Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Yo‘qotish
U oxirgi paytda jizzaki, jahldor, sabrsiz bo‘lib qoldi. Oldingi xushmuomalaligidan asar ham qolmagan. Ayoliga ham qattiq gapiryapti. Ishxonadagilar bilan ko‘p tortishadigan bo‘lib qoldi. Ko‘chadagi tirbandliklarda ham avvalgi xotirjamlik yo‘q. Eng yomoni, namoz o‘qishga ham erinchoqlik paydo bo‘la boshladi. Sababini chuqurroq mulohaza qilib ko‘rsa – tasbehini yo‘qotib qo‘ygan ekan...
Operatsiya
– Do‘xtir, o‘g‘lim yaxshi bo‘lib ketarmikan?
– Operatsiyadan keyin aniq bo‘ladi.
– Iltimos, do‘xtir, bir ilojini qiling. Bu yorug‘ dunyoda o‘g‘limdan boshqa hech kimim yo‘q.
– Qo‘ldan kelgancha harakat qilamiz.
Oliygohni superkontrakt bilan bitirgan shifokor shunday dedi-yu, operatsiyaga kirib ketdi.
Noma
Javondagi qutidan arzimagan pulnigina topa olgan o‘g‘ri uydan chiqib ketayotib, stol ustidagi bir varaq qog‘ozga ko‘zi tushib qoldi. Unda «Hozircha shu pulni amallab tur. Bir oyda qaytaman» deb yozilgan edi.
Tibbiy tekshiruv
Oltita qizdan keyin yana homilador bo‘lib qolgan ayol «Jinsi: qiz» deb yozilgan tahlil qog‘ozni eriga tutqazdi. O‘n yildan beri farzand ko‘rish orzusida yurgan hamshira qiz xonadan chiqib ketayotgan er-xotinni havas bilan kuzatib qoldi-yu, ko‘zini ro‘molchasi bilan artdi.
Ertasi kuni «Shoshilinch yordam» bo‘limida kechagi ayolni ko‘rib qoldi, kaltaklar zarbidan bechoraning bolasi tushib qolgan edi.
Xato
O‘g‘il halloslab kelib, onasining oyog‘iga yopishdi: «Endi hech qachon gap qaytarmayman, oyi! Oldingizda uf tortmayman! Ishdan kelganimda «Charchadim, oyi, oyog‘ingizni boshqa kuni uqalab qo‘ya qolay», demayman. Kech qolayotgan bo‘lsam ham, ertalab choyni siz bilan birga ichib ketaman. Xatoimni tushundim, oyi, meni kechiring!».
– Qani, baravar ko‘taramiz!
Janozaga kelganlar ayolning tobutini ko‘tarishdi.
So‘nggi roman
U yangi romaniga nima deb nom qo‘yishni bilmay, ancha vaqt bosh qotirdi. Nihoyat, kutilmaganda xayoliga kelgan nomni tanlab, birinchi sahifaning boshiga yozib qo‘ydi. Shu payt azon aytildi. Odatdagidek, masjidga chiqib, namozni jamoat bilan o‘qidi. Chap yelkasiga salom berdi-yu, gilam ustiga ohista yiqildi. «Alloh jonimni namozda olsin» nomli romanining chop qilinganini ko‘rish nasib qilmadi.
Bugungi jamiyatimizda odob-axloq jihatidan oqsoqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Salom berish, yordamga muhtojlarni ko‘rganda ko‘maklashish, o‘zidan kattalarga hurmat ko‘rsatish kabi qadriyatlar kamayib borayotganini hech kim inkor qilmasa kerak. Holbuki, har bir ota-ona farzandining ilmli, solih va yetuk inson bo‘lib kamol topganini ko‘rishni orzu qiladi. Biroq “holva” degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaydi. Ya’ni quruq orzu-havasning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki doimiy va tartibli ta’lim-tarbiya ishiga kirishish lozim bo‘ladi. Bu borada jamiyatdagi insonlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:
1. O‘zi ham amal qilib, farzandini ham ezgulikka yetaklaydiganlar. Bu tutum dunyo va oxirat saodatini ko‘zlagan mo‘minning yo‘li. Tarbiyada eng samarali omil ota-onaning shaxsiy namunasidir. Bolaga, avvalo, Allohni tanitish va solih amallar bilan o‘rnak bo‘lish lozim. Qur’oni karimda ta’kidlanganidek, iymon keltirib, ezgu amal qilganlarga dunyoda pokiza hayot, oxiratda esa abadiy jannat bashorati berilgan (Nahl surasi, 97-oyat).
2. O‘zi amal qilmay, farzandi tarbiyasiga mol-dunyo sarflaydiganlar. Unutmang, pul hamma narsani hal qilmaydi. Ota-onaning o‘zi diniy va axloqiy majburiyatlarni bajarmasa, pand-nasihatlari farzandga ta’sir qilmaydi. Oilaviy muhitda ota ta’minotga, ona tarbiyaga mas’ul bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik bo‘lishi shart.
Shuningdek, ota-onalarning behuda ishlar, masalan, telefonga ko‘p bog‘lanib qolishi tarbiyadagi eng katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Farzand kamoloti uchun uning vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, uyqu va dars tartibini doimiy nazoratda tutish, tartibni ushlash lozim. Eng muhimi, xulq ilmdan ustun turadi: xulqsiz berilgan ilm insonni zalolatga yetaklaydi, shu bois farzandga go‘zal axloqiy tarbiya berib, so‘ng ilm bilan ziynatlash kerak.
3. O‘zi ham amal qilmay, farzandini ham bunga chaqirmaydiganlar. Bu toifaning oqibati xatarlidir. Alloh taolo Toha surasida bunday marhamat qiladi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang hayot bo‘lur...” (124-oyat). Mana shu oyatning o‘ziyoq kishini sergak torttirib, bu toifadan bo‘lib qolmaslikka undashi lozim.
Xulosa shuki, farzand qalbi va ruhiyati ildiz otishi kerak bo‘lgan daraxt ko‘chati kabidir. Uning ildizini iymon va taqvo mustahkamlaydi. Shunday ekan, kim farzandlari kamolini ko‘rishni istasa, amali va e’tiborini bilan shunga harakat qilsin. Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda bardavom qilib, zurriyotlarimiz kamolini ko‘rsatsin.
Aziza RAHMATOVA,
Samarqand tumani bosh otinoyisi