Ayting-chi, sevikli Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ilk vahiy nozil bo‘lganda kimning huzuriga shoshilib yugurib bordilar? Biror qarindoshlari yoki birodarlarining oldiga bordilarmi?
Yo‘q, darhol zavjai mutohharalari, mo‘minlar onasi Xadicha roziyallohu anhoning huzuriga bordilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dunyo hayotidagi so‘nggi kunlarida esa Oisha onamiz roziyallohu anhoning bag‘rida bo‘lishni tanlaganlar.
Qarang, payg‘ambarlik risolati ayol kishi bilan boshlanib, bu mo‘tabar zot ila yakun topdi. Albatta, bu – behikmat emas.
Shubhasiz, Alloh taolo bu hayotda ayollarning tutgan o‘rniga cheksiz hikmatlarni yashirgan. Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni e’zozlardilar, hurmat qilardilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollar bilan qanday munosabatda bo‘lganlar?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam savol so‘rab kelgan erkak va ayollarni mehmon qilish odatlari bor edi. Kunlarning birida bir guruh ayollar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning uylariga kelishdi. Ayollar Payg‘ambarimiz alayhissalomning huzurlarida gapira turib ovozlarini u zot alayhissalomning ovozlaridan baland ko‘tardilar. Shu payt, Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirish uchun ruxsat so‘radilar.
Rasululloh Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga kirishga izn berdilar. Ayollar Umar roziyallohu anhuning ovozini eshitib jim bo‘lib qoldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tabassum qildilar. Shunda Umar roziyallohu anhu: “Alloh sizni suyuntirsin, yo Rasululloh, nima sababdan kulyapsiz?”, dedilar. Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Ana ularning qilgan ishlari meni ajablantirdi. Sening ovozingni eshitishlari bilanoq yashirinib olib, jim bo‘lib qolishdi”, dedilar. Hazrat Umar roziyallohu anhu: “Ey o‘z jonining dushmanlari, mendan qo‘rqasizlar-u, Allohning Rasulidan qo‘rqmaysizmi?” deb so‘radilar. Ayollardan biri: “Yo Rasululloh men unga javob beraymi?” deb ruxsat so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Maylin, javob ber”, dedilar. Unga javoban: “Axir sen qattiq qo‘lsan-da. Rasululloh yumshoq, mehribon, xushmuomalardirlar”, dedi. Payg‘ambarimiz alayhissalom yana tabassum qildilar.
Bunday ma’lum bo‘ladiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hamisha ayollarning savollariga javob berish uchun alohida e’tibor berganlar, vaqt ajratganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollarning ilm olishiga alohida ahamiyat berganlar
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam zamonlarida eng mashhur tabib va jarroh kim bo‘lgan?
Ayol kishi bo‘lgan. Uning ismi Ummu Atiyya edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan jang maydonlariga ham borardi. Yarador sahobalarning jarohatini davolar, askarlarga yordam berardi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollarning ilm-ma’rifat egallashiga qattiq e’tibor berardilar. Masalan, Oisha roziyallohu anho onamiz tafsir, fiqh, hadis ilmlarida peshqadam bo‘lganlar. Shar’iy hukmlarning 4/1 Oisha onamizning rivoyatlari asosida ishlab chiqilgan. Rasululloh alayhissalomdan 2 mingdan ortiq hadis rivoyat qilganlar.
Kunlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir guruh sahobalari bilan birga ovqatlanib o‘tirgan edilar. Madinada o‘zining odobsizligi bilan tanilgan bir ayol kelib: “Ey Rasululloh, menga ovqat ber!” dedi. Rasululloh unga dasturxondagi taomdan berdilar. U ayol: “Yo‘q, menga o‘zing yeb turganingdan ber”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlari yeb turgan og‘izlaridagi narsadan unga berdilar. Uni yegan haligi ayolning xulq-atvori butkul o‘zgarib, u Madinadagi eng hayoli ayolga aylandi.
Mo‘jiza boshqa narsa, lekin bu yerdagi axloqqa e’tibor bering! Tasavvur qiling! Siz bunday ayol bilan qanday munosabatda bo‘lardingiz?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ayollarning ehtiyojlari uchun tashvish chekishlari
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidlarining eshiklarini ayollar ibodatlarini ado etishlari uchun ochib qo‘yganlar. Ayollarni masjidlarga borishdan qaytarmanglar derdilar. Masjidi Nabiyda namozxon ayollarning soni ko‘paygach, faqat ayollar uchun mo‘ljallangan alohida eshik ochilgan. Bu “Bobun niso” (Ayollar eshigi) deb nomlangan eshik hozirgi kungacha saqlanib qolgan.
Ayollar masjidning oxirgi qismida to‘planishardi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning va’z-nasihatlarini tinglashardi.
Ummu Varaqa ismli keksa bir ayol bo‘lardi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vaqti-vaqti bilan uni ziyorat qilib turardilar. Bir kuni u Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan “Uyda namoz o‘qisam hamda ayollar ham to‘planib mening uyimda namoz o‘qisalar mumkinmi?” deb so‘radi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir muazzinni namoz vaqti kirganda uning uyining tagida azon aytish uchun tayinladilar.
Qarang, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollarni qanchalik hurmat qilganlar, ularning ehtiyojlarini o‘z o‘rnida hal etganlar.
Qiyin ahvolda qolgan ayollarga yordam berishga shoshilish
Albatta, ayol kishi o‘z tabiatiga ko‘ra erkak kishiga qaraganda hissiyotga beriluvchan, mehribon va yumshoq fe’lli bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinada musulmonlar qiyin ahvolda qolishganda hamda Tabuk jangiga tayyorgarlik bo‘layotganda ayollarni yordam berishga chaqirganlar.
Hayit namozidan keyin erkaklarga ehson qilish haqida xutba qilganlarida, erkaklar uylariga borib, ayollariga bo‘lgan xitobni so‘zlab berishlari bilan ayollar oltin sirg‘a va bilaguzuklarini yechib berganlar. Bugungi kunimizda ham bir qancha xayriya, saxovat ishlarida ko‘ngillik ko‘plab ayollarning peshqadam ekanlariga guvoh bo‘lmoqdamiz.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlaridan ayollar barcha ishlarda faol bo‘lishgan. Hatto ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bay’at berishardi. Bu haqda Qur’oni karimda oyat nozil bo‘lgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollar uchun jannatga borish yo‘lini juda oson qilganlar. Alloh taolo O‘z fazli va Nabiy sollallohu alayhi vasallamning duolari sababli jannatga erishish ko‘plab yo‘llarni ochib berdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar ayol kishi besh vaqt namozini o‘qisa, bir oy ro‘zasini tutsa, farjini saqlasa va eriga itoat qilsa, unga: “Jannatning qaysi eshigidan xohlasang, kiraver”, deyiladi», deganlar.
Qarang, ayollarga qanday sharaf berilgan!
Har bir ayol kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ularga shunchalik g‘amxo‘rlik qilganlarini biladimi?
Hatto, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bemor bo‘lib, jon berish vaqtlarida ham butun ummatlariga qilgan so‘nggi nasihatlarida ham: “Ayollar borasida Allohdan qo‘rqing (ularga yaxshi muomala qiling!)” deganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ayollarga mehribon, g‘amxo‘r bo‘lganlarini yaxshi tushunib yetgan har bir ayol kishida Payg‘ambarimiz alayhissalomga bo‘lgan muhabbat va u zot alayhissalomga ergashish ishqi yanada ortishi lozim!
Xuddi shuningdek, bu muhabbat har bir erkak kishini o‘z ahli-ayoli oldidagi burchlarini bajarishga, ayoliga yaxshi munosabatda bo‘lishga undashi kerak! Har bir erkak kishi ayoliga go‘zal munosabatda bo‘lishida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan namuna, ibrat olsin! Shunda Rasulullohning sunnatlariga ergashilgan bo‘linadi.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ayting (ey Muhammad!): “Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi” (Oli Imron surasi, 31-oyat).
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Yolg‘iz namoz o‘qiyotgan odam masalan, xufton namozini jahriy qilib o‘qiyotgan bo‘lsa va esidan chiqib maxfiy o‘qib yuborsa, uning hukmi nima bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu kishining namozi to‘liq ado etilgan hisoblanadi. Chunki yolg‘iz o‘qiyotgan namozxon jahriy namozlarni xohlasa jahriy yoki maxfiy o‘qishi mumkin. Ammo jahriy o‘qishi jamoat bilan ado etishga o‘xshaganligi uchun afzal hisoblanadi. Maxfiy namozlarda esa u ham maxfiy o‘qiydi. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam kunduz vaqtida o‘qiladigan namozlarda ovoz chiqarilmaydi, deganlar.
Yolg‘iz holatda namozni maxfiy o‘qiyotgan namozxon esida yo‘q jahriyga o‘tib ketib qolsa yoki jahriy o‘qiyotib maxfiyga o‘tib ketib qolsa, bu holatda sajdai sahv vojib bo‘lmaydi. Lekin qasddan qilsa, xatokor hisoblanadi.
Jahriy namozlarda qiroatni jahriy va maxfiy namozlarda maxfiy qilishning vojibligi jamoatga, ya’ni imomga tegishli masala hisoblanadi. Shuning uchun imom bu ishlarni unutib tark etsa, sajdai sahv qiladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi