Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Sentabr, 2026   |   2 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:41
Quyosh
06:01
Peshin
12:19
Asr
16:45
Shom
18:40
Xufton
19:56
Bismillah
13 Sentabr, 2026, 2 Rabi`us soni, 1448
Maqolalar

Allohim, yettinchisini ham qiz qilib ber!

23.10.2024   8993   7 min.
Allohim, yettinchisini ham qiz qilib ber!

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Ayrim odamlar Alloh taolo ularga qiz farzand bersa, xafa bo‘lishadi, ba’zan g‘azablanishadi ham. Bugun jamiyatimizda bu kabi holatlar uchramasa kerak, deyotganlar adashishadi.

Afsuski, oramizda hali ham shundaylar bor. Ular o‘z noroziliklari bilan butun maxluqotni yaratgan, ularga jon tomiridan ham yaqin bo‘lmish mehribon Zotga nisbatan odobsizlik qilishayotganini bilishmasmikan? Aslida odamzod qiz farzandni Alloh taoloning ulkan tuhfasi deb qabul qilmog‘i va bunga xursand bo‘lmog‘i lozim. Chunki ota-ona qiz farzandlariga go‘zal ta’lim va tarbiya bersa, ularning farzandlari ota-onalari uchun do‘zaxdan to‘siq va parda bo‘ladilar. Quyidagi hadis so‘zimizni tasdiqlaydi:

Nabiy sollallohu alayhi vasallamning zavjalari Oisha roziyallohu anho aytadi:

«Huzurimga bir ayol ikki qizi bilan kelib, «Biron narsa bering», deb so‘radi. Bitta xurmodan boshqa hech narsam yo‘q edi. O‘shani unga berdim. Ayol uni ikkiga bo‘lib, o‘zi yemay, ikki qiziga berdi. So‘ng o‘rnidan turib, ular bilan chiqib ketdi. So‘ng Nabiy sollallohu alayhi vasallam menikiga kirib keldilar. O‘sha ayol haqida aytib bergan edim, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kimga qiz farzand berib imtihon qilinsa va ularga yaxshi qarasa, ular uning uchun do‘zaxdan to‘siq bo‘ladi», dedilar» (Buxoriy va Muslim ittifoq qilishgan).

Odatda odamlar qiz farzand ko‘rishni xushlamaganlari uchun mazkur hadisda «imtihon qilinsa» deyildi. Aslida bu so‘zdan «kimga shu kabi qizlardan birortasi berilsa», degan ma’no iroda qilingan. Qizlarga yaxshilik qilish – ularni muhofaza qilish, tarbiyalash va solih joyga turmushga berish kabilar bilan ifodalanadi. Quyidagi hadisda ham qizlariga yaxshi tarbiya bergan otalar oxiratda munosib taqdirlanishi aytilgan:

Abu Ushshona Ma’ofiriydan rivoyat qilinadi: «Uqba ibn Omirning shunday deyotganini eshitdim: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Kimning uch qizi bo‘lsa, otasi ularga sabr qilsa, ularni o‘z mol-mulkidan yedirib-ichirsa hamda kiyintirsa, o‘sha qizlar otasi uchun Qiyomat kuni do‘zaxdan to‘siq bo‘ladi» (Ahmad va Ibn Moja rivoyati).

Rivoyat qilinishicha, bir kishining olti nafar qizi bo‘lib, xotini yettinchi farzandga homilador ekan. Serfarzand ota o‘g‘il tug‘ilishini juda qattiq xohlar, bu safar ham qiz tug‘ilib qolishidan xavotirda ekan. Shunda u o‘ziga-o‘zi «agar bu safar ham xotinim qiz tug‘sa, uni taloq qilaman», deb qasd qilib, shu xayollar bilan uxlab qolibdi. Tushida Qiyomat qoim bo‘lgani, do‘zax hozirlangani va u do‘zaxga hukm qilinganini ko‘ribdi. Ammo qachonki uni do‘zaxning eshigi oldiga olib borishsa, qizlaridan biri uni do‘zaxdan himoya qilib, otasining u yerga kirishiga to‘sqinlik qilar ekan. Olti qizning otasi do‘zaxning olti eshigi oldidan ham shu tariqa o‘tib ketibdi, ya’ni har bir eshik oldida qizlaridan biri uning do‘zaxga kirishiga to‘sqinlik qilibdi. Yettinchi eshik oldida esa bunday holat ro‘y bermabdi. Natijada u dahshatga tushgan holatda uyg‘onib, o‘zicha qasd qilgan holda xatoga yo‘l qo‘yganini anglabdi. Qattiq pushaymon bo‘lib, Robbiga: «Allohim, yettinchisini ham qiz qilib ber!», deb duo qilibdi.

Odamlarning qiz farzandni xushlamasliklari johiliyat davrini esga soladi. U vaqtda oilalar qiz farzandli bo‘lishga rag‘bat qilishmasdi. Aksincha, qiz farzand ko‘rishdan nafratlanishar, qiz farzandni or deb bilishardi. Bu haqda Qur’oni Karimda bunday deyilgan:

«Qachonki ulardan biriga qizning xushxabari berilsa, g‘am-alamga to‘lib, yuzi qorayib ketur. Unga berilgan xushxabarning yomonligidan (uyalib) qavmidan berkinur. Uni (qizni) xorlik-la olib qolsamikin yoki tuproqqa ko‘msamikin? Ogoh bo‘ling! Ular qilgan hukm naqadar yomon!» (Nahl surasi, 58–59-oyatlar).

Ajablanarlisi, johiliyat ahli ayol-qizlardan nafratlanish bilan cheklanishmasdi, balki ularni qatl qilish, tiriklayin ko‘mishgacha borishardi. Ularni zaifa, ko‘p ishlarga kuchi yetmaydi, janglarda ishtirok etolmaydi, o‘zini himoya qilolmaydi, aksincha, o‘zi himoyaga muhtoj bo‘ladi, deb bilishardi.

Islom dini bu holatni butunlay o‘zgartirdi. Ayol sha’nini ko‘tardi. Ayollarga ular erkaklarning bir bo‘lagi, tengdoshi, o‘xshashi deb e’tibor qaratdi. Hatto oyatda qizlarni e’zozlab, «U Zot xohlagan kishisiga qizlar hadya etur va xohlagan kishisiga o‘g‘illar hadya etur» (Shuro surasi, 49-oyat) deb, ularni erkaklardan muqaddam zikr qildi.

Ayollarga nisbatan qo‘pollik qiladigan erkaklarning qalbini ularga nisbatan yumshatib, ularni erkaklarga suyukli qilib qo‘ydi. Erkaklarga ayollar o‘sha erkaklarni dunyoga olib chiqadigan onalar ekanini bildirdi. Shu e’tibordan ayollar erkaklarga nisbatan ustunlik va ortiqlikka ega bo‘lishdi.

Islom dini ayolning jamiyatdagi o‘rni yaxshi bo‘lishida ayolning valiylari va vasiylariga uni muhofaza qilishi, avaylab asrashi, unga e’tibor qaratishi o‘ta muhimligi haqida ta’lim berdi. Chunki ayol-qizlarga nafrat ko‘zi bilan qaralsa, ular e’tiborsiz qoldirilsa bunday munosabat ularning yo‘ldan toyishi, hayotdagi muhim rolidan voz kechishiga sabab bo‘lib qoladi. Zero, qiz bolani oilasi yaxshi ko‘rib, hurmat qilsa, qiz ham o‘zini qadrlashni, o‘z hurmatini va oilasining sha’nini saqlashni o‘rganadi, izzat-hurmatini himoya qiladi, biror kimsa tomonidan tahqirlanishni qabul qilmaydi, undan ermak sifatida foydalanishlariga aslo yo‘l qo‘ymaydi.

Oilasi davrasida qadr-qimmat va hurmat-ehtirom bilan ulg‘aygan qiz shu oilaning aziz a’zosi hisoblanadi. Shuning uchun hech kim unga, hatto bir og‘iz ortiqcha so‘z aytishga, aldashga jur’at qilolmaydi. Chunki uning ortida oila-a’zolari va qarindosh-urug‘lari himoyachi bo‘lib turibdi. Ba’zi millatlar ayol-qizlarini qattiq himoya qilishlarini eshitganmiz. Shu sababli o‘sha millat ayol-qizlarining turli yurtlarda sha’ni toptalayotganini eshitmaymiz, ko‘rmaymiz. Shunday ekan, oilaning erkaklari – ota, aka-uka, o‘g‘il, amaki va tog‘alar – ayol-qizlariga ularni qadrlashlarini ko‘rsatib qo‘yishlari kerak. Ana shunda ayol-qizlar o‘z haq-huquqlarini talab qilib chiqishlariga hech qanday zarurat ham tug‘ilmaydi.

Oilasida, o‘zi yashab turgan jamiyatda izzat-hurmatini topgan ayol-qizlar kasb qilish borasida ham ko‘p pul topishdan ko‘ra o‘z sha’nini yuqori qo‘yadi, kamroq pul topsa ham izzat-hurmatini saqlaydigan kasblar bilan mashg‘ul bo‘lishga harakat qiladi. Millatimiz ayollari, ayniqsa, kitobxon, ziyoli opa-singillarimiz ana shunday ayollardandir. Buning aksi o‘laroq, oilasida tahqirlanib xorlangan, o‘z qadr-qimmatini topmagan, oilada o‘zining muhim o‘rni borligini bilmagan, oila a’zolari tomonidan turli turtkilarga uchrab ulg‘aygan ayrim qizlar o‘z qadrini tushirib, o‘zlari va yaqinlariga xiyonat qila boshlaydilar. Oxir-oqibat o‘zgalarning bir og‘iz «shirin» so‘ziga aldanib, ularning ermagi bo‘lib qoladilar...

Shunday ekan, qiz tarbiyasida mashg‘ul bo‘lganimizda ularni oilamizning eng qardli vakili sifatida voyaga yetkazaylik. Ularni yaxshi ko‘rishimizni, ular biz uchun eng aziz inson ekanliklarini his qilsinlar.

Toshkent Islom instituti o‘qituvchisi Qudratulloh Sidiqmetov.
«Hilol» jurnali 3(60) son

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Farg‘onada yana bir og‘ir bemorning holidan xabar olindi

13.09.2026   17339   1 min.
Farg‘onada yana bir og‘ir bemorning holidan xabar olindi

 «Vaqf» xayriya jamoat fondi Farg‘ona viloyati filialining fidoyi xodimlari va volontyorlari tomonidan saxovatpesha xalqimiz tomonidan qilingan xayr-ehsonlar ezgu maqsadlar yo‘lida sarflanmoqda.

Navbatdagi xayriya tadbiri doirasida Uchko‘prik tumanida yashovchi, jigar sirrozi kasalligiga chalingan og‘ir bemor Kazakov Ilyosjon Yoqubovichning holidan xabar olinib, unga jarrohlik amaliyoti xarajatlari uchun 132 million 500 ming so‘m miqdorida xayriya mablag‘i, oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasi, Mus'haf va boshqa ehsonlar topshirildi.

Bugun bemorlar va ehtiyojmand insonlarga ko‘rsatilayotgan bunday ko‘mak — xalqimizning mehr-oqibati, saxovati va hamjihatligining yorqin ifodasidir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari