Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 11–16 noyabr kunlari yurtimiz bo‘ylab Bag‘rikenglik haftaligi o‘tkaziladi.
Ushbu haftalik doirasida mamlakatimizda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan "O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor" mavzusida Xalqaro press-klub bo‘lib o‘tdi.
Unda bir qator tashkilotlar, milliy madaniy markaz rahbarlari va konfessiya vakillari ishtirok etdi.
Spikerlar tomonidan mamlakatimizda olib borilayotgan millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik siyosatiga yuqori baho berib, yurtimizda keng nishonlanadigan "Bag‘rikenglik haftaligi" doirasida bo‘lib o‘tadigan tadbirlar xalqlarimiz orasidagi do‘stlik rishtalarining rivoj topishiga, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenlik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasida fuqarolar bilan muloqotni yanada mustahkamlash, aholini qiynayotgan masalalarni tinglash va ularga yechim topish maqsadida navbatdagi qabul bo‘lib o‘tdi.
Muftiy hazratning birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov qabul jarayonida yurtimizning turli hududlaridan kelgan fuqarolarning oilaviy munosabatlar, xayriya va saxovat ishlarini tashkil etish, ijtimoiy ko‘mak olish, shuningdek, diniy-ma’rifiy masalalarga oid murojaatlarini tingladi.
Har bir murojaat mazmunan chuqur o‘rganilib, fuqarolarni qiziqtirgan savollarga asosli va batafsil javoblar berildi. Ayrim muammolar shu joyning o‘zida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish, tahlil va muvofiqlashtirish talab etiladigan masalalar tegishli bo‘limlar va mas’ul mutaxassislarga yo‘naltirilib, ularning ijrosi nazoratga olindi.
Shu bilan birga, murojaatchilarga amaldagi qonunchilik hujjatlari, diniy-ma’rifiy me’yorlar va joriy tartiblar asosida huquqiy va amaliy tavsiyalar berildi. Bu esa fuqarolarning o‘z muammolariga to‘g‘ri yondashuvni shakllantirishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Fuqarolar qabul davomida inson qadrini ulug‘lash, aholi dardiga quloq tutish borasidagi bunday muloqotlarni yuqori baholab, minnatdorlik bildirishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati