomonidan yodgorlik majmuasi gid-ekskursovodlari uchun o‘tkazilgan mashg‘ulotlar doirasida ekskursiya faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, nazariy va amaliy masalalar ko‘rib chiqildi, xabar bermoqda “Samarkandskiy vestnik” nashri.

- Bu yerga tashrif buyurgan har bir ziyoratchi faqat ibodat qilish uchun emas, balki ma’naviy "oziq" olish uchun ham borishi kerak, - deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov. - Bu yerda faoliyat yuritayotgan gidlarning malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yar ekanmiz, ularga Imom Buxoriyning bizga qoldirgan merosini, bu merosning tarixiy manbalarini chuqur o‘rgatishimiz shart.

Kurs doirasida majmuaga birinchi marta tashrif buyurgan mehmonlar bilan muloqotning o‘ziga xos xususiyatlari muhokama qilindi. Xorijlik ziyoratchilarga nafaqat Imom al-Buxoriy hayotidagi faktlar va diniy qadriyatlarimizni yetkazish, balki boy madaniy merosimizni asrab-avaylash va yetkazish kabi dolzarb masalalar ko‘tarildi.

Gid-ekskursovodlar ham o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, kelgusidagi ishlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar berdilar. Bu bevosita ekskursiyalarni o‘tkazish paytida yuzaga keladigan masalalarni muhokama qilish imkonini berdi.

Kurs O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Diniy ta’lim sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, viloyat hokimligi hamda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini saqlash va uning atrofini obodonlashtirish departamenti tomonidan tashkil etildi.

Tarixiy obidalar va ziyoratgohlar turizm salohiyatining muhim qismi bo‘lgan Samarqand viloyati uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash alohida ahamiyatga ega. Mehmonga tashrif buyuriladigan joyning tarixi qanchalik to‘liq va tushunarli ochib berilishi gidning professionalligiga bog‘liq. Shuning uchun ham gid-ekskursovodlarning malakasini muntazam oshirib borish, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish standartlarini joriy etish Samarqandda turizm xizmatlari sifatini oshirishda ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari