Rossiya Federatsiyasi Astraxan shahrida
“An’anaviy islom: mohiyat, imkoniyatlar va muammolar” mavzusidagi
I Xalqaro ilmiy-diniy konferensiya o‘tkazildi
Astraxan viloyati musulmonlari mintaqaviy Diniy idorasi, Rossiya musulmonlarining markaziy Diniy idorasi, Astraxan viloyati gubernatori Administratsiyasi tomonlaridan tashkil etilgan “An’anaviy islom: mohiyat, imkoniyatlar va muammolar” mavzusidagi I Xalqaro ilmiy-diniy konferensiyada O‘zbekiston musulmonlari idorasining vakili I. Inomov ishtirok etdi.
Mazkur konferensiyada Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston davlatlaridan hamda Rossiya Federatsiyasining Tatariston Respublikasi, Dog‘iston Respublikasi, Checheniston Respublikasi va boshqa mintaqalaridan 230 dan ortiq ishtirokchilar, diniy soha xodimlari, universitet rektorlari, mutaxassislar, ilmiy tadqiqotchilar, yetakchi dinshunos olimlar, ilmiy, siyosiy va jamoat arboblari, milliy diasporalar vakillari, talabalar hamjamiyati vakillari qatnashdilar.
“Bugungi kunda diniy sohada ibratli namuna mamlakat” deb nufuzli anjumanda ta’rif etilgan O‘zbekiston mamlakati vakiliga sharaf bilan birinchi bo‘lib so‘z berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili I Xalqaro ilmiy-diniy konferensiya ishtirokchilariga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining katta salom va duoi-xayrlarini hurmat ila yetkazdi.
Diniy idoramiz vakili o‘z so‘zida davlatimiz, hukumatimiz tomonidan O‘zbekiston zaminidan chiqqan buyuk allomalarimizning ilmiy merosi, hozirgi kunda ularning asarlarini o‘rganish, tarjima va tadqiq qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlar faoliyati va yangidan tashkil etilayotgan oliy diniy ta’lim muassasalari hamda yurtimizda azaliy diniy qadriyatlarimizga, milliy urf-odatlarimizga eng yuqori darajada hurmat bilan juda ham katta e’tibor berilayotgani haqida so‘zlab berdi.
Berilgan ma’lumotlar anjuman mehmonlarida katta qiziqish uyg‘otib, yaxshi taassurot qoldirdi.
Ta’sirli misollardan so‘ng konferensiya ishtirokchilaridan taqdim etilgan savollarga qoniqarli va batafsil javoblar berildi.
Tadbir so‘ngida bir ovozdan qabul qilgan Rezolyutsiyada konferensiya ishtirokchilari an’anaviy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirish bo‘yicha o‘z qarashlarini bayon qildilar.
Rossiya Federatsiyasi Astraxan viloyati musulmonlarining Mintaqaviy Diniy idorasi raisi, muftiy Rauf Djantasov bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili o‘zaro iliq va samimiy suhbat davomida Muftiy Rauf Djantasovga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining katta salom va duoi-xayrlarini hurmat ila yetkazdi.
Muftiy Rauf Djantasov “Islom olamida yuqori nufuzga ega bo‘lgan O‘zbekiston degan yurtdan bizni hurmat qilib, so‘zimizni yerda qoldirmasdan, taklifimizni inobatga olib, O‘zbekiston Diniy idorasidan vakil yuborgani uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy hazratlari, Shayx Nuriddin Xoliqnazar janoblaridan cheksiz minnatdormiz!” deb, xursandligini bir necha bor samimiy izhor etdi.
Kunning ikkinchi yarmida tashkilotchilarning dasturlariga binoan Xalqaro konferensiya ishlari Astraxan davlat tibbiyot universitetida davom etdi.
57 davlatdan kelgan 2600 ta talaba tahsil olayotgan universitetda islom diniga mansub 480 dan ziyod o‘qituvchi-talabalar bilan o‘tkazilgan samimiy suhbatda ma’ruza qilgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili “Ota-ona rozi – Xudo rozi!”, “O‘zga din vakillari bilan muloqot odoblari”, “Istiqomat qilib turgan joyning qonun-qoidalariga nisbatan hurmat va itoat”, “Har xil begona g‘oyalardan ehtiyot bo‘lish – zamon talabi!” mavzularida to‘xtalib o‘tdi.
Qiziqtirgan har qanday diniy savollar bo‘yicha har bir o‘qituvchi-talaba o‘z yurtlaridagi Diniy idoralarining rasmiy sayt-kanallaridan foydalanishga chaqirib, zarurat paydo bo‘lsa, o‘zi istiqomat qiladigan hududdagi rasmiy masjid imom-xatibiga murojaat qilish maqsadga muvofiqligi ta’kidlab o‘tildi.
Ayniqsa bugungi kunda har xil diniy oqimlardan ehtiyot bo‘lish dolzarbligi – ham shariat buyrug‘i, ham zamon talabi, ham davr ehtiyoji ekanligiga e’tibor qaratildi.
Anjuman doirasida jahonga mashhur bo‘lgan Astraxan davlat tibbiyot universiteti prorektori tibbiyot fanlari doktori, professor Bashkina Olga Aleksandrovna ham “Yaqinda O‘zbekistonga Rossiya Prezidentining davlat tashrifida borganini, O‘zbekiston diyori – o‘zgacha diyor ekanligini, go‘yo ertakning ichiga kirib chiqqanligini hamda yana borish juda ham katta istagi borligini” to‘lqinlanib ifoda etdi.
Astraxan viloyati musulmonlarining Mintaqaviy Diniy idorasi raisi O‘zbekistonda Prezident Sh.Mirziyoyev boshchiligida diniy-ma’rifiy sohada erishilayotgan yutuqlar va islohotlarga yuqori baho berib, “Biz sizlarning yurtingizga havas qilamiz! O‘zbekistonning bu boradagi boy tajribasidan ko‘p narsa o‘rganishimiz kerak” deb samimiy e’tirof etdi.
Muftiy Rauf Djantasov o‘zining katta salomini O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlariga yetkazishni so‘radi.
Konferensiya doirasidagi tadbirlar Astraxan viloyati musulmonlarining Mintaqaviy Diniy idorasining
https://vk.com/islamastrakhan,
https://t.me/rdum_ao hamda
https://vgtrk.ru/russiatv Rossiya 1,
https://t.me/governorspressoffice/18869,
https://vk.com/video-40567160_456244639,
https://vk.com/video-217857666_456246465?access_key=b3c4ff78050a020a63 kabi ijtimoiy tarmoqlarda ham keng yoritildi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Imom Bayhaqiy, Abu Ubayd va Ibn Asokirlar Suvayd ibn G‘afla roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
«Umar roziyallohu anhu Shomga kelganida ahli kitoblardan biri: «Ey mo‘minlarning amiri! Mo‘minlardan biri meni o‘zing ko‘rib turgan holga soldi», dedi. U kaltaklangan, boshi yorilgan holda edi. Umar roziyallohu anhu qattiq g‘azablandi va Suhayb roziyallohu anhuga:
«Bor, qara-chi, buning sohibi kim ekan?» dedi.
Suhayb roziyallohu anhu borib qarasa, u Avf ibn Molik roziyallohu anhu ekan.
Suhayb unga: «Mo‘minlarning amiri sendan qattiq g‘azablandi. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuning oldiga bor, u zot bilan gaplashsin. Umar shoshilib, seni bir narsa qilib qo‘yadimi, degan xavfdaman», dedi.
Umar roziyallohu anhu namozni o‘qib bo‘lib:
«Suhayb qani?! U odamni keltirdingmi?!» dedi.
«Ha», dedi Suhayb.
Avf Muozning oldiga borib, bo‘lgan voqeani aytib bergan edi, bas, Muoz o‘rnidan turib:
«Ey mo‘minlarning amiri! U Avf ibn Molik ekan. Uning gapini eshitib ko‘ring. Shoshilib, uni bir narsa qilib qo‘ymang», dedi. Umar unga:
«Sening bu bilan nima ishing bor?!» dedi.
«Ey mo‘minlarning amiri, qarasam, bu bir muslima ayolning eshagini yetaklab ketayotgan ekan. Eshak sakrab, ayolni yiqitib yuboray debdi. Lekin ayol yiqilmabdi. Manavi bo‘lsa, uni turtib yiqitib, o‘zini ayolning ustiga otdi», dedi Avf.
Umar unga: «Menga ayolni olib kel, aytganingni tasdiqlasin», dedi.
Avf ayolning oldiga bordi. Ayolning otasi bilan eri: «Nima qilib qo‘yding?! Bizning sohibamizni sharmanda qilding-ku!» dedilar.
Biroq ayol: «Allohga qasamki, u bilan boraman!» dedi.
Otasi bilan eri: «Biz borib, sening nomingdan gapiramiz», dedilar va Umar roziyallohu anhuning huzuriga kelib, Avf aytgan gaplarga o‘xshash gap aytdilar.
Bas, Umar amr qildi. Yahudiy osildi.
So‘ngra Umar: «Biz sizlar bilan bunga sulh qilganimiz yo‘q. Ey odamlar! Muhammadning zimmasi haqida Allohdan qo‘rqinglar! Ulardan kim bu ishni qilsa, unga zimma yo‘q!» dedi.
Suvayd: «O‘sha men ko‘rgan yahudiy Islomda birinchi osilgan odam edi», dedi».
Bu hodisada Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning siyosat yoki tashviqot uchun emas, balki adolat uchun ish olib borishlari yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Mazkur yahudiy qilar ishni qilib qo‘yib, makkorligini ishga solgan edi. U: «Musulmonlarning xalifasi kelib turibdi, hozir siyosat nozik paytda unga arz qilsam, siyosat uchun mening tarafimni oladi», deb o‘ylagan edi.
Darhaqiqat, ish avvaliga, sirtdan qaraganda yahudiy o‘ylaganicha boshlandi. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu katta sahobiy Avf ibn Molik roziyallohu anhuning obro‘siga e’tibor qilmay, ishning haqiqatini surishtira boshladilar. U kishidan boshqa odam bo‘lganida bir yahudiyni deb, o‘zimizning obro‘li odamni xijolat qilmaylik, degan mulohazaga borishi mumkin edi. Ammo hazrati Umar roziyallohu anhuning tabiatlarida va u kishi ko‘rgan tarbiyada bunday mulohaza bo‘lishi mumkin emas edi.
U kishidan boshqa odam bo‘lganida siyosat uchun, nohaqdan bo‘lsa ham ularning yonini olishi mumkin edi. Ammo hazrati Umar roziyallohu anhu bunday qilishlari mumkin emas edi. U kishi aybdor kim bo‘lishidan qat’i nazar, uning aybiga yarasha jazosini berish tarbiyasini olganlar. Va shunday qildilar ham.
«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi