Bismillahir Rohmanir Rohiym
Islom ayollarni uyda tutqundek ushlab o‘tirishga chaqiradimi?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Ayollar sizning qaramog‘ingizdadir”, degan so‘zlari ayolni uydan chiqarmay o‘tirish degani emas. Aksincha, bu so‘z erkaklar ayollar uchun mas’ul ekanini bildiradi, xolos. U zot ayollarga mehribonlik qilib, ularning tarafini olib, erkaklarni ayollarga yaxshilik qilishga buyurmoqdalar, xolos.
Islom qizlarni uydan tashqarida ham iffatini saqlagan holda, o‘zini emin-erkin his qilishini ta’minlashga juda qattiq e’tibor qaratgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlarida Madinai Munavvarada qizlar uchun alohida o‘yingohlar bo‘lgan. Qizlar u yerlarga borib, begona erkaklarning ko‘zidan yiroqda bemalol o‘ynab-kulib, ko‘ngillarini yozganlar, hordiq chiqarganlar.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamga unashtirilgan paytim edi. Madinaga kelib, Banu Horis ibn Hazraj qabilasiga joylashdik. O‘sha paytda kasal bo‘lib qolib, sochlarim to‘kilib, siyraklashib, kalta bo‘lib qoldi. Oradan yillar o‘tdi. Bir kuni dugonalarim bilan arg‘imchoq uchib o‘tirsam, onam kelib, meni chaqirdilar. Yonlariga yugurib bordim. Nega chaqirganlarini aytmay, qo‘limdan yetaklab, hovlining darvozasi yoniga olib bordilar. Yugurib o‘ynaganim uchun hansirayotgan edim. Biroz nafasimni rostlagach, onam ozgina suv olib, yuzimni, boshimni artdilar. Keyin meni bir hovliga olib kirdilar. Qarasam, u yerda ansoriya ayollar bor ekan, hammalari “Xayrli bo‘lsin, barakali bo‘lsin”, deb tabriklar aytishdi. Onam meni ularga topshirdilar. Ular meni yasantirishdi. Choshgoh payti Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kirib keldilar, keyin u zot bilan birga ketdim» (Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyat qilishgan).
Oisha roziyallohu anho Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan qanday turmush qurganlarini aytib beryaptilar. E’tibor beraylikki, onalari kelib, uzoqdan turib, baland ovozda chaqirganda Oisha onamiz qizlar uchun ajratilgan o‘yingohda dugonalari bilan arg‘imchoq uchib, zavqlanib, shodlanib o‘ynayotgan ekanlar.
Ulamolar o‘sha paytdagi arg‘imchoqlar ikki xil bo‘lganini aytganlar.
Birinchisi haqida imom Navaviy va imom Suyutiy bunday deyishgan: “Arg‘imchoq – yosh bolalar, qizlar o‘ynaydi uzun taxta. Taxta biror baland narsaning ustiga o‘rnatiladi, ikki tarafiga ikki kishi o‘tirib, uni harakatlantiradi. Arg‘imchoqning bir tarafi ko‘tarilsa, ikkinchi tarafi pastlaydi”.
Ikkinchi xil arg‘imchoq esa ikki uchi yuqoriga bog‘lanadigan arqon bo‘ladi. Bir odam arqonga o‘tirib, u yoqdan bu yoqqa harakat qilib uchadi. Oisha roziyallohu anho mana shunday arg‘imchoqda uchib o‘ynaganlar. Imom Abu Dovud rivoyat qilgan hadisda Oisha onamiz “Men ikki xurmo daraxti o‘rtasidagi arg‘imchoqda uchayotgan edim, onam kelib, meni undan tushirdilar”, deydilar. Demak, hadisda kelgan arg‘imchoq (ba’zi shevalarda halinchak ham deyiladi) ikki uchi daraxtning shoxiga yoki imoratning yog‘ochiga bog‘langan arqon ekan.
Ulamolar bu hadisni faqat yosh bolalar emas, balki bo‘yi yetgan qizlar, ayollar ham begona erkaklarga aralashmaslik sharti bilan arg‘imchoq uchishi joizligiga dalil qilib keltirganlar.
Endi ikki xil harakterdagi qizni misol qilib keltirsak. Ularning biri uydan hadeb chiqavermasa ham, hayotdan mamnun yashaydi, chunki tashqariga faqat o‘qish yoki boshqa biror zarurat uchun chiqadi. Ammo uyda o‘tirganida ham zavqlanish yo‘llarini qidiradi. Uyida vaqtini xotirjam, g‘am-tashvishsiz o‘tkazadi, buni o‘zi uchun sharaf deb biladi, o‘zini doimo yaqinlarining himoyasida, begonalardan, yomon ko‘zlardan panada deb his qiladi.
Yana bir qiz borki, uyda o‘tirishni o‘ziga zindon deb biladi. O‘qish, ish bahona ertadan kechgacha ko‘chada bo‘ladi, o‘zini o‘tdan cho‘qqa uradi, o‘zini, husnini, kiyimlarini ko‘z-ko‘z qilish, nima qilib bo‘lsa-da, uydan tashqariga chiqish payida bo‘ladi.
Endi sizga savol:
Shu ikki qizdan qaysi biri baxtliroq? Qaysi birining g‘am-tashvishlari kamroq? Bu ikki yo‘lni birlashtirib, yaxshi natijaga erishish mumkinmi?
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh, Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Buyuk muhaddis Imom Termiziy rahimahullohning ushbu asari – Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak hayotlari, go‘zal axloqlari va siyratlarini o‘rganishga bag‘ishlangan.
Ulug‘bek domla Nasriddin o‘g‘li,
Mir Arab o‘rta maxsus va oliy madrasasi mudarrisi.