Ulug‘ ustozlarning ibratli hayot yo‘llari, solih amallari, go‘zal xislatlari barchamizga o‘rnakdir. Ana shunday yetuk olimlardan biri Shayx Do‘stmuhammad domla Tursundir. U kishi 1938 yili Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida tug‘ilgan. Domla dastlabki ta’limni bobosi mulla Abdulloh Oxundan, so‘ngra zamonasining yetuk ulamolari muftiy Ravshan hazrat, Mahmud domla, toshkentlik Lazgin domla, Dushanbe shahar qozisi Abdurashid domla, Abdulloh oxundlardan Qur’on, tafsir, hadis, fiqh, aqida imlarini olgan.
Shayx Do‘stmuhammad domla alloma Mavlaviy Hindistoniydan saboq olgan. Shuningdek, Naqshbandiya tariqati shayxi Hazrati Muhammad Sharif Hisoriy, Shayx Abdussalom G‘iloniy, Hoji Muqimxon Eshon Urgutiy, Abdusalomxon eshon, Shayx Miyon Bo‘ritosh Naqshbandiy, Shayx Ahmadjon Maxdum, Shayx Abdulhay, Ziyovuddin Boboxon kabi ulug‘ ustozlardan irshod olib, murshidi komil darajasiga yetgan.
Do‘stmuhammad domla ilm olish bilan birga uni xalqqa yetkazish, ma’rifat tarqatishda ham faol bo‘lgan. Buyuk faqix faoliyati davomida Denov shahridagi “Sayyid ota” madrasasida mudarrislik qilib, talabalarga fiqhdan ta’lim bergan. Shu bilan birga u kishi olimlarni e’zozlagan va shogirdlarini ham shunga targ‘ib qilgan. Davralarda biror kishining xatosini gapirmagan. Hammani yaxshilik bilan tilga olar, dinga, elga, birdamlikda xizmat qilish kerakligini ta’kidlagan. Yangi diniy adabiyotlardan har doim xabardor edi. Davralarda hamsuhbatlarini yaxshilikka, kitobxonlikka chorlagan.
Bundan tashqari, Shayx Do‘stmuhammad domla Sho‘rchi tumanidagi “Domla Qosim” masjidining bunyod etilishida ham tashabbuskorlik ko‘rsatgan va ko‘p yillar ushbu masjidga imom bo‘lgan.
Do‘stmuhammad domla zamondosh ulamolar bilan yaqin aloqada bo‘lib, ular bilan suhbatlar qilgan. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari ham u kishining fiqhiy masalalarda yetuk ulamo bo‘lganini e’tirof etgan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam: “Faroizni o‘rganinglar va uni odamlarga o‘rgatinglar, u ilmning yarmidir, u unutiladi, u mening ummatimdan birinchi sug‘urib olinadigan narsadir” (Imom ibn Moja rivoyati), deganlar.
Do‘stmuhammad Tursun domla, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytganlaridek, ummat orasidan ilk bor ko‘tarilib ketayotgan faroiz, ya’ni meros taqsimoti masalasida birinchilardan bo‘lib o‘zbek tilida 17 bobdan iborat “Meros risolasi” asarini yozgan. Kitobda marhumning mol-dunyosi nimalarga sarflanishi va undan kimlar meros olishi oyat va hadislar asosida bayon qilingan.
Insonlarni bir-birlariga nisbatan mehr-muhabbatli bo‘lishga tashviq qilgan, yoshlarni hamma vaqt zamona fitnalariga aralashib qolmasliklarini tayinlagan. Dinimiz rivojida domlaning sa’y-harakatlari samarasiz ketmadi. O‘zidan ko‘plab kitoblar va qo‘lyozmalar meros qoldirdi. Shayxning shogirdlari bugungi kunda ham domla boshlab bergan ilm yo‘lini davom ettirmoqda.
Shayx Do‘stmuhammad domla 2013 yilda olamdan o‘tib, Sho‘rchi tumanidagi “Hoshimxon eshonbobo” qabristoniga dafn etilgan. Ayni kunda Muzrabot tumanida u kishining nomi bilan “Do‘stmuhammad bobo” jome masjidi faoliyat yuritmoqda.
Alloh taolo domlani rahmatiga olsin!
Akbar SHUKUROV,
Muzrabot tumani “Do‘stmuhammad bobo”
jome masjidi imom noibi
Shu yilning 7–11 noyabr kunlari O‘zbekistonning delegatsiyasi Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan Haj xizmatlari xalqaro ko‘rgazmasi va konferensiyasida qatnashadi. Shuningdek, muborak safarni yuqori darajada o‘tkazish bilan bog‘liq vazifalar yuzasidan ikki tomonlama muzokaralar olib boriladi.
Mazkur delegatsiya tarkibidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Kamilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi Orifxon Zakirov, “Haj” va “Umra” bo‘yicha attashe Shuhrat Amoniy hamda bir qator soha mutaxassislari o‘rin olgan.
Ushbu anjumanning asosiy o‘ziga xosligi — ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini yangi bosqichga olib chiqishdir. Xususan, tadbirda haj safarini tashkil etishda raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt imkoniyatlari va ilg‘or innovatsion loyihalar taqdimoti o‘tkazilishi kutilmoqda.
Safar davomida «Haj–2027» mavsumini yuqori saviyada va ko‘tarinki ruhda o‘tkazish maqsadida delegatsiyamiz tomonidan bir qator muhim vazifalar amalga oshiriladi:
Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi rahbariyati bilan bo‘lajak mavsumga puxta hozirlik ko‘rish yuzasidan muzokaralar olib borish;
Bo‘lg‘usi hojilarimiz uchun mo‘ljallangan mehmonxonalar va transport xizmatlarining sifatini bevosita ko‘zdan kechirish;
Mino, Arafot va Muzdalifa vodiylarida ziyoratchilarga yaratiladigan shart-sharoitlar va xizmat ko‘rsatish holatini o‘rganish;
Haj jarayonlariga mas’ul bo‘lgan boshqa hamkor idoralar bilan o‘zaro aloqalarni muhokama qilish va mustahkamlash;
Haj safarini tashkil etishdagi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha o‘quv-seminarlarida ishtirok etish.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati