Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Avgust, 2026   |   30 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:01
Quyosh
05:30
Peshin
12:28
Asr
17:22
Shom
19:29
Xufton
20:56
Bismillah
13 Avgust, 2026, 30 Safar, 1448

Qayg‘uga botganingizda sevimli mashg‘ulotingiz bormi?

02.10.2024   6811   7 min.
Qayg‘uga botganingizda sevimli mashg‘ulotingiz bormi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Ulug‘ sahobalar ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan qalblarini taftish etishni, bu dunyoda o‘zlari yoqtirgan, kelajakka umid baxsh etadigan, amal va ehsonga undaydigan va shu bilan birga, g‘am-tashvishlarni aritadigan narsalarni aniqlab olishni o‘rgandilar.

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: «Yaxshiyamki (bu dunyoda) Alloh yo‘lida uchqur otlarni choptirish, kechalari qoim bo‘lish va insonlar xurmoning eng shirinini tanlab yeganidek, eng totli so‘zlarni tanlab so‘zlaydigan insonlar bilan hamsuhbat bo‘lish bor!» deganlar.

Demak, Umar roziyallohu anhu uchun uch narsa suyukli bo‘lgan ekan: uchqur otlarni choptirish, tunni ibodat bilan bedor o‘tkazish va yaxshi so‘zlarni so‘zlaydigan solihlar bilan hammajlis bo‘lish. Ular bilan birga o‘tirish yaxshilikni ziyoda qiladi, qalblarga sokinlik olib kiradi.

Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu bemor bo‘lganlarida Alloh taologa shunday nido qilganlar: «Allohim, O‘zing bilasan, men oqib turgan anhorlar uchun, soya-salqin bog‘larda o‘tirish uchun, ayollar bilan birga bo‘lish uchun yashashni xohlayotganim yo‘q! Men jazirama issiqda ro‘za tutish uchun, tunda qiynalib qoim bo‘lish uchun, zikr davralarida ulamolar ko‘pligidan izdihomlarda o‘tirish uchungina yashashni istayapman!».

Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuning ilmga muhabbatlari, ilm olishdagi g‘ayratlari qanday meva berganini bilasizmi?

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Muoz ibn Jabal Qiyomat kuni ulamolarning imomi bo‘ladi», deganlar.

Muoz roziyallohu anhuning martabalari, sharaflari, o‘zlariga xos xislatlari ana shunday bo‘lgan. Endi esa u dunyoda bu zot ulamolar jamoasining sayyidi bo‘lar ekanlar. Vaholanki, bunday sharafga ega bo‘lish uchun u kishi ko‘p vaqt sarflamaganlar. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu Shom yurtida tarqalgan o‘lat sababli hijriy 18 yilda, 33 yoshlarida (boshqa qavlga ko‘ra 38 yoshda) vafot etganlar. Alloh u kishidan rozi bo‘lsin.

Endi mana shu savolga javob bering: “Qayg‘uga cho‘mgan paytingizda siz yaxshi ko‘radigan, qilishga shoshiladigan qanday sevimli mashg‘ulotlaringiz bor?”.

Bir qiz aytadi: “Bu dunyoda yoqtiradigan ishlarimdan biri – ro‘za tutish. Ko‘pincha qayg‘ularimga qarshi ro‘za bilan kurashaman. Qachon g‘amga botsam, muammolarim ko‘paysa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi so‘zlariga ishonib, Alloh yo‘lida bir kun ro‘za tutaman: «Ro‘zador uchun ikki xursandchilik bor: biri iftor qilganida, biri Robbiga yetishganida» (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).

Men ro‘za qayg‘ularimni yengillatayotganini, qalbimga o‘zgacha surur olib kirayotganini ko‘rdim. Og‘iz ochish paytida har qanday dunyo qayg‘ularini yo‘q qila oladigan ulkan saodatni his qilaman, chunki bu saodat – Payg‘ambarimiz alayhissalom va’da qilgan rabboniy xursandchilikdir! Allohdan ko‘pincha so‘raydigan o‘tinchim shuki, dunyoda ro‘za tutish xursandchiligi bilan siylaganidek, oxirat shodligidan ham mahrum etmasin”.

 

Yana bir qiz aytadi:

«Qachon tushkunlikka tushsam, onamning oldiga borib, biror ishiga yordamlashaman: uyni yig‘ishtiraman, singilchamni o‘ynatib, kuldirib o‘tiraman, otamga o‘zi yaxshi ko‘radigan qahva tayyorlab beraman, dugonamga yoqadigan nimadir o‘ylab topaman va hokazo. Bu ishlarni qilar ekanman, o‘zgalarni xursand qilganimdek, Robbim ham menga yordam berishiga, dardlarimni aritishiga ishonchim komil edi. Allohga hamdlar bo‘lsinki, shunday bo‘lardi ham. Boshqalarga yordam berganim uchun Robbimning izni ila qayg‘ularimga qarshi tura oldim. Qayg‘ularim o‘z o‘rnini shodlik va baxtga bo‘shatib berdi. Shu bilan birga, yaqinlarim ham, dugonalarim ham meni yaxshi ko‘rishar edi. Zero, bu ishlarning barchasini suyukli Payg‘ambarimizning mana shu so‘zlariga ishonchim tufayli qilganman:

 

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

“Kim bir mo‘mindan dunyo tashvishlaridan birini aritsa, Alloh undan Qiyomat kunining tashvishlaridan birini aritadi. Kim bir qiynalgan odamga yengillik qilsa, Alloh unga dunyoyu oxiratda yengillik qilib beradi. Kim bir musulmonning aybini yashirsa, Alloh uning aybini dunyoyu oxiratda yashiradi. Modomiki banda birodarining yordamida ekan, Alloh ham uning yordamida bo‘ladi(Imom Muslim rivoyat qilgan).

 

Bir ayol aytadi:

«Eng yaxshi ko‘radigan ishim kitob o‘qish, masjidlarda ilmiy-ma’rifiy darslarga qatnashish edi. Shu ikki ish hayot dovonlaridan oshib o‘tishimda katta rol o‘ynagan. Buni qarangki, ayni mana shu yoqtirgan ishlarimni qilishda katta qiyinchiliklarga duch kelardim. Endi kitobni ochib, o‘qiy boshlasam, onam: «Buning o‘rniga darslaringni qilsangchi, badiiy kitobdan nima foyda? Undan ko‘ra idish-tovoqni yuvib qo‘ysangchi?» deb, dashnom berishni boshlar edilar. Ilm majlislariga borish undan ham mashaqqatli bo‘lardi, chunki bu majlislarni oilamizda faqat men yoqtirardim, ilm majlisidan qaytishim bilan ota-onamdan qattiq dakki eshitardim. Lekin dakki eshitsam ham, masjidda o‘zgacha halovat tuyardim. U yerga borishimga ruxsat so‘rab, onamga rosa yolvorardim. Yo‘lda ketayotib, imtihonlardan eson-omon o‘tib olishni Allohdan tinmay iltijo qilib so‘rardim.

Ming afsuslar bo‘lsinki, onam ba’zida meni tushunishga harakat qilsa-da, otam mutlaqo tushunmas, institut tolibasi bo‘lishimga qaramay, meni haqoratlar, hatto urar edi. Bularning bariga chidardim, otamga nisbatan muloyim bo‘lishga, xizmatlariga shay turishga intilardim. Bundan tashqari, ilm majlislaridan olayotgan foydalarimni ko‘rishsin deb, darslarimda ham ilg‘or bo‘lishga urinardim. Afsuski, baribir natija kutilgandek bo‘lmasdi.

Shu zaylda yillar ketidan yillar o‘tib boraverdi. Magistr darajasiga erishdim. Alloh menga oliyjanob umr yo‘ldoshni nasib etdi. U meni ilm majlislariga yanada ko‘proq borishga chorlar, ilm olishdan ilm tarqatish bosqichiga o‘tishimni istar edi. Uning yordami bilan hatto doktorlik dissertatsiyasini ham yoqladim. Oradan yillar o‘tib, ota-onamning faxriga aylandim, aka-singillarimdan ko‘ra ularga mehribonroq bo‘ldim. Shunga qaramay, Alloh ularni kechirsin-u, menga bergan ozorlarini hech unuta olmadim…».

 

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ota-onani hurmatlash odoblari

08.08.2026   18734   1 min.
Ota-onani hurmatlash odoblari

Ota-onaning roziligini olishga intilish fazilati barcha fazilatlarning negizi, borliqdagi har qanday haq-huquqlarning kelib chiqadigan asosidir.

Ota-onalar, bola tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgan tarbiyachilar farzandlarga quyidagi odatlarni singdirishlari maqsadga muvofiq: 
 

Gunohga sabab bo‘lmasa, otaonaning buyurganlarini albatta bajarish; ota-onaga muloyim so‘zlash; uyga kirganlarida, hurmatlari uchun o‘rnidan turish; har tong salom berish, uyqudan oldin xayrli tun tilash; mol-mulklarini saqlash; so‘ragan narsalarini berish; ulardan maslahat so‘rash; ota-ona haqiga duo va istig‘for aytish; ular mehmon kutishsa, yonlarida muntazir bo‘lib turish; ularning aytishlarini kutmay, ularni xursand qiladigan ishlarni bajarish; ularning huzurlarida ovozni baland ko‘tarmaslik; gaplarini bo‘lmaslik; izn berishmagan joyga bormaslik; uxlayotganlarida bezovta qilmaslik; ahli ayoli, farzandlarini ulardan ustun qo‘ymaslik; ota-ona xatoga yo‘l qo‘ysalar, bilmaslikka olish, darhol kechirib, unutish; kulgili gap bo‘lsa ham, ularning huzurlarida o‘zini tutish; ular yaxshi ko‘radigan taomni ilinish; ulardan oldin taomga qo‘l cho‘zmaslik; ularning oldilarida cho‘zilib yotmaslik, oyoq uzatmaslik; uyga ulardan oldin kirmaslik, oldilariga tushib yurmaslik; chaqirganlarida tezlik bilan javob berish; ularning hayotliklarida ham, vafot etganlaridan keyin ham do‘stlarini hurmat qilish; ota-onasining hurmatini qilmaydiganlar bilan do‘stlashmaslik; ularning haqlariga duo qilish; vafotlaridan keyin Allohning quyidagi kalomini ko‘p aytish: «Ey, Rabbim! Meni ular go‘daklik chog‘imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!» (Isro surasi, 24-oyat).

Ibrohimjon INOMOV tayyorladi.

“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 10-sonidan

http://hidoyatuz.taplink.ws