Har bir gunoh amal bizni Robbimizdan uzoqlashtiradi. Biroq, Allohga qaytaradigan narsa bu – haqiqiy tavba. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
قلْ يَا عِبَادِيَ الَّذِينَ أَسْرَفُوا عَلَى أَنفُسِهِمْ لَا تَقْنَطُوا مِن رَّحْمَةِ اللَّهِ إِنَّ اللَّهَ يَغْفِرُ الذُّنُوبَ جَمِيعًا إِنَّهُ هُوَ الْغَفُورُ الرَّحِيمُ
“Ey, o‘z jonlariga isrof (javr) qilgan bandalarim, Allohning rahmatidan noumid bo‘lmang! Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag‘firat etar. Albatta, Uning O‘zi o‘ta mag‘firatli va o‘ta rahmli Zotdir” (Zumar surasi, 53-oyat).
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
مَنْ لَزِمَ الِاسْتِغْفَارَ جَعَلَ اللَّهُ لَهُ مِنْ كُلِّ ضِيقٍ مَخْرَجًا وَمِنْ كُلِّ هَمٍّ فَرَجًا وَرَزَقَهُ مِنْ حَيْثُ لَا يَحْتَسِبُ
“Kim istig‘forni lozim tutsa, Alloh unga har bir torlikdan chiqishni, har bir g‘amdan kushoyishni nasiba qiladi va uni o‘zi o‘ylamagan joydan rizqlantiradi”, dedilar (Abu Dovud, Ibn Moja rivoyati).
Alloh taolodan mag‘firat so‘rash uchun eng afzal duo –
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim sayyidul istig‘for –
اللَّهُمَّ أَنْتَ رَبِّي لاَ إِلَهَ إِلَّا أَنْتَ خَلَقْتَنِي وَأَنَا عَبْدُكَ وَأَنَا عَلَى عَهْدِكَ وَوَعْدِكَ مَا اسْتَطَعْتُ أَعُوذُ بِكَ مِنْ شَرِّ مَا صَنَعْتُ أَبُوءُ لَكَ بِنِعْمَتِكَ عَلَيَّ وَأَبُوءُ لَكَ بِذَنْبِي فَاغْفِرْ لِي فَإِنَّهُ لاَ يَغْفِرُ الذُّنُوبَ إِلَّا أَنْتَ
O‘qilishi: “Allohumma anta Robbiy laa ilaha illa anta xolaqtaniy va ana ’abduka va ana ’ala ’ahdika va va’dika mastato’tu a’uzu bika min sharri ma sona’tu, abu'u laka bini’matika ’alayya va abu'u bizambiy fag‘firliy fainnahu laa yag‘firuz zunuba illa anta”ni kechki payt aytib, tong otgunicha vafot etsa, jannatga kiradi. Kim tongda aytib, shu kuni vafot etsa, unda ham jannatga kiradi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ma’nosi: “Allohim, Sen Robbimsan, Sendan boshqa iloh yo‘q. Meni yaratding va men Sening qulingman. Men Senga bergan va’damda va Senga bergan ahdimda qodir bo‘lganimcha turibman. Qilgan amallarimning yomonligidan Sening noming bilan panoh tilayman. Menga ato qilgan ne’matlaringga iqror bo‘ldim. Gunohlarimga ham iqror bo‘ldim. Gunohlarimni mag‘firat etgin. Chunki Sendan boshqasi gunohlarni kechira olmaydi”
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning duolari
Onamiz Oisha roziyallohu anho aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kechasi uyg‘onsalar:
لاَ إِلَهَ إِلاَّ أَنْتَ سُبْحَانَكَ اللهُمَّ وَبِحَمْدِكَ أَسْتَغْفِرُكَ لِذَنْبِي وَأَسْأَلُكَ رَحْمَتَكَ اللهُمَّ زِدْنِي عِلْمًا وَلاَ تُزِغْ قَلْبِي بَعْدَ إِذْ هَدَيْتَنِي وَهَبْ لِي مِنْ لَدُنْكَ رَحْمَةً إِنَّكَ أَنْتَ الوَهَّابُ
O‘qilishi: “Laa ilaha illa anta, subhanakallohumma va bihamdika, astag‘firuka lizanbiy va asaluka rohmataka. Allohumma zidniy ’ilman va laa tuzig‘ qolbiy ba’da iz hadaytaniy vahab liy min ladunka rohmatan, innaka antal vahhab”, deb aytar edilar” (Abu Dovud, Nasoiy, Ibn Hibbon rivoyati).
Ma’nosi: Sendan boshqa iloh yo‘q. Senga hamd aytish bilan Seni poklayman. Gunohlarimga istig‘for aytaman. Rahmatingni so‘rayman. Allohim, ilmimni ziyoda qilgin. Hidoyatga solganingdan keyin qalbimni og‘dirmagin. Huzuringdan menga rahmat ato etgin. Albatta, Sen ko‘plab ato etuvchisan”.
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Robbimiz zikri birla g‘amlaringni quv,
Dard olovin ustiga quygin undan suv.
Agar siz hayotni yuz foiz mukammal, hech qanday kamchiliksiz bo‘lishi kerak deb o‘ylasangiz xato qilasiz. Bunday mukammallik faqatgina jannatda bo‘ladi. Bu dunyodagi ishlar esa nisbiy bo‘lib, siz o‘ylagan barcha narsa ham ro‘yobga chiqavermaydi. Unda siz turli xil balo va ofatlar, musibat va imtihonlarga duch kelishingiz mumkin. Shunday vaqtlarda boriga shukr qiladigan, yo‘g‘iga sabr qila oladigan inson bo‘lishingiz kerak.
Umuman kasal bo‘lmay yashash, hech qanday qiyinchiliksiz boy bo‘lish, og‘irligi yo‘q saodat, salbiy jihatlari yo‘q er va kamchiliksiz do‘st izlab xayolingizda ideal olamni orzu qilmang. Barcha narsada kamchilik bo‘ladi. Buning o‘rniga siz salbiy jihatlar va xatolardan ko‘z yuming, ijobiy va go‘zal narsalarni ko‘ra oling. Doimo chiroyli gumon qiling, xatolarga uzr topishga intiling. Faqatgina Allohga suyaning, insonlarga suyanmang. Ular suyanishingiz va ishingizni topshirib qo‘yishingizga loyiq emas, chunki ular sizga yordam qila olishmaydi. Alloh taolo aytadi:
﴿إِنَّهُمْ لَنْ يُغْنُوا عَنْكَ مِنَ اللَّهِ شَيْئًا﴾
“Albatta, ular sendan Alloh tomonidan bo‘ladigan hech bir narsani arita olmaslar” (Josiya surasi, 19-oyat).
Shu’la: Hayotingiz zulmatli bo‘lishiga aslo rozi bo‘lmang. Nur mavjud, faqat siz uning porlashi uchun yoqish tugmasini bosishingiz kerak.