Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Avgust, 2026   |   2 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:04
Quyosh
05:32
Peshin
12:28
Asr
17:20
Shom
19:27
Xufton
20:52
Bismillah
15 Avgust, 2026, 2 Rabi`ul avval, 1448

O‘zbekiston bag‘rikenglikda boshqa davlatlarga namunaligi e’tirof etildi

18.11.2024   29401   2 min.
O‘zbekiston bag‘rikenglikda boshqa davlatlarga namunaligi e’tirof etildi

Bugun, 16 noyabr kuni poytaxtimizdagi “International Hotel Tashkent” meg‘monxonasida “Yangi O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. 

Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, shuningdek, olimlar, milliy madaniyat markazlari, turli konfessiya yetakchilari, etnik-madaniy birlashmalar va talabalar ishtirok etdi.

Shu bilan birga, AQSH, Buyuk Britaniya, Koreya Respublikasi, Turkiya, Malayziya, Portugaliya, Armaniston, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston, Qozog‘iston kabi davlatlardan kelgan soha mutaxassislari, YUNЕSKOning O‘zbekistondagi vakolatxona xodimlari, diplomatik korpus vakillari qatnashdi.

Anjuman avvalida Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov so‘z olib, yurtimizda xilma-xil diniy e’tiqodga ega bo‘lgan kishilarning bir zaminda hamjihatlikda yashayotgani bag‘rikenglikning yorqin dalili bo‘layotgani, hukumatimizning chuqur o‘ylangan milliy va diniy siyosat tufayli bugun O‘zbekiston butun dunyo mamlakatlari uchun bag‘rikenglik namunalarini o‘zida mujassam etgan davlat sifatida o‘rnak bo‘layotganini qayd etdi. 

Konferensiyada O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari o‘z chiqishlari davomida barcha ishtirokchilarni Xalqaro bag‘rikenglik kuni bilan samimiy muborakbod etib, keyingi yillarda mamlakatimizda millatlararo totuvlikni ta’minlash, diniy bag‘rikenglikni qaror toptirish, o‘zaro mehr-oqibat, inson sha’ni va qadr-qimmatini ulug‘lashga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Muftiy hazratlari ma’ruzalari davomida Alloh taolo bandalarini bir-biri bilan tanishib, tinch-totuv va ahillikda hayot kechirishga amr qilganini oyatlar asosida dalillab, muqaddas dinimiz o‘zidan oldingi samoviy dinlarni ehtirom qilish barobarida ularga muruvvat ko‘rsatishga ham chaqirganiga urg‘u qaratdilar.

Islom ta’limoti o‘zga din vakillari bilan chiroyli va bag‘rikenglik ila munosabatda bo‘lishga chorlagani va bu go‘zal an’ana bugungi kunda ham davom etib kelayotganini alohida ta’kidlagdi. Mazkur anjuman ham barcha din vakillarini ilm-ma’rifat, tinchlik-osoyishtalik, hamjihatlik va ezgulikka targ‘ib etishi yo‘lidagi muhim tashabbus ekani qayd etildi. 

Anjumanda turli xalqaro tashkilot va diniy konfessiya vakillari mavzu doirasida so‘zga chiqib, mamlakatimizda turli din va millat vakillarining emin-erkin yashashlari uchun barcha sharoitlar yaratilganligi va diniy jamoalar jamiyat taraqqiyotida tobora faol ishtirok etayotganligini ta’kidladi.

Ilmiy-amaliy konferensiya sho‘balarga bo‘lingan holda davom etib, unda mavzu yuzasidan bir qator ma’ruzalar o‘qildi, tashabbus va takliflar yuzasidan o‘zaro fikr-mulohazalar almashildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ot izini toy bosar

14.08.2026   6691   1 min.
Ot izini toy bosar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».


Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.


Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:


– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.

– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...

– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.

Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.

– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.

– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.


Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.


Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.


Akbarshoh RASULOV

 

Ibratli hikoyalar