Sharqiy jabha
Turk yurtlari
Movarounnahrda Qutayba ibn Muslim Boxiliy nihoyatda mashhur bo‘ldi. U hijriy 87 (milodiy 706) yilda Poykent shahrini fath qildi. Hijriy 89 (milodiy 709) yilda Sug‘d yurtlari – Nasaf va Keshda fath ishlarini olib bordi. Hijriy 91 (milodiy 710) yilda Buxoroni, so‘ngra Toliqon, Faryob va Balxni fath etdi. Hijriy 93 (milodiy 712) yilda Samarqandni, hijriy 94 (milodiy 713) yillarda esa Shosh va Farg‘ona shaharlarini egallab, Qo‘qongacha yetib bordi. So‘ng Qutayba hijriy 94 yilda Qobulni, hijriy 96 (milodiy 714) yilda esa Qashqar va sharqiy Turkistonni fath qildi. Bu buyuk qo‘mondon o‘zining fathlarini ikki daryo orasidagi Movarounnahr deb atalgan joylarning barcha hududlariga tarqatdi va Xitoygacha kirib bordi. Xitoy podshohlariga jizya soldi, sharq tomon yurib ketayotgan Qutayba shu yerda to‘xtadi.
Qutayba juda katta mintaqalarni Islom hukmiga bo‘ysundirdi. Mazkur mintaqalarning maydoni 4 million km2dan oshib ketdi. Bu mintaqalar Kavkaz mintaqalaridan boshlanib, Kaspiy dengizining janubiy tomon yoyilgan edi. Shimolda O‘rta Osiyo, sharqda esa Sharqiy Turkiston yerlarini fath qildi. Keyin g‘arbga qarab Qobul, Afg‘oniston, Sijistonni bo‘ysundirdi.
Shu o‘rinda musulmon fotihlar fath ishlarini qanday olib borganlarini hamma bilib qo‘ysin degan niyatda Islom olamining ko‘zga ko‘ringan saytlaridan biri – onislam.netda e’lon kdlingan «Bu Samarqandda bo‘lgan edi» nomli maqola tarjimasini e’tiboringizga havola qilamiz.
Maqola muallifi doktor Ashraf Najm bunday yozadi: «Aytsam, ba’zilar ishonmaydi. Lekin bu qissa haqiqatda Samarqandda sodir bo‘lgan. Uni Ibn Kasir, Tabariy, Balozuriy kabi mufassir va tarixchilar o‘z kitoblarida yozmaslaridan oldin g‘ayrimusulmonlar zikr qilishgan.
Ushbu qissa huddi «Ming bir kecha»ga o‘xshash hayoliy qissaga o‘xshaydi. Ammo bu voqea haqiqat edi. Alloh Movarounnahrni uning qo‘li bilan fath qilgan noyob qobiliyatli musulmon qo‘mondon Qutayba ibn Muslim bu safar nima qilishini bilmay, xayron bo‘lib qoldi. U yashil yaylovlarga, cho‘qqili tog‘larga va ulkan boyliklarga ega Samarqand ostonasida edi. Ha, shahar ahli butparast edi, lekin uning shaharni himoya etadigan kuchli qo‘shini va g‘alabalarga boy tarixga ega g‘oziylari bor edi. Qutayba buni yaxshi bilardi. Lekin nodir qobiliyatli Qutaybadek qo‘mondon xiylalar ustasi edi. Joyni atroflari bilan yaxshilab o‘rgandi. So‘ng qo‘shinini bir necha bo‘lakka ajratib, shaharni o‘rab turgan ulkan va viqorli tog‘lar tomon yubordi. Musulmonlar dushman ko‘zidan pana pistirmalar qo‘ydilar. Tong chog‘i shahar eshiklari ochilib, dehqon va savdogarlar ziroatgoh va tijoratgohlariga chiqqan paytlarida musulmon qo‘shini ular tomon xuddi seldek yo‘lidagi hamma narsani oqizib kelib, bir tomchi ham qon to‘kmasdan, tezlikda shahar o‘rtasida uchrashdi.
Samarqandning taslim bo‘lmasdan iloji qolmagan edi. Shahar hokimi, a’yon va qo‘mondonlari tog‘lar tomon qochishdi. Odamlar g‘oziylardan qo‘rqib, uy-uylariga kirib ketishdi. Favqulodda bu holat ularni esankiratib qo‘ygan, musulmon qo‘shini esa hech qanday qarshilikka yo‘liqmagan edi. Ma’lum bir fursat o‘tib, Samarqand ahli sekin-asta uylaridan chiqib, g‘oziylar bilan ehtiyot va hazir bo‘lib muomala qila boshladilar. Kunlar o‘tishi bilan ular musulmonlarning yomonlik istamasliklarini va ularning «yangi nav g‘oziylar» ekanini seza boshladilar.
G‘oziy qo‘shin kichiklarga rahm qilar, zaiflarga yordam ko‘rsatar, yolg‘iz Iloh ibodatiga da’vat etar, ularda o‘g‘rilik, qaroqchilik va qotillikdan asar ham yo‘q edi. Balki tinchlikni va tartibni himoya qilishar, tijorat qilganlar ularning omonatdorliklariga guvoh bo‘lishar, aldov yo yolg‘on, zulm yoki xiyla ishlatishmas edi. Xullas, ular yuqorida aytganimizdek, «yangi nav g‘oziylar» edi.
Bir kuni bozorda yosh samarqandlik bilan musulmon askar o‘rtasida qattiq janjal ko‘tarildi. Odamlar qo‘rqinch va hadik bilan yig‘ilishdi. Ular hozir musulmon qo‘shin har tomondan yetib kelib, g‘oziylarga qarshi chiqadiganlarga ibrat bo‘lishi uchun bu yigitga umr bo‘yi esidan chiqmaydigan «dars» berishiga shubha qilishmas edi.
Darhaqiqat, bir qancha askar yetib keldi. Ular bir joyga yig‘ilib, janjalkashlarni o‘rab olishdi. Hammani daxshatga solgan holda da’vogarlar va guvohlarni qozining huzuriga yetaklashdi. Yig‘ilganlar bo‘lib o‘tgan ish muhokama etilishini kutishmagandi. Qozi musulmon askarni butparast yigitning yoniga turg‘izib qo‘yib, hodisani yaxshilab, xolis o‘rganib chiqdi va musulmon askarga qarshi hukm chiqardi! Ajoyib qissa shundan iboratmi? Qo‘k, bu faqat boshlanishi edi.
Xabar shaharning bo‘yi-eniga yoyildi: «Bu g‘oziylarning odil qoziligi bor ekan...» Bu tomonda samarqandlik bir yigit qochqin a’yon huzurida hammaning xayratiga sabab bo‘lgan hodisani hikoya qilardi. A’yon hikoyaning to‘g‘riligini o‘rganganidan keyin hali hech kim qilmagan «majnunona» qarorini berdi. Qutayba ibn Muslim ustidan amirul mo‘mininga shikoyat arizasi yozib, elchi orqali jo‘natdi. Yosh samarqandlik uchqur otga minib, xalifalik markazi – Damashqqa qarab chopdi. U xayolida muvaffaqiyati ilojsiz bo‘lgan vazifasi va tarix uningdekni ko‘rmagan davlatni boshqarayotgan, sharqdan Chin, g‘arbdan esa Atlantika okeanigacha bo‘lgan hudud hukmdori – amirul mo‘minin huzuriga kirishdagi mashaqqatlarini o‘ylaganicha Damashqqa kirib keldi.
Mulkida Kisro va Qaycapdan o‘tadigan bu ulug‘ podshoh huzurida qanday so‘zlaydi? U eng kuchli qo‘mondonlaridan biri ustidan qilingan shikoyatni qanday qabul qiladi? Va nihoyat, davlat dushmanlaridan bo‘lgan o‘ziga qanday muomala qiladi? Bu yigit hali amirul mo‘minin roshid xalifalarning beshinchisi hisoblanishini va dunyoni adolatiga to‘ldirgan zot Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning nabiralari, zohidu obid Umar ibn Abdulaziz ekanini bilmasdi.
Yigitning safari Damashqning oddiy mahallalaridan birida, loydan qilingan eski uy oldida nihoyasiga yetdi. Unga «Amirul mo‘mininni shu joyda topasiz», deyishgandi, lekin aslo bunga ishonmadi. Zero, dunyoga molik bo‘lib turgan odamning uyi qanday qilib bunday joyda bo‘lsin?! Yigit uyga yaqinlashib kelib qarasa, bir kishi devorni tuzatib turar, uning qo‘li va kiyimlari loy edi. Oldidan o‘tayotgan har bir kishi: «Assalamu alaykum, ey amirul mo‘minin», deyishi yigitni sarosimaga solib qo‘ydi.
«Dunyoni bo‘ysundirib turgan podshoh mana shumi? Ajab ish bo‘ldi-ku!». U shunday o‘ylar ichra hayolga sho‘ng‘igan paytda bir ayol bolasi bilan amirul mo‘minindan «Baytul mol»dan berilayotgan nafaqasini ko‘paytirishlarini so‘rab kelib qoldi. Shunda uning o‘g‘li amirul mo‘mininning bolasi o‘ynayotgan o‘yinchoqqa talpindi va uning qo‘lidan tortib oldi. Amirul mo‘mininning o‘g‘li o‘yinchog‘ini qaytarib olaman, degan paytda ayolning o‘g‘li uni urib yubordi. Shunda bolaning yuzi qonadi va har qanday ona kabi, amirul mo‘mininning zavjalari ham bolasi tomon chopdi va uni bag‘riga bosib, yarasini bog‘ladi. Keyin haligi ayolga va uning bolasiga baqira ketdi.
Xalifaning xotini kim ekanini bilasizmi? U saroy va podshoh tarbiyalanuvchisi, otasi, eri va inilarining hammasi musulmonlarning buyuk xalifalari bo‘lgan Fotima binti Abdulmalik edi. Shunda Umar ibn Abudulaziz qo‘rqinch chulg‘ab olgan ayolning va bolasining yuziga boqdilar. Ularni tinchlantirdilar, so‘ng o‘z o‘g‘illaridan o‘yinchoqni olib, bolaning qo‘liga berdilar. Ayolga oladigan nafaqasiga qo‘shimcha qilib berilishini buyurdilar. So‘ng o‘z o‘g‘illarining yuzidan o‘pib, uni ham tinchlantirdilar va xotinlariga qarab: «Mehribonim, uni, bolasini qo‘rqitib yubording. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Kim bir musulmonni qo‘rqitsa, Alloh uni qiyomat kuni qo‘rqitadi», dedilar, so‘ng devorni tuzatishni to‘xtatdilar.
Yigit halimlik og‘ushida ekanini his qilib, amirul mo‘mininga yaqinlashishga jur’at etdi. Umar undan nimaga kelganini so‘raganlarida, u shunday javob qildi: «Ho‘jam, Samarqand ahlining haqqini so‘rayman. Sizga Qutayba ibn Muslim ustidan shikoyat qilib keldim. Biz sizning adolatingizni bilamiz, insof qilishingizdan umidvormiz. Qutayba to‘satdan bizga hujum qildi. Biz uch kun dushmanga muhlat berish va Islom yoki jizya, yohud urush o‘rtasida ixtiyorli qilish sizning odatingiz ekanini bilardik». Umar: «Bu bizning odatimiz emas, balki u Allohning amri va Rasuli sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridir», dedilar. Shunda yigit: «Qutayba bunday qilmadi», dedi.
Umar ozgina o‘ylab turdilar, so‘ng kotibni chaqirib, bir nimalarni yozdirdilar va muhr qo‘yib, yigitga uzatdilar-da: «Buni Samarqand voliysiga ber, Xudo xohlasa, u ustingizdan zulmni ko‘taradi», dedilar. Yana devorni tuzatishga qaytdilar.
Samarqand voliysi amirul mo‘mininning xatini ochib, o‘qidi. Keyin yigitga: «Amirul mo‘mininning amri bosh ustiga! Sizning muammoingizni yechish uchun qozi tayinlashimni buyuribdi. Buni tezlikda bajaraman. Ikki kundan keyinga kelishamiz. O‘g‘lim, borginda, qavmingning ulug‘larini keltir. Biz ularga omonlik beramiz», dedi. So‘ng Samarqand fathida Qutayba ibn Muslim bilan qatnashgan guvohni izlab odam jo‘natdi. Chunki Qutayba ibn Muslim vafot etgan edi. Odamlar masjidga yig‘ilishdi. Unda muhokama boshlandi. Musulmon qozi hozir bo‘ldi. Eshikbon a’yonlar ulug‘ini chorladi va uni oldinga o‘tkizdi. So‘ng Qutayba ibn Muslim bilan qatnashgan guvoh chaqirilib, da’vogarning yoniga turgizildi. So‘ng qozi a’yonga yuzlanib, da’vosini arz qilishga amr etdi. A’yon: «Qo‘mondoningiz Qutayba ibn Muslim diyorimizga ogohlantirishsiz kirdi. Hamma mamlakatlarga uch tanlov: Islom yoki jizya, yoki urushni taklif qildi. Ammo bizni hiyla bilan bosib oldi», dedi. Qozi Qutaybaning guvohiga yuzlandi va: «Bu shikoyatga nima deysan?» dedi.
Qutaybaning guvohi unga javob qildi: «Alloh qozini isloh qilsin! Urush – bu xiyladir. Bu mamlakat o‘ta qudratli bo‘lib, fath oldida to‘g‘anoq bo‘lib turgandi. Biz bilardikki, agar ikki tomon urushadigan bo‘lsa, qonlar anhor bo‘lib oqardi. Alloh bizni mana shu rejaga yo‘lladi. Bu kutilmagan ishimiz bilan musulmonlarni katta zarardan himoya qildik va dushmanimizning jonini asradik. Ha, biz ularni favqulodda holga soldik, lekin ularni qutqardik va ularga Islomni tanitdik!».
Qozi unga: «Sizlar ularni Islomga yoki jizyaga, yoxud harbga chaqirdilaringmi?» dedi. Guvoh javob berdi: «Yo‘q. Aytgan sabablarimizga ko‘ra kutilmaganda hujum qildik». Shunda qozi dedi: «Sen iqror bo‘lding. Agar da’vo qilinayotgan kishi aybiga iqror bo‘lsa, muhokama tugaydi. Alloh bu ummatga faqat din tufayligina nusrat bergan. Xiyonatdan saqlanish va adolat ila turish dindagi buyukliklardandir. Allohga qasamki, biz uyimizdan Alloh yo‘lida jihod qilish uchungina chiqqanmiz. Biz yerga ega bo‘lish, mamlakatlarni bosib olish va unda nohaq oliy bo‘lish uchun chiqmaganmiz!».
So‘ng qozi bashariyat tarixidagi eng ajib hukmni chiqardi: «Musulmon qo‘shinning hammasi Samarqanddan uch kun ichida qanday tez kirgan bo‘lsa, shunday tez chiqib ketsin va shaharni o‘z ahxliga qaytarsin. Ularga urushga hozirlanishga fursat berilsin. So‘ng ularni ogohlantirsinlar va Islom yoki jizya, yoxud harb o‘rtasida ixtiyor bersinlar. Agar ular harbni tanlasalar, u holda urush bo‘ladi. Bu Alloh taolo shariatining va Payg‘ambari sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari tatbig‘i bo‘ladi».
Samarqand ahlini xayrat chulg‘ab oldi. Qo‘shin zudlik bilan shaharni tashlab chiqa boshladi va uch kun o‘tmay, unda birorta musulmon qolmadi. Kattayu kichik aholi shahar markazida to‘planishdi. Ular bo‘lgan ishga ishonmayotgan edilar. Ular: «Xulqi bunday qavm basharning eng yaxshisi, uning qozisi qilgan ish mutlaq adolat, o‘zining atbolariga bunday ishlarni buyuradigan din haq din», deya o‘zaro gaplashishardi.
Ish uzoq cho‘zilmay, Samarqand ahlining hammasi Islomni qabul qildi. Ha, bu Allohning barhayot dini Islomdir! Bu bizning ummatlarning yaxshisi bo‘lgan kunlarimizda nur, rahmat va adolat bilan yozgan tariximizdir!» (Iqtibos tugadi)
Hajjoj o‘z jiyani, ya’ni akasining o‘g‘li Muhammad ibn Qosim Saqafiy ismli qo‘mondon boshchiligida Sind - hozirgi Pokiston yerlariga o‘zining ko‘p sonli askarlarini yubordi. Mashhur qo‘mondon Muhammad ibn Qosim Saqafiy juda katta g‘alabalarni qo‘lga kiritdi, Sindning podshohini qatl qildi. So‘ng hijriy 90–94 (milodiy 708–712) yillarda Sind yurtlarini ham Islom davlati tarkibiga qo‘shdi. Bular eng ulug‘ fathlardan bo‘ldi. Mana shu davrda Islom davlati hududi jihatidan o‘z tarixidagi eng katta va keng maydonli holatiga erishgan edi.
Valid ibn Abdulmalikning vafoti
Valid ibn Abdulmalik hijriy 96 (milodiy 714) yilda vafot etdi. Uning xalifaligi o‘n yil davom etdi.
Keyingi mavzular:
Sulaymon ibn Abdulmalik;
Umar ibn Abdulaziz;
Yazid ibn Abdulmalik;
Hishom ibn Abdulmalik;
Valid ibn Yazid ibn Abdulmalik.
Samarqand — asrlar davomida islom ma’rifati va tamaddunining nurli markazi bo‘lib kelayotgan, buyuk allomalaru avliyolar yetishib chiqqan muqaddas va tabarruk zamindir. Bu qutlug‘ diyordan taralgan ilm ziyosi nafaqat yurtimiz, balki butun islom olamini ma’naviy boyitib kelmoqda. Imomlar, muhaddislar, mufassirlar va mutakallimlar merosi bilan dong taratgan Samarqand bugun ham bag‘rikenglik, ma’rifat va muqaddas qadriyatlar maskani sifatida yuksak e’tirof etilmoqda.
Bugun Samarqand zaminida muqaddas ziyoratgohlar yanada obod qiyofa kasb etmoqda, masjid va majmualarda xalqimiz uchun keng qulayliklar yaratilmoqda. Ayniqsa, joriy 2026 yilgi Qurbon hayiti yurtimizda misli ko‘rilmagan shukronalik, hamjihatlik va yuksak ma’naviy muhit ila qarshi olinmoqda.
Joriy yilda Qurbon hayiti 27 may — Chorshanba kuni nishonlanadi. Samarqand viloyatidagi barcha masjidlarda hayit namozlarini munosib tarzda o‘tkazish uchun puxta tayyorgarlik ko‘rildi:
287 ta masjidda Qurbon hayiti namozi o‘qiladi;
Hayit namozi soat 05:30 da boshlanadi;
Namozdan avval masjidlarda tinchlik, bag‘rikenglik, mehr-muruvvat, inson qadri va yurt osoyishtaligi haqida ma’rifiy suhbatlar o‘tkaziladi.
Viloyat markazi hamda barcha tumanlardagi yirik masjidlarda namozxonlarning xavfsizligi va emin-erkin ibodat qilishlari uchun barcha mutasaddi tashkilotlar hamkorlikda zarur chora-tadbirlarni belgilagan.
Muborak Qurbon hayiti namozi Imom al-Buxoriy majmuasida ham katta ko‘tarinkilik va fayzu baraka ila ado qilinadi. Erta tongdan ushbu tabarruk maskanda Qur’on tilovatlari, takbir va tahlil sadolari yangrab, namozxonlar yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi hamda dunyo musulmonlarining hamjihatligi uchun samimiy duolar qiladilar.
Haj ibodati — musulmonlar uchun eng ulug‘ orzu va muqaddas safardir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Muhtaram janobi oliylarining bevosita e’tibor va g‘amxo‘rliklari tufayli joriy mavsum yuqori darajada tashkil etildi:
Samarqand viloyatidan 940 nafarga yaqin ziyoratchi Makka va Madinaga safar qildi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yurtimizdan 100 nafar fuqaro "Prezident hojisi" sifatida muborak safarga yuborildi. Bu ezgu qadam Yangi O‘zbekistonda inson manfaati va mehr-oqibat tamoyillari ustuvor ekanining yorqin ifodasi bo‘ldi.
Har bir hoji uchun tibbiy xizmat, dori-darmon, shinam yashash joyi, ovqatlanish va transport logistikasi to‘liq tashkil etilib, malakali guruh rahbarlari va shifokorlar ularga xizmat ko‘rsatmoqda.
Tarixiy voqea: Joriy yilgi Haj mavsumining barcha hojilarimiz qalbida chuqur iz qoldirgan unutilmas voqeasi — Davlatimiz rahbarining muborak zaminda bo‘lib turgan ziyoratchilarimiz holidan shaxsan telefon orqali xabar olganlari bo‘ldi. Yurtboshimiz Muftiy hazratlari bilan muloqotda hojilarning salomatligi bilan qiziqib, ularga o‘zlarining samimiy duo va ezgu tilaklarini yo‘lladilar. Bu yuksak e’tibor Makkai mukarrama va Madinai munavvaradagi yurtdoshlarimiz qalbiga cheksiz quvonch va shukronalik bag‘ishladi.
Qurbonlik — Alloh taologa bo‘lgan taqvo, itoat va shukronalikning amaliy ifodasidir. Viloyatimizdagi imom-xatiblar tomonidan aholiga qurbonlik qoidalari bo‘yicha keng tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Shariatimiz ko‘rsatmalariga ko‘ra:
Vaqti: Qurbonlik hayit namozi o‘qib bo‘lingandan keyin boshlanib, zulhijjaning 10, 11 va 12-kunlari kun botgunga qadar amalga oshiriladi;
Jonliq: Qo‘y va echki bir kishi nomidan, sigir va tuya esa 7 kishigacha sheriklik asosida so‘yilishi mumkin;
Hayvonning holati: Qurbonlik qilinadigan hayvon sog‘lom, ko‘zga ko‘rinarli ayblardan xoli va yetuk yoshda bo‘lishi lozim;
Tarqatish: Qurbonlik go‘shtini uch qismga bo‘lib, bir qismini oilaga saqlash, ikkinchi qismini qarindosh-urug‘larga, uchinchi qismini esa muhtoj va kam ta’minlangan oilalarga tarqatish mustahab (savobli) amaldir.
Alloh taolo yurtimiz tinchligini, xalqimiz birdamligini yanada mustahkamlasin. Qurbon hayiti barchamiz uchun xayr-baraka, ma’naviy yuksalish va ezguliklar bayrami bo‘lsin. Barchangizni yaqinlashib kelayotgan muborak ayyom bilan samimiy muborakbod etaman!
Ahmadxon domla Alimov,
Samarqand viloyati bosh imom-xatibi