Chorasizlikda qolgan kishi duo qilganda duosini qabul qiladigan va yomonliklarni daf qiladigan Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar bo‘lsin. U zot bandalarini fazlidan so‘rashga chorlaydi va ularning duolarini ijobat qilishini va’da qiladi. Parvardigoriga zikr va duo bilan eng yaqin bo‘lgan zot Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamga, oilalariga va sahobalariga va qiyomat kunigacha hidoyat yo‘liga ergashganlarga salavot va salomlar bo‘lsin!
Ammo ba’du.
Hech bir din yo‘qki, duoga Islom dinidek keng targ‘ib qilgan bo‘lsa va hech bir kitob yo‘qki, Qur’oni karimdek Allohga turli uslubda duo ila ibodat qilishga qiziqtirgan bo‘lsa. Alloh taolo marhamat qiladi: "Qachonki, bandalarim Men haqimda so‘rasalar, albatta, Men yaqinman. Menga duo qilganning duosini ijobat qilaman. Bas, ular ham Menga quloq solsinlar va Menga iymon keltirsinlar, shoyadki shunda to‘g‘ri yo‘lni topsalar" (Baqara surasi, 186-oyat).
Yana shunday deydi:
"Allohdan Uning fazlini so‘ranglar. Albatta, Alloh har bir narsani biluvchidir" (Niso surasi, 32-oyat).
Yana aytadi:
"Robbingiz aytdi: Menga duo qilinglar, ijobat qilaman. Albatta, Menga duo qilishdan takabburlanganlar xor bo‘lgan holda jahannamga kiradilar" (G‘ofir surasi, 60-oyat).
Duoga chorlashning uslublaridan yana biri – Allohning payg‘ambarlari va ularning izdoshlari qilgan duolarini misol sifatida keltirishdir. Masalan, Odam alayhissalom va juftining duosi: "Yo Robbimiz! Biz o‘z jonimizga zulm qildik. Agar Sen bizlarni mag‘firat qilmasang va bizlarga rahm qilmasang, albatta, ziyonkorlardan bo‘lamiz" (A’rof surasi, 23-oyat).
Nuh alayhissalomning duosi:
"Robbim! Men mag‘lub bo‘ldim, yordam ber, deb duo qildi" (Qamar surasi, 10-oyat). "Yo Robbim! Meni, ota-onamni, uyimga iymon bilan kirganlarni, iymonli erkak va ayollarni mag‘firat qil" (Nuh surasi, 28-oyat).
Ibrohim alayhissalomning duosi:
"Yo Robbim! Bu shaharni omon qil. Meni va farzandlarimni butlarga sig‘inishdan saqla" (Ibrohim surasi, 35-oyat).
Yusuf alayhissalomning duosi:
"Yo Robbim! Sen menga podshohlikni berding va tushlarni ta’bir qilishni o‘rgatding. Sen osmonlar va yerni yaratgan Zotsan. O‘zing mening dunyo va oxiratdagi Egamsan. Meni musulmon bo‘lgan holda vafot etdir va solihlar qatoriga qo‘sh" (Yusuf surasi, 101-oyat).
Shu’ayb alayhissalomning duolari:
"Yo Robbimiz! Biz bilan qavmimiz o‘rtasida haqqoniy hukm qil! Sen hukm qiluvchilarning yaxshisidirsan" (A’rof surasi, 89-oyat).
Muso alayhissalomning duolari:
"Yo Robbim! Men uchun nima yaxshilik tushirsang, o‘shanga muhtojdirman" (Qasas surasi, 24-oyat).
Fir’avning sehrgarlari imonga kelganlaridan keyin qilgan duolari:
"Yo Robbimiz! Ustimizga sabr yog‘dirgin va bizni musulmon holimizda vafot ettir!" (A’rof surasi, 124-oyat).
Fir’avnning ayoli Osiyoning duosi:
"Yo Robbim! O‘zing men uchun huzuringda bir uy bino qilgin, menga Fir’avn va uning qilmishidan najot bergin. Meni zolimlar qavmidan xalos etgin" (Tahrim surasi, 11-oyat).
As'hobi Kahfning duolari:
"Yo Robbimiz! Bizlarga o‘z huzuringdan rahmat ato etgin va bizlarning ishimizni O‘zing to‘g‘rilagin" (Kahf surasi, 10-oyat).
Iso alayhissalomning Havoriylari duosi:
"Yo Robbimiz! Nozil qilgan narsangga imon keltirdik va payg‘ambarga ergashdik. Shunday ekan, bizni guvohlik beruvchilar bilan birga yozgin" (Oli Imron surasi, 53-oyat).
Bulardan tashqari Oli Imron surasining oxiridagi Aql egalarining duolari, Baqara surasining oxiridagi duolar shular jumlasidandir.
Qur’on duolari shunchalik ko‘pki, ularning har biri Allohga yaqinlashish va hayotda duo ahamiyatini tushunish uchun ulkan ibratdir.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Sunnatni inkor etuvchi Qur’oniylar toifasi quyidagi buzuq da’volarni ilgari suradilar:
1. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning vazifalari Qur’onni yetkazish, xolos. U zotning payg‘ambarlik siymosi, ya’ni sunnatlari, ko‘rsatmalari yo‘q. Shuning uchun itoat faqat Qur’oni Karimga vojib, Payg‘ambar alayhissalomga payg‘ambarlik yuzasidan na sahobaga va na keyingi ummatga vojib.
2. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning irshodlari, ko‘rsatmalari sahobalarga vojib bo‘lgan, bizga vojib emas. Ya’ni Payg‘ambar alayhissalomga itoat qilish u zotning davridagi sahobalargagina vojib bo‘lgan, qolgan ummatlarga vojib bo‘lmas.
3. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalari, irshodlari hammaga vojib edi, barcha ummatga vojib bo‘lgan, biroq, hozirda bizgacha yetib kelgan hadislar qobili e’timod emas, hujjat bo‘lishga ishonchli emas. Sahih va ishonchli sanad bilan birorta hadis yetib kelmagan.
1 – da’voga raddiya
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning vazifalari Qur’oni Karimni yetkazish bilan cheklanmaydi, balki oyatlarning asl ma’nolarini tushuntirib berish, tafsir qilish, izohlash, to‘la va mukammal, aniqrog‘i mufassal ravishda anglatish – hammasi Payg‘ambarimiz alayhissalom vazifalari bo‘lgan. Bu vazifalar esa faqatgina hadislar orqali ado topadi. Biz Alloh taoloning oyatlarini to‘la, mukammal va mufassal tushunishimiz uchun hadislarga muhtojmiz.
«(Biz payg‘ambarlarni) hujjatlar va kitoblar bilan (yuborganmiz). Sizga esa odamlarga nozil qilingan (ma’lumotlar)ni bayon (tafsir) qilib berishingiz uchun va tafakkur qilsinlar, deb bu zikrni (Qur’onni) nozil qildik» (Nahl surasi, 44-oyat).
«Alloh o‘z ichlaridan Allohning oyatlarini o‘qib beradigan, ularni (shirk va gunohlardan) musaffo qiladigan hamda ularga Kitob va Hikmatni ta’lim beradigan Payg‘ambarni yuborish bilan, mo‘minlarga in’om etdi. Ular esa bundan oldin aniq gumrohlikda edilar» (Oli Imron surasi, 164-oyat).
Oyatdagi «Kitob»dan murod Qur’oni Karimdir, «Hikmat»dan maqsad esa hadisi shariflardir.
2 – da’voga raddiya
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalari faqatgina sahobalarga emas, balki butun ummat uchundir. Zero, Alloh taolo Nabiy alayhissalomni butun bashariyatga payg‘ambar etib jo‘natgan: «(Ey, Muhammad!) Biz Sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz» (Anbiyo surasi, 107-oyat).
3 – da’voga raddiya
Alloh taolo O‘zining kalomi Qur’oni Karimni saqlashga va’da bergan. Hadislar esa Qur’onning tafsiri, sharhi hisoblanadi. Xuddi shuningdek, Alloh taolo hadislarning ham to Qiyomatga qadar ummati Muhammadga yetib kelishini ta’minlagan.
Ibrohim Desai rahimahullohning
“Hadis ilmiga kirish” kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tayyorladi.