Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Iyun, 2026   |   21 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:36
Shom
19:58
Xufton
21:35
Bismillah
08 Iyun, 2026, 21 Zulhijja, 1447

Shu duoni qilinglar, boshqalarga ham o‘rgatinglar.......

15.11.2024   14425   10 min.
Shu duoni qilinglar, boshqalarga ham o‘rgatinglar.......

Bir qiz aytadi: «Mahzun bo‘lgan damlarimda Allohning g‘azabiga sabab bo‘ladigan ko‘p so‘zlarni aytib yuborardim. O‘zimga yomonlik, hatto o‘lim tilar edim. Keyin esa bu qilayotgan ishim harom ekanini bilib qoldim. Shundan keyin qayg‘uga tushganimda bunday gaplarni og‘zimga olmaydigan bo‘ldim. Lekin ahvolim battar og‘irlashaverdi. Qayg‘ularimni, alamlarimni qanday ifodalashni bilmay qoldim. Endi nima qilaman? Endi nima deyman? Nima qilishimni bilmay ancha vaqt yurdim. Bir kuni bir olimning Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qiyinchilik, tashvish va qayg‘u kelganda aytadigan duolar haqida so‘zlayotganini eshitib qoldim-u, qalbimda misli ko‘rilmagan xotirjamlikni tuydim, chunki qayg‘ular o‘rab olganda nima deyishni o‘rganib olgan edim! Ana shu duolar bilan g‘am-tashvishlarimni ifodalay olaman. O‘sha zahoti Robbimga duo qildimu, Islom dini nimani harom qilgan bo‘lsa, albatta uning o‘rniga pokiza, halol narsani ham ko‘rsatib berganini tushunib yetdim. Demak, Alloh taolo bizga qayg‘u vaqtida U Zotni g‘azablantiradigan so‘zlarni harom qilib, buning o‘rniga U Zot rozi bo‘ladigan, dardlarni aritadigan duolarni o‘rgatgan ekan».
 

Birinchi duo

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam g‘am-tashvish paytida «Laa ilaaha illallohul‑’aziymul‑haliym, laa ilaaha illallohu Robbus‑samaavaati val‑ardi va Robbul‑’arshil‑’aziym», deb duo qilar edilar» (Imom Buxoriy, imom Muslim rivoyati).

Ma’nosi: «Buyuk, Halim Allohdan o‘zga iloh yo‘q. Yeru osmonlarning Robbi, buyuk Arshning Robbi Allohdan o‘zga iloh yo‘q».

Mulohaza:

Bu hadisni bizga aytib berayotgan buyuk sahobiy – Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafot etganlarida o‘n uch yashar o‘spirin bo‘lgan. U kishi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam g‘am-tashvishga tushgan vaqtlarida shu duoni aytayotganlarini eshitib yurgan, uni ko‘p aytganlari uchun eshitaverib, yodlab olgan.

Yoshlar (qizlar ham, o‘g‘il bolalar ham) balog‘at yoshiga, ya’ni o‘smirlik yoshiga yetmay turib ham bu duoni o‘rganib olsalar yaxshi bo‘ladi, chunki o‘smirlik ham turli tashvishlar, muammolar ko‘p bo‘ladigan davrdir. Bu davrning o‘ziga xos muammolarini yengishda bu duoni yodlab, uni ixlos bilan o‘qib yurish foydalidir.

Pokiza singlim! Mahzun bo‘lganingizda bu duoni oila a’zolaringiz – aka-uka, opa-singillaringiz eshitadigan qilib aytib yuring. Qarabsizki, ular ham sizdan eshitib, yodlab olishadi. Duoni ularga eshittirib aytsangiz, qayg‘uda ekaningizni bilib, sizga muloyim munosabatda bo‘lishadi, ko‘p bezovta qilmaslikka harakat qilishadi. Bundan tashqari, bu duoni oila a’zolaringizga eshittirib aytish bilan Ibn Abbos roziyallohu anhumoga eshittirib duo qilgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ham ergashgan bo‘lasiz!

 

Ikkinchi duo

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga g‘am-tashvish yetsa, «Yo Hayy, yo Qayyum! Rahmating bilan yordam so‘rayman!» der edilar» (Imom Termiziy rivoyati).

 

Uchinchi duo

Abu Bakra Nofe’ ibn Horis Saqafiy roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: "Mushkuli borning duosi budir: «Allohim, rahmatingdan umidvorman. Meni ko‘z yumib-ochguncha ham o‘z holimga tashlab qo‘ymagin, hamma ishlarimni O‘zing o‘nglagin, O‘zingdan o‘zga iloh yo‘q"» (Imom Abu Dovud rivoyati).

 

To‘rtinchi duo

Asmo bint Umays roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga bunday deganlar: «Senga mushkul paytda nima deyishni o‘rgataymi? «Alloh, Robbim Alloh! U Zotga hech narsani sherik qilmayman» degin» (Abu Dovud, Ibn Moja rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qizlari Fotima roziyallohu anhoga qayg‘ulardan saqlaydigan, ertalab va kechqurun aytiladigan go‘zal duoni bunday o‘rgatgan ekanlar:«Vasiyatlarimni eshiting, Fotima! Sizga vasiyatim shuki, tong otganda yoki kech kirganda shunday duo qiling: «Yo Hayy, yo Qayyum! Rahmating bilan yordam so‘rayman! Hamma ishlarimni O‘zing o‘nglagin, meni ko‘z yumib-ochguncha ham o‘z holimga tashlab qo‘ymagin!»

Ayol zoti erkaklarga nisbatan qayg‘ularga ko‘proq duch keladi. Shuning uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Alloh taolo g‘amlarni aritishi uchun aytiladigan duolarni ayollarga o‘rgatishga juda e’tiborli bo‘lganlar. Qizlari Fotima roziyallohu anhoga qayg‘ulardan saqlaydigan, tongda va kechda aytiladigan duoni, Asmo bint Umays roziyallohu anhoga boshga mushkul ish tushganda aytiladigan duolarni o‘rgatmoqdalar.

Beshinchi duo

Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Bir bandaga g‘am-tashvish, qayg‘u yetganda «Allohim, men Sening qulingman, qulingning, cho‘ringning farzandiman! Taqdirim qo‘lingda, hukmingdaman! Menga chiqargan hukming adolatli. O‘zing aytgan, maxluqotlaringga o‘rgatgan, Kitobingda keltirgan, g‘ayb ilmingda saqlab qo‘ygan barcha ismlaring haqqi, Qur’onni qalbimning bahori, qalbimning nuri, qayg‘ularimning kushoyishi, g‘amlarimning arituvchisi qilgin!» desa, Alloh taolo uning g‘am-tashvishlarini yetkazib, o‘rnini xursandchilik bilan to‘ldiradi».

Sahobalar «Ey Allohning Rasuli, bu duoni o‘rganib olaylikmi?» deyishgan edi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ha, bu duoni eshitgan odamga uni o‘rganish vojib bo‘ladi», dedilar» (Imom Ahmad rivoyati).

Boshqa rivoyatda u zot «Shunday duo qilinglar, uni boshqalarga ham o‘rgatinglar! Kim bu duolarni aytsa, Alloh uning mahzunligini ketkazib, xursandchiligini bardavom qiladi», deganlar.

Bir qiz aytadi: «Men bu duolarni ko‘p aytar edim, lekin o‘zimdan «Nega «Allohim, Qur’onni qalbimning bahori, qalbimning nuri, qayg‘ularim kushoyishi, g‘amlarimning arituvchisi qilgin», deb duo qilamiz? Qanday qilib Qur’onni o‘qimasak ham, oyatlari haqida fikr yuritmasak ham, qayg‘ularimizning yechimi bo‘ladi?» deb so‘rayverardim.

Shunga qaramay, bu duoni ko‘p aytib yuraverdim. Natija esa meni hayron qoldirdi… men Qur’onni qattiq sevib qoldim. Tilovatiga sho‘ng‘ib, butun vujudim bilan uning halovatini his etardim. Har safar Qur’oni Karimni qo‘lga olganimda ajib hislar tuyar edim. Uni tilovat qilganimda meni baxt o‘rab olar, hayotimda Qur’onning o‘rni kengaygan sari saodatim ham ortib boraverardi. Qarabsizki, boshimga kulfat tushganda Alloh taolo duolarimni qabul qildi, Qur’onni qalbimning bahori, qalbimning nuri, qayg‘ularimning kushoyishi, g‘amlarimning arituvchisi qilib qo‘ydi.

Kim bu duoni tildan qo‘ymay aytib yursa, Alloh taolodan Qur’oni Karimni sevib tilovat qilishga, uni tushunib, unga amal qilishga muhabbat uyg‘otishini yolvorib so‘rasa, Alloh taolo uni Qur’onga oshiq qilib qo‘yar ekan. Alloh kimni Qur’onga muhabbat bilan siylagan bo‘lsa, bu inson qayg‘ulariga eng yaxshi malhamni topgan bo‘lar ekan».

 

Boshqa bir qiz aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshga g‘am-qayg‘u tushgan paytda aytiladigan duoni o‘rgatib, «Shu duoni qilinglar, boshqalarga ham o‘rgatinglar! Kim bu duolarni aytsa, Alloh uning mahzunligini ketkazib, xursandchiligini bardavom qiladi», degan ekanlar. Bu so‘zlar haqida mulohaza qilib ko‘rib, shunday xulosaga keldim: bu duoning foydasi faqat uning lafzlarini yodlab, aytib yuraverishda emas ekan, balki uni boshqalarga o‘rgatishda ham yaxshilik bor ekan. O‘zingiz duo qilganingizda qalbingiz shodlikka to‘lar ekan, uni boshqalarga o‘rgatganingizda esa o‘zingizga ham, boshqalarga ham saodat ulashgan bo‘lar ekansiz. Shu niyatda, ya’ni mening boshimga tushgan kunlarni ko‘rmasin degan maqsadda bu duoni singlimga o‘rgatdim.

Eh, bu duoni uchratgunimcha qancha-qancha yillarni mahzunlikda, mashaqqatda o‘tkazdim...

Uni o‘rganganimdan keyin esa hayotim yorqin tarafga o‘zgarib ketdi. Shuning uchun bu ishga jiddu jahd bilan kirishdim. Singlim ham bu duoni birpasda yodlab oldi. U ham men kabi mahzun bo‘lganida shu duoni eslab, tinmay takrorlar, dardi yengillasin deb, men ham singlim bilan birga shu duoni takrorlar edim. Singlimga bu duoni o‘rgatganimdan o‘zim ham xursand edim. Uni o‘zim tanigan hamma insonlarimga o‘rgatishga harakat qildim. Chiroyli qog‘ozga chiqartirib, dugonalarimga sovg‘a qildim. Sovg‘a qilayotib, «Bu duo hayotingni yanada nurlarga to‘ldiradi», der edim. Bularning barchasi – Payg‘ambarimizning va’dalariga ishonchim mevasi edi».

 

Oltinchi duo

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobalariga «Sizlarga bir duoni o‘rgataymi? Kimga biror qiyinchilik yetsa yoki dunyodagi balolardan biri kelsa, Allohga shuni aytib duo qilsa, Alloh unga albatta kushoyish beradi!» degan ekanlar. Sahobalar: «O‘rgating, ey Allohning Rasuli!» deyishibdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bu – Zunnunning duosi: «Laa ilaaha illaa anta, subhaanaka, inniy kuntu minaz-zolimiyn», degan ekanlar» (Imom Nasoiy rivoyati).

Boshqa rivoyatda bunday deyiladi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: «Zunnun baliq ichida turib «Laa ilaaha illaa anta, subhaanaka, inniy kuntu minaz-zolimiyn», deb duo qilgan. Qay bir musulmon o‘sha duoni qilsa, Alloh uni albatta ijobat qiladi» (Imom Termiziy rivoyati).

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh, Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.

Boshqa maqolalar

“O‘qiganlaringizning hammasiga ham ishonmang!”

05.06.2026   24868   4 min.
“O‘qiganlaringizning hammasiga ham ishonmang!”

Bu muhaddis Shayx Muhammad Avvoma hafizahullohning buyuk ustozi, fazilatli Shayx Abdulloh Sirojiddin rahimahullohning hikmatli so‘zlaridir.

U zot bu nasihatni Shayx Avvomaga talabalik yillarining boshlarida aytgan edilar. Bunga sabab, Shayx Avvoma bir kecha Imom Buxoriy rahimahulloh haqida o‘qigan shubhali bir voqeaga aniqlik kiritish uchun ustozlariga murojaat qilganlari bo‘lgan.


Shayx Muhammad Avvoma bunday deydilar: “Shayx Abdulloh bizga beshinchi kursda hanafiy fiqhi bo‘yicha mashhur “Al-Ixtiyor” kitobidan dars berar edilar. Bir kuni men u kishining huzurlariga Islomga ulkan xizmat qilgan buyuk imom – Imom Buxoriy rahimahulloh haqidagi g‘alati bir rivoyatni o‘qib keldim.

Rivoyatda aytilishicha, Imom Buxoriydan bir echkining sutini emgan ikki go‘dak – bir o‘g‘il va bir qiz – keyinchalik o‘zaro nikohlanishlari mumkinmi, deb so‘rashibdi.

Hikoyaga ko‘ra, Imom Buxoriy rahimahulloh ularning nikohlanishlari mumkin emas, deb javob bergan ekanlar. Shundan so‘ng, go‘yoki shahar olimlari bu fatvoni johillik deb baholab, Imom Buxoriyni surgun qilgan emish.

Men bu voqeani Shayx Abdulloh rahimahullohga aytib berganimda, u zot xotirjamlik va donolik bilan:

O‘qiganlaringizning hammasiga ham ishonmang, — dedilar”.

 

Shayx Muhammad Avvoma davom etib bunday deydilar:

“Allohga qasamki, bu so‘z men uchun ulkan saboq bo‘ldi. Bu hayot davomida amal qilishim kerak bo‘lgan bir mezon, xulqiy qoidaga aylandi. Ustozim butun boshli odob va tafakkur dasturini bitta jumlada jamlab berdilar. Men bu nasihatni bundan ellik yil avval eshitganman. Endi esa boshqalar ham undan foyda ko‘rishlari uchun keltirmoqdaman”.


Biz uchun saboq

Bu voqeadan olinadigan birinchi saboq shuki, qachonki biz shubhali yoki bilmagan ma’lumotga duch kelsak, darhol ilmli va ishonchli kishilar bilan maslahatlashishimiz kerak.

Afsuski, bugungi kunda ko‘pchilik eshitgan yoki o‘qigan ma’lumotini tekshirishga urinmaydi. Bu esa ko‘pincha jiddiy va ayanchli oqibatlarga olib keladi. Agar ma’lumot o‘sha sohaning ishonchli mutaxassisidan bo‘lmasa, biz har qanday da’voni ko‘r-ko‘rona qabul qilmasligimiz kerak.


Ijtimoiy tarmoqlar tuzog‘i

Ijtimoiy tarmoqlar insoniyatga mislsiz darajada keng axborot olamini taqdim etdi. Biroq uning eng katta xavflaridan biri ommaviy yolg‘on va dezinformatsiyaning tez tarqalishidir.

Ko‘pchiligimiz o‘qigan narsamizning barchasiga ishonishga moyilmiz. Holbuki, ushbu maqolaning asosiy maqsadi aynan bundan qaytarishdir.

Ba’zan odamlar xabarning mazmuniga emas, uni yuborgan kishiga qarab ishonadilar. Vaholanki, u ham bu ma’lumotni boshqa birovdan olgan bo‘lishi mumkin.


“Nusxa ko‘chirish va joylashtirish” odati

Bugungi kunda odamlarning asl manbaga murojaat qilmasdan ma’lumotlarni ko‘chirib tarqatishlari odatiy holga aylangan. Bu ham noto‘g‘ri yondashuvdir.

Bunday odatning eng katta zararlaridan biri shuki, xabar bir necha qo‘ldan o‘tgach, uning asl manbasi va ma’nosi butunlay yo‘qolib ketadi. Natijada, ma’lumotning haqiqiyligi va ishonchliligini tekshirish imkonsiz bo‘lib qoladi.

 

Aslida, bu ma’lumot ishonchlimi? Balki u boshidan oxirigacha to‘qima va asossizdir?

Shu sababli yana bir bor ogohlantiramiz:

O‘qiganlaringizning hammasiga ham ishonmang!

Bu nasihatga amal qilish bugungi kunda oson emas. Chunki ko‘pchilik odamlar ularga yetib kelgan har qanday ma’lumotni tekshirmasdan qabul qilishga odatlanib qolgan.


Alloh taolo bizga haqiqatni anglashni, ma’lumotlarni to‘g‘ri baholashni va foydali ilmga amal qilishni nasib etsin.


Davron NURMUHAMMAD