Shu yil 22 oktyabr kuni Parij shahrida YUNЕSKO Bosh qarorgohida bo‘lib o‘tgan YUNЕSKO Ijroiya kengashining 220-sessiyasi yig‘ilishida "Sun’iy intellekt odob-ahloqi sohasidagi ilmiy tadqiqotlar uchun Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNЕSKO-O‘zbekiston mukofotini ta’sis etish to‘g‘risida"gi qaror YUNЕSKO Ijroiya kengashiga a’zo-davlatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Mazkur mukofotni ta’sis etish tashabbusi O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan edi. Shuningdek, 2023 yil 25 avgustida O‘zbekiston Prezidentining "Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNЕSKO - O‘zbekiston xalqaro mukofotini ta’sis etishni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.
Mukofot sun’iy idrok sohasida odob-axloq, inklyuzivlik va madaniy xilma-xillikni rag‘batlantirishi ko‘zda tutilgan. Shu bilan birgalikda, u jahon tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniyning ilmiy-ma’rifiy merosini xalqaro darajada chuqur o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni oshirish va keng targ‘ib qilishga ham xizmat qiladi.
Beruniy nomidagi xalqaro mukofot O‘zbekiston va YUNЕSKO o‘rtasidagi tobora rivojlanib borayotgan hamkorlik aloqalarida yangi sahifa ochib, nafaqat YUNЕSKO doirasida, balki butun BMT tizimi doirasida ham sun’iy intellektning odob-ahloq qoidalariga muvofiq rivojlanishiga va undan foydalanishga ko‘maklashuvchi hamda ushbu sohadagi ilmiy yutuqlar va xalqaro hamkorlikni rag‘batlantirishga qaratilgan birinchi xalqaro mukofot hisoblanadi.
Mukofot har ikki yilda bir marotaba uchta g‘olibga sun’iy intellekt odob-ahloqi bo‘yicha tadqiqotlarni rivojlantirishga hissa qo‘shadigan, bu sohadagi ilmiy hamkorlikni rag‘batlantiradigan va sun’iy intellekt axloqiy tamoyillarining amaliy qo‘llanilishini namoyish qiladigan aniq loyihalar va tashabbuslar uchun taqdim qilinadi. G‘oliblar pul mukofoti, sertifikat hamda medal bilan taqdirlanadilar.
Beruniy nomidagi mukofotga nomzod sifatida YUNЕSKOga a’zo barcha davlatlardan alohida shaxslar, ilmiy-tadqiqot institutlari, boshqa muassasalar va nohukumat tashkilotlar tomonidan ko‘rsatilishi mumkin. G‘oliblar sun’iy intellekt sohasida katta tajriba va mavqeyga ega mustaqil xalqaro hakamlar hay’ati tavsiyasi asosida aniqlanadi.
Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNЕSKO-O‘zbekiston mukofotining dastlabki g‘oliblarini taqdirlash marosimi 2025 yil noyabr oyida Samarqand shahrida o‘tkaziladigan YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiya doirasida tashkil etish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Shu yil 3-7 yanvar kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining 237 nafar pedagog-o‘qituvchilari uchun qisqa muddatli malaka oshirish o‘quvlari tashkil etildi.
O‘quv-mashg‘ulotlari maxsus reja va dars jadvali asosida bo‘lib o‘tdi. Darslar zamonaviy axborot texnologiyalari va interfaol uslublar yordamida o‘tildi. Unga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hududiy boshqarmalari, yurtimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan ma’ruzachilar taklif qilindi.
Malaka oshirish davomida pedagog-o‘qituvchilarning davlat va din munosabatlari, o‘quv jarayonida pedagogik texnologiyalardan unumli foydalanishda bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirish, talabalar orasida mutaassiblik va radikallashuvning oldini olish, ta’lim muassasalarida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur o‘quv-mashg‘ulotlarni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga sertifikatlar taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati