Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Dekabr, 2024   |   26 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
27 Dekabr, 2024, 26 Jumadul soni, 1446
Maqolalar

Muoviya ibn Abu Sufyon xalifaligi

12.11.2024   2464   15 min.
Muoviya ibn Abu Sufyon xalifaligi

Ikkinchi fasl

Banu Umayya xalifalari

Muoviya ibn Abu Sufyon xalifaligi

(hijriy 41–60; milodiy 661–680)

Abdurrahmon ibn Abu Umayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi (u kishi Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sahobalaridan edilar):

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Muoviya haqida: «Allohim, uni hidoyat qiluvchilardan, hidoyat topganlardan qilgin va u ila hidoyat qilgin», dedilar». Imom Termiziy rivoyat qilgan.

Ushbu hadisi sharif Muoviya ibn Abu Sufyon uchun katta fazldir. Rasululloh, sollallohu alayhi vasallamning duolari ijobat bo‘lishida shubha yo‘q.


Muoviya ibn Abu Sufyonning nasabi

Muoviya ibn Abu Sufyon ibn Harb ibn Umayya ibn Abdushshams. U kishining kunyalari Abu Abdurrahmon bo‘lgan.

Muoviya ibn Abu Sufyonning otalari Abu Sufyon ibn Harb bo‘lgan. Qurayshning boshlig‘i bo‘lishidan oldin Abu Sufyon Islomning ashaddiy dushmani bo‘lgani ma’lum va mashhur.

Muoviya ibn Abu Sufyonning onasi Hind bint Utba ibn Rabi’adir. Bu ayolning ham Makka fathidan so‘ng Islomga kelgani, undan oldin Allohning dinining eng ashaddiy dushmanlaridan biri bo‘lgani ko‘pchilikka ma’lum. Uhud urushi kuni hazrati Hamza roziyallohu anhuning o‘limlariga va qiymalanishlariga aynan Hind bint Utba bosh bo‘lgani ham sir emas.

Muoviya ibn Abu Sufyon mazkur ota va onadan Makkai mukarramada hijratdan o‘n besh yil oldin tavallud topdi.

U kishi novcha, oppoq, kelishgan va haybatli odam bo‘lgan.

Muoviya ibn Abu Sufyonning hayoti

Ana shunday ota-onaning tarbiyasini olgan, shunday oilada unib-o‘sgan farzandning darhol musulmon bo‘lishi qiyin edi.

Muoviya ibn Abu Sufyon Xandaq g‘azotida mushriklar safida bo‘lgan, qattiq shamoldan qo‘rqib, ular bilan birga qochib ketgan.

Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu Xudaybiya yili – hijriy 6 (milodiy 627) yilda musulmon bo‘lgan, lekin buni maxfiy saqlagan. Fath yili – hijriy 8 (milo­diy 629) yilda Quraysh qabilasi Islomga kirgan paytda musulmonligini e’lon qilgan. O‘shanda u kishining yoshi yigirma uchda edi.

Keyinchalik Muoviya ibn Abu Sufyon Rasululloh sollal­lohu alayhi vasallam bilan Hunayn va Toif g‘azotlarida ishtirok etgan. Rasululloh, sollallohu alayhi vasallam u kishiga juda ko‘p o‘ljalar berganlar. O‘sha kuni qalbi ulfat qilingan shaxslardan hisoblangan va islomi go‘zal bo‘lgan.

Muoviya ibn Abu Sufyon Madinai munavvarada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vahiy kotiblaridan bo‘lgan.

Muoviya roziyallohu anhu hammasi bo‘lib 163 ta hadis rivoyat qilgan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishidan rozi bo‘lgan hollarida vafot etganlar. Muoviya roziyallohu anhu Yarmuk jangida ishtirok etgan, shuningdek, Damashqni fath qilishda akasi Yazidning askarlari ichida bo‘lgan, Qayosira shahri va Shomning dengiz bo‘yida joylashgan ba’zi yurtlarini fath qilishda qatnashgan.

Amvosdagi vaboda ko‘pgina sahobai kiromlar, jumladan, Damashqning amiri Yazid ibn Abu Sufyon ham vafot etib, uning o‘rniga ukasi Muoviya ibn Abu Sufyon roziyal­lohu anhu amirlik qila boshladi.

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning vafotlaridan keyin hazrati Umar roziyallohu anhu ham Muoviya ibn Abu Sufyonning amirligini tasdiqladilar.

Umar roziyallohu anhu u kishini barcha Shom yurtlariga voliy qilib tayinladilar. Muoviya ibn Abu Sufyon roziyal­lohu anhu hazrati Umar roziyallohu anhudan Rumga qarshi dengiz orqali g‘azot qilishga ruxsat so‘ragan, lekin hazrati Umar roziyallohu anhu ko‘nmaganlar, lekin keyinchalik u baribir Rum yerlariga qarshi g‘azot qilgan.

Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu, xalifaning amriga binoan, armanlar yurtini fath qilish maqsadida Shom tomondan Habib ibn Maslama Fixriy boshchiligida lashkar yubordi. Ma’lum muddat jang bo‘lganidan so‘ng ar­manlar sulh so‘radilar va orada sulh tuzildi.

Hijriy 25 yilda hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhu tomonlaridan Shomga bosh voliy etib tayinlangan Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu U kishining amrlari ila Rumning Amuriyya, Tartus va Antokiya degan joylarini fath qildi.

Muoviya roziyallohu anhu hazrati Usmon roziyallohu anhudan dengiz orqali g‘azot qilishga ruxsat so‘rab qattiq turib olgan va xalifaning ruxsati bilan u kishi boshchiligidagi askarlar Qibris – Kiprga g‘azot qilib, hijriy 28 (milodiy 648) yilda u yerni fath etganlar.

Hazrati Muoviya roziyallohu anhu musulmonlar ishtirok etgan eng katta dengiz jangida Rum askari ustidan g‘alabaga erishgan. Hijriy 31 (milodiy 651) yilda bo‘lib o‘tgan bu jang «Zotus-savoriy» jangi deb ataladi.

Xalifa Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning iznlari ila musulmonlarning dengiz kuchlarini tashkil qil­gan Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu har yili yoz faslida dengiz fathlarini o‘tkazib turar, bu ish rumliklarning tinchini buzar edi. Nihoyat ular Hiraqlning o‘g‘li Konstantin boshchiligida katta kuch to‘plab, ana shu misli ko‘rilmagan katta kuch bilan musulmonlar ustiga g‘orat qilish uchun otlanishdi.

Ular o‘zlarining besh yuzta kemalari bilan musulmonlarning g‘arbiy tomonini himoya qilib turgan Abdulloh ibn Sa’d va uning sheriklari tomon yopirilib borishdi. Ikki tomon yuzlashdi, rumliklar cho‘kinib, duolarini qilishdi, musulmonlar esa tilovat qilib, namoz o‘qidilar.

Tong otganda Abdulloh ibn Sa’d o‘z askarlarining kemalarini safga tizdi. Ularga Allohni zikr etishni va Qur’on tilovat qilishni buyurdi. Ana shu holni ko‘rgan musulmon askarlardan biri shunday hikoya qiladi:

«Ular biz tomon misli ko‘rilmagan ko‘p kemalar bilan, ularning yelkanlarini ko‘targan holda yurish boshlashdi. Shamol ularning foydasiga, bizning zararimizga (teskari) esar edi. Biz langar tashladik. Shamol biz uchun o‘ng‘aysizlik tug‘dirmay qo‘ydi. Ular quruqlikka chiqishdan bosh tortishdi. Biz ularga yaqinlashib bordik. Kemalarimizni ularning kemalariga bog‘lab, ular bilan qilichbozlikni boshladik. Odamlar qilich va hanjarlar bilan o‘zaro jang qilishardi. To‘lqin kemalarni qirg‘oq tomon surib chiqardi. Odamlarning jonsiz tanalarini ham sohilga chiqarib tashladi. Jasadlar katta toqqa o‘xshab uyulib ketgan edi. Qon rangi suvni qizilga bo‘yadi. O‘sha kuni musulmonlar misli ko‘rilmagan sabr-matonat ko‘rsatdilar. Ulardan ko‘plari shahid bo‘ldilar. Rumliklardan esa ularga qaraganda bir necha barobar ko‘p odam halok bo‘ldi. So‘ng Alloh musulmonlarga nusratni nozil qildi».

Bu jangning «Zotus-savoriy»«Yelkan egalari» yoki «Yelkanlar jangi» deb nomlanishi ham shundan.

Muoviya ibn Abu Sufyonning xalifaga qarshi chiqishi

Hazrati Usmon shahid bo‘lganlaridan keyin Aliy ro­ziyallohu anhuga xalifa sifatida bay’at qilindi. U kishi hazrati Usmon tomonlaridan saylangan barcha voliylarni ishdan oldilar. Bu ishdan norozi bo‘lgan Muoviya ibn Abu Sufyon bay’at qilishdan bosh tortdi. Shu sababli xalifa bilan u kishi o‘rtasida janjal ham bo‘lib o‘tdi. Bu ishlar xavorijlardan biri tomonidan hazrati Aliy roziyallohu anhuning qatl qilinishlari bilan nihoyasiga yetgach, haz­rati Aliy roziyallohu anhuning o‘g‘illari imom Hasanga bay’at qilindi. Ko‘p o‘tmay, imom Hasan musulmonlarning qonini saqlab qolish maqsadida hokimiyatni Muoviyaga topshirib, o‘zlari xalifalikdan voz kechdilar. Bu bilan musulmonlarni birlashtirdilar.

Muoviya roziyallohu anhu hijriy 41 (milodiy 661) yil­da qonuniy xalifa sifatida ish boshladi. Shu yil «jamoat yili» deb ataldi. Ishlar qaror topdi, yurt xavfsizligi hamma yoqqa tarqaldi. Ichki ixtiloflar tufayli to‘xtab qolgan yangi yerlarni fath qilish ishlari yana yo‘lga qo‘yildi.

Hazrati Aliy shahid bo‘lgach, u kishining o‘g‘illari imom Hasan hijriy 41 yilning rabi’ul avval oyida o‘z ixtiyorlari bilan Muoviya ibn Abu Sufyonga bay’at qilganlaridan so‘ng u kishi xalifa bo‘ldi. Bungacha yigirma yildan buyon amirlik qilib kelgan Muoviya ibn Abu Sufyon yana yigirma yil xalifalik qildi.

Muoviya ibn Abu Sufyonning xalifalik davrida Islom jamiyati yana ham kengaydi va markaziy hukumat atrofida birlashdi.

Muoviya ibn Abu Sufyon nihoyatda halim odam bo‘lib, u kishining bu xislati zarbulmasal bo‘lib ketgan edi. Hatto Ibn Abuddunyo va Abu Bakr ibn Osimlar Muoviya ibn Abu Sufyonning hilmi haqida alohida risolalar ham yozganlar. Tarix va adabiyot kitoblarimizda mazkur hilmni vasf etuvchi hikoyalar juda ko‘p:

«Muoviya ibn Abu Sufyon hajga kelganida, uning oldiga o‘zining qattiq muxolifati bilan tanilgan ayollardan Bakkora Hiloliyani olib kirishdi. Xalifa Muoviya ibn Abu Sufyon u ayoldan: «Nima uchun Aliyni yaxshi ko‘rib, meni yomon ko‘rding va uni do‘st tutib, meni dushman bilding?» deb so‘radi.

«Javobdan meni ma’zur tuting», dedi ayol.

«Ma’zur tutmayman», dedi xalifa.

«Unday bulsa, eshiting. Men Aliyni fuqarolarga adolati uchun, narsani hammaga teng taqsim qilgani uchun yaxshi ko‘rdim. Sizni esa xalifalikka sizdan ko‘ra haqliroq odamga qarshi urush qilganingiz uchun yomon ko‘rdim. Sizga qonxo‘rligingiz, qozilikda zulm qilganingiz va xavoi nafsingiz ila hukm qilganingiz uchun dushman bo‘ldim», dedi ayol».

Yana boshqa bir misol:

«Bir kuni xalifa Muoviya ibn Abu Sufyon minbarda turib, xutba qilayotgan edi. U o‘sha paytda odamlarga beriladigan moddiy yordamni to‘xtatib qo‘ygandi.

Odamlar ichidan Abu Muslim ismli kishi o‘rnidan turib: «Ey Muoviya! O‘sha beriladigan narsa sening mehnatingdan ham, otangning mehnatidan ham, onangning mehnatidan ham emas edi!» dedi. Muoviya g‘azablandi. Minbardan tushdi. Odamlarga: «To kelgunimcha turib turinglar, - de­di-da, kirib ketib, bir muddat hayallab qoldi. So‘ng qaytib chiqdi. G‘usl qilib olgan edi. Keyin: «Abu Muslim menga gapirib, g‘azabimni chiqardi. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «G‘azab shaytondandir. Shayton esa olovdan yaratilgan. Olov esa suv bilan o‘chiriladi. Qachon biringiz g‘azablansa, g‘usl qilib olayin» deganlarini eshitgan edim. Kirib, g‘usl qilib chiqdim. Abu Muslim to‘g‘ri aytdi. Albatta, u mening mehnatimdan ham emas, otamning mehnatidan ham emas. Kelinglar, oladigan atolaringizni olinglar», dedi».

Imom Tabaroniy va Abu Ya’lo rahmatullohi alayhimo Abu Funayldan rivoyat qiladilar:

«Muoviya ibn Abu Sufyon bir juma kuni minbarga chiqdi va xutbasida: «Mol bizning molimiz va o‘lja bizning o‘ljamiz. Kimga xohlasak – beramiz. Kimga xohlamasak, bermaymiz», dedi.

Biror kishi unga javob bermadi.

Ikkinchi juma kuni yana o‘sha gapni aytdi.

Biror kishi unga javob bermadi.

Uchinchi juma kuni yana o‘sha gapga o‘xshash gapni aytdi. Shunda masjidda hozir bo‘lganlardan bir kishi o‘rnidan turib: «Yo‘q! Unday emas! Mol bizning molimiz va o‘lja bizning o‘ljamiz. Kim bizni undan to‘ssa, qilichlarimiz ila uni Allohning mahkamasiga o‘tkazamiz!» dedi.

Muoviya ibn Abu Sufyon pastga tushdi. Haligi kishiga odam yubordi. Uni ichkariga olib kirib ketishdi. Odamlar: «Bu odam endi o‘ldi», deyishdi. So‘ng kirib qarashsa, haligi odam u bilan so‘rida o‘tirgan ekan. Muoviya odamlarga: «Bu meni tiriltirdi. Alloh uni tiriltirsin! Ra­sululloh sollallohu alayhi vasallamning «Mendan keyin amirlar bo‘lur. Ular gap aytsalar, rad qilinmas. Ular olovga maymunlar talashgandek, talashib qilurlar» deganlarini eshitgan edim.

Men birinchi juma kuni gapirganimda, menga hech kim ja­vob qaytarmadi. Men ham o‘shalardanmikanman deb qo‘rqdim.

Ikkinchi juma kuni gapirganimda, menga hech kim javob qaytarmadi. Men ham o‘shalardanmikanman deb qo‘rqdim.

Uchinchi juma kuni gapirganimda, manavi kishi turib, menga qarshi so‘z aytdi. U meni tiriltirdi. Alloh uni ti­riltirsin!» dedi».

Muoviya ibn Abu Sufyonning hayot yo‘li, u kishining avval kim bo‘lgani-yu, keyin kimga aylanganini o‘rganar ekanmiz, bu ham Islomning yana bir mo‘jizasi ekaniga tan beramiz.

Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu Islomga eng ashaddiy dushman bo‘lgan ota-onadan tug‘ilib, ularning tarbiyasida o‘sdi. U kishi ota-onalariga qo‘shilib, bir muddat Islom dushmani bo‘lib yurdi. Makkai mukarrama fath bo‘lib, hamma Islomni qabul qilayotganda ko‘pchilikka qo‘shilib musulmon bo‘ldi, bo‘lganda ham, juda go‘zal, hammaga namuna bo‘ladigan musulmonga aylandi.

U kishi Islomni qabul qilgan ilk kunlaridanoq Rasu­lulloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida vahiyni yozadigan mirzalardan biri bo‘ldi.

U kishi uchun Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga sahoba bo‘lishning o‘zi katta baxt edi. Ammo Muoviya ibn Abu Sufyon bu bilan kifoyalanib qolmay, yuqori cho‘qqilarga intildi. Islomni puxta o‘rgandi va faqih sahobalar qatoriga qo‘shildi.

Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida uch yilgina birga bo‘lgan bo‘lsa ham, ko‘p narsalarni o‘rganib ulgurgan Muoviya ibn Abu Sufyon hazrati Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning davrlarida oddiy jangchi bo‘lib urushda ishtirok eta boshladi va amir darajasiga ko‘tarildi. U kishi to‘rt roshid xalifa davrlarida yigir­ma yil amirlik qilib, Shomda Islomning tarqalishiga va mustahkamlanishiga katta hissa qo‘shdi.

Muoviya ibn Abu Sufyonning xalifalik davrida Islom Atlantika okeani qirg‘oqlarigacha yetib bordi. U kishining Islom uchun bu davrda qilgan xizmatlari haqida ko‘p jildlik kitoblar yozilgan.

Bunday holat faqat Islomdagina bo‘lishi mumkin. Boshqa holatlarda esa «Chayonning bolasi chayon, dushmanning bolasi dushman bo‘ladi» deb, Muoviya ibn Abu Sufyonga o‘xshaganlar o‘ldirib yuborilishlari turgan gap edi. Ammo «Islom o‘zidan oldingi narsani yuvib tashlaydi» degan qoida Muoviya ibn Abu Sufyonga o‘zini ko‘rsatishga imkon yaratib berdi va u kishi Islomga nisbatan fidokorlikni namoyon qildi.

Kutubxona
Boshqa maqolalar

"Mahalla yettiligi"ning vazifalari nimalardan iborat?

26.12.2024   5023   1 min.

O'zbekiston Mahallalar uyushmasi tomonidan tayyorlangan yuqoridagi rolikda "Mahalla yettiligi" tarkibining vazifalari haqida ma'lumot berilgan.

"Yettilik" quyidagilardan tarkib topgan: mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, soliq xodimi hamda ijtimoiy xodim.