Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ma’ruf Karxiy rahimahulloh yoronlari bilan Bag‘dodda daryo yoqasida o‘tirgan edilar. Shunda daryo yoqalab bir qancha yosh yigitlar gaplashib, kulishib, raqs tushib, mast bo‘lib o‘tib ketishdi. Boshqa bir yo‘lovchilar Ma’ruf Karxiyni tanib qolib: "Ey Shayx, bu yigitlarning Allohga isyon qilib yurishlariga indamay turasizmi? Ularni duoibad qilmaysizmi?" deyishdi. Shunda Ma’ruf Karxiy hazratlari qo‘llarini osmonga ko‘tarib: "Allohim, ularni bu dunyoda xursand qilib qo‘yganingdek, oxiratda ham ularni xursand qilgin", deb duo qildilar. Boyagi kishilar bundan hayron bo‘lib: "Ularni duoibad qilish o‘rniga ularning haqqiga duoixayr qildingizku?" deyishdi. Ma’ruf Karxiy rahimahulloh: "Agar Alloh taolo ularni oxiratda xursand qilsa, demak ularni bu dunyoda tavba qilishlariga muvaffaq qiladi", dedilar.
Abu Homid G‘azzoliyning "Ihyou ulumiddin" kitobidan.
Bu rivoyatdan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, Allohning do‘sti bo‘lgan valiy zot Ma’ruf Karxiyning tariqatlarida insonlarga hidoyat va yaxshilikni ixlos bilan tilash asos qilib olingan. Umuman olganda barcha tasavvuf tariqatlari insonlarga faqat ezgulik tilashni o‘zlariga asos qilib olgan, ularga na zohirda va na botinda zarar berishdan butkul yiroq. Zero, Alloh yaratgan maxluqotlarga nisbatan dilda yomon ko‘rish va nafrat saqlash Islom dini axloqidan emas. To‘g‘ri, gunoh har doim ham yomon ko‘riladi, lekin gunohkorning o‘zidan nafratlanilmaydi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
Bugungi jamiyatimizda odob-axloq jihatidan oqsoqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Salom berish, yordamga muhtojlarni ko‘rganda ko‘maklashish, o‘zidan kattalarga hurmat ko‘rsatish kabi qadriyatlar kamayib borayotganini hech kim inkor qilmasa kerak. Holbuki, har bir ota-ona farzandining ilmli, solih va yetuk inson bo‘lib kamol topganini ko‘rishni orzu qiladi. Biroq “holva” degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaydi. Ya’ni quruq orzu-havasning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki doimiy va tartibli ta’lim-tarbiya ishiga kirishish lozim bo‘ladi. Bu borada jamiyatdagi insonlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:
1. O‘zi ham amal qilib, farzandini ham ezgulikka yetaklaydiganlar. Bu tutum dunyo va oxirat saodatini ko‘zlagan mo‘minning yo‘li. Tarbiyada eng samarali omil ota-onaning shaxsiy namunasidir. Bolaga, avvalo, Allohni tanitish va solih amallar bilan o‘rnak bo‘lish lozim. Qur’oni karimda ta’kidlanganidek, iymon keltirib, ezgu amal qilganlarga dunyoda pokiza hayot, oxiratda esa abadiy jannat bashorati berilgan (Nahl surasi, 97-oyat).
2. O‘zi amal qilmay, farzandi tarbiyasiga mol-dunyo sarflaydiganlar. Unutmang, pul hamma narsani hal qilmaydi. Ota-onaning o‘zi diniy va axloqiy majburiyatlarni bajarmasa, pand-nasihatlari farzandga ta’sir qilmaydi. Oilaviy muhitda ota ta’minotga, ona tarbiyaga mas’ul bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik bo‘lishi shart.
Shuningdek, ota-onalarning behuda ishlar, masalan, telefonga ko‘p bog‘lanib qolishi tarbiyadagi eng katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Farzand kamoloti uchun uning vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, uyqu va dars tartibini doimiy nazoratda tutish, tartibni ushlash lozim. Eng muhimi, xulq ilmdan ustun turadi: xulqsiz berilgan ilm insonni zalolatga yetaklaydi, shu bois farzandga go‘zal axloqiy tarbiya berib, so‘ng ilm bilan ziynatlash kerak.
3. O‘zi ham amal qilmay, farzandini ham bunga chaqirmaydiganlar. Bu toifaning oqibati xatarlidir. Alloh taolo Toha surasida bunday marhamat qiladi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang hayot bo‘lur...” (124-oyat). Mana shu oyatning o‘ziyoq kishini sergak torttirib, bu toifadan bo‘lib qolmaslikka undashi lozim.
Xulosa shuki, farzand qalbi va ruhiyati ildiz otishi kerak bo‘lgan daraxt ko‘chati kabidir. Uning ildizini iymon va taqvo mustahkamlaydi. Shunday ekan, kim farzandlari kamolini ko‘rishni istasa, amali va e’tiborini bilan shunga harakat qilsin. Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda bardavom qilib, zurriyotlarimiz kamolini ko‘rsatsin.
Aziza RAHMATOVA,
Samarqand tumani bosh otinoyisi