Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Farzandingizga bolaligida Qur’on o‘qiting. Uning qalbini Qur’oni Karim ila munavvar qiling. Undan keyin uni har qanday ishga qo‘ying, inshaalloh va yana inshaalloh, albatta, Qur’oni Karimning anvoru barakotlari uni tark etmaydi. Bolangizga hamma narsadan oldin Qur’onni o‘rgatib qo‘ysangiz, iymon urug‘ini uning qalbiga mustahkam joylab qo‘ygan bo‘lasiz. Tajribalarda ko‘rilgan ish shuki, yoshligida Qur’oni Karimni o‘qib-o‘rgangan bolalar keyinchalik qanday muhitga tushsalar ham, iymon urug‘i ularning qalbida turaveradi.
Ammo siz bolaga yoshligida «bismillah», «subhanalloh», «alhamdulillah» kalimalarini, Qur’oni Karimni o‘rgatish o‘rniga, it-mushukni tanitsangiz, aqliga hayvonlarni joylab qo‘ysangiz, uning qalbiga iymon nuri qayerdan kiradi? Islom muhabbati qayerdan keladi? Oxiratning g‘am-tashvishi qanday paydo bo‘ladi? Tarbiyamiz shunaqa bo‘lganidan keyin chor tarafimizda moddaparast odamlarning izg‘ib yurishi tabiiy hol. Undaylarda Alloh taoloning huzurida turish hissi ham yo‘q. Undaylar o‘zlariga zulm qiladi. O‘zgalarning esa, terisini shilib oladi.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taoloning bizga O‘zining borligini isbotlash uchun yana bir aqliy dalilni keltiradi. Qur’oni karimda bunday deyilgan:
﴿لَهُ مَا فِي السَّمَاوَاتِ وَمَا فِي الْأَرْضِ وَمَا بَيْنَهُمَا وَمَا تَحْتَ الثَّرَى﴾
“Osmonlar-u yerdagi narsalar, ikkisining o‘rtasidagi va tuproq ostidagi narsalar ham Unikidir” (Toha surasi, 6-oyat).
Ushbu oyati karima nozil bo‘lganiga o‘n to‘rt asrdan oshdi. Oyati karimadagi “tuproq ostidagi narsalar” haqida ko‘pchiligimiz fikr yuritib ko‘rmagan bo‘lsak kerak.
Tuproq, yer ostidagi narsalar yaqin kunlargacha biz uchun noma’lumligicha qolgandi. Lekin Alloh taolo bizga uning ostidagi yashirin xazinalarni topib, ulardan foydalanishimizni xohladi. Oltin, kumush, temir kabi nafis va qimmatbaho ma’danlarni kashf qildik.
Alloh taolo ko‘zimizga ko‘rinmagan narsalar aslida ham yo‘q bo‘lavermasligiga yana bir dalil keltirdi. Bu dunyoda hech kim yer osti boyliklarini “men yaratganman” deb ayta olmaydi. Hatto eng katta olimlar ham bunday da’voni qila olmaydilar. Neft konlarini, oltin, kumushga o‘xshagan qimmatbaho ma’danlarni hech kim ixtiro qilmagan.
Yer ostida hali biz bilmagan boyliklar ham bordir. Ko‘zimiz ko‘rmasada Alloh taolo ularni yaratgandan beri ular tuproq ostida turgan. Ular yaqinda paydo bo‘lib qolmagan, ularni inson zoti yaratmagan. Demak, Alloh taolo bizga yana bir bor o‘sha haqiqatni isbotlamoqda: ko‘zimizga ko‘rinmagan narsa aslida ham yo‘q bo‘lavermaydi.
To‘g‘ri, oxirat, jannat, do‘zax kabi ko‘zimizga ko‘rimaydigan narsalarni Alloh taolo idrok etishga bizni chaqirmaydi. Chunki buning bu dunyoda iloji yo‘q. Lekin bizga borliqdagi mo‘jizalarning o‘zi yetarli. Ularni ko‘rib fikr yuritamiz, aqlimizni ishlatamiz. Yaxshilab o‘ylab ko‘rsak Alloh O‘zining borligiga bu dunyoning o‘zida juda ko‘p aqliy dalillarni keltirganini anglaymiz.
Demak, ko‘zimizga ko‘rinmagan narsalar bor bo‘lishi ham mumkin, degan xulosaga kelar ekanmiz, bu insonni kufrdan ko‘ra iymonga ko‘proq yaqinlashtiradi.
Shayx Muhammad Mutavalli Sha’roviy rahimahullohning
"Allohning borligiga aqliy dalillar" kitobidan