Cavol: Ayol kishining eri vafot etsa yoki taloq qilsa idda o‘tirishini bilamiz. Ko‘pchilik buni homiladorlikni aniqlash uchun joriy etilgan deb tushunadi. Shuning uchun bugungi kunda ba’zi ayollar UZI apparatiga tushganda homiladorlik aniqlanmasa, yangi turmush qurib ketmoqdalar. Shar’iy jihatdan idda tugamasidan qilingan ushbu nikohlari durust bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Shariatimiz eri vafot etgan ayol uchun to‘rt oyu o‘n kun idda o‘tirishni belgilagan. Agar u homilador bo‘lsa, bola tug‘ishi bilan iddasi tugaydi. Burhoniddin Marg‘iloniy rahmatullohi alayh “Hidoya” kitobida quyidagilarni aytadi: “Agar ayol homilador bo‘lsa uning iddasi homilasini tuqqunichadir. Chunki Alloh taolo: “Homilador ayollarning idda muddati homilalarini tuqqunlarigachadir”, degan (Taloq surasi 4-oyat)”. Eri vafot etganda ozod ayolning iddasi to‘rt oy va o‘n kundir. Chunki Alloh taolo: “Sizlardan vafot etib, xotinlarini qoldirgan bo‘lsalar, (beva xotinlari) to‘rt oyu o‘n kun o‘zlarini kuzatib (idda saqlab) o‘tiradilar”, - degan (Baqara surasi 234-oyat)”.
Biroq, homilador bo‘lmasa, aytilganidek, uning iddasi to‘rt oy va o‘n kundir. Idda chiqmasidan turmush qurishi mutlaqo joiz emas va u shar’iy jihatdan haqiqiy nikoh hisoblanmaydi. Chunki, idda o‘tirishning sababi faqatgina homilani aniqlash emas. Balki, ortda qolgan nikohning va ushbu nikohda jufti halol bo‘lgan erning ehtiromi uchun ham ayol idda o‘tiradi. Shuning uchun erlari vafot etgan muslima ayollar, agar homilador bo‘lsalar bolani tug‘maguncha, homilador bo‘lmasalar, erlarining vafotidan to‘rt oyu o‘n kun o‘tmaguncha boshqaga turmushga chiqishlari joiz emas. Shuningdek, erlari taloq qilgan ayollarning ham, agar homilador bo‘lsalar bolani tug‘magunlaricha, homilador bo‘lmasalar to‘liq uch hayz ko‘rmagunlaricha iddalari tugamaydi. Hayz ko‘rmaydigan ayollar esa uch oy idda o‘tiradilar. Ushbu muddat ichida ularning boshqa nikoh qurishlari joiz bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Mavzuga oid maqola:
Idda saqlamaslik saratonga sabab bo‘ladi
Joriy yilning 17 yanvar kuni Jo‘ybori Kalon ayol-qizlar islom ta’lim muassasasida Buxoro viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Orif domla Amonov, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchi Rizvon Baxromova hamda mas’ullar ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda talabalarning ta’lim jarayoni va yashash sharoitlari ko‘zdan kechirilib, ularning ijtimoiy-ma’naviy ehtiyojlari muhokama qilindi. Shuningdek, talabalar bilim va salohiyatini yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan takliflar bildirildi.
Homiylar ko‘magida muassasaning ayrim moddiy ehtiyojlarini qoplash bo‘yicha kelishuvga erishildi. Tadbir talabalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim qadam sifatida baholandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati