Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ulamolar masalalarni diqqat bilan o‘rganib, tahqiq qilishadi. Shuning uchun bir masalada turli o‘lkalarda avloddan avlodga ma’lum bir fatvoga ko‘ra amal qilib kelinadi. Barcha ulamolar mana shu masalaga muvofiq keladi. Natijada suyanishning eng oliy chegarasiga chiqib boriladi.
Bu suyanish nihoyatda quvvatli bo‘ladi, iymon keltiradigan darajada aniq bo‘lmasa-da, shunga yaqin keladi. Ahli sunnaning o‘ziga xos xususiyati mana shudir. Nima uchun bu fiqh zalolatdagi fiqh bo‘lmaydi? Chunki unda xato bo‘lish ehtimoli juda kam, chunki undagi ijtihod bir kishiga tegishli emaski, uning aksari xato bo‘lsa... Balki bu narsa ilmiy maktab ijtihodiga, qaroriga aylandi. Bunday ilmiy maktabda esa xato qilish ehtimoli juda kam bo‘ladi. Alloh taolo O‘zining dinini ilmiy maktablarning mana shunday tartibli ilmlari orqali muhofaza qildi.
Aks holda Alloh taolo O‘zining dinini Zayd, Amr yoki Yusufning qo‘lida, ya’ni bir yoki bir necha kishining qo‘lida muhofaza qilgan bo‘lib qolar edi. Bu gapga aql bovar qiladimi? Yo‘q. Alloh taolo O‘zining dinini kuchli, asosli, juda ko‘p ulamolarni o‘z ichiga olgan qat’iy, sobit ilmlar orqali muhofaza qiladi.
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan
2024 yil 30 dekabr kuni Qo‘shko‘pir tumanida yangidan qurib bitkazilgan "Islom bobo" jome masjidining ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev, Qo‘shko‘pir tumani hokimi Shuhrat Ahmedov, "Imom Faxriddin ar-Roziy" o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri Davronbek domla Abdukadirov, imom-xatiblar, mutasaddilar, mahalla ahli jam bo‘lishdi.
Ochilish marosimida Qur’oni karim oyatlari o‘qilib, yangi masjid xalqimiz e’tiqodi, ma’rifatini mustahkamlashda hidoyat va ziyo maskani bo‘lib ko‘p yillar xizmat qilishini Allohdan so‘rab, bu xayrli ishda ko‘makchi bo‘lgan barcha ezgu niyatli kishilar haqqiga duolar qilindi.
Zamonaviy talablarga javob beradigan, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan yangi masjid 600 nafar namozxonga mo‘ljallangan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Xorazm viloyati vakilligi
Matbuot xizmati