Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Iyul, 2026   |   17 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:42
Quyosh
05:12
Peshin
12:34
Asr
17:33
Shom
19:45
Xufton
21:12
Bismillah
31 Iyul, 2026, 17 Safar, 1448

Tashvishlarni namoz bilan yengishning uch bosqichi

03.12.2024   6167   3 min.
Tashvishlarni namoz bilan yengishning uch bosqichi

Bir qiz aytadi:

«Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qayg‘ularini namoz bilan yengganlarini, musibat yetsa, darhol namozga shoshilganlarini bilganimdan keyin men ham shunday qilishga qaror qildim. G‘am-tashvish yetadigan bo‘lsa, turib, tahorat qilib, xolis Alloh uchun ikki rak’at namoz o‘qiyman.

Men bu darajaga yetguncha uchta bosqichdan o‘tdim.

Birinchi bosqichkurash va mustahkam turish bosqichi. Boshida namoz menga og‘irlik qildi. Qayg‘ularimni, shaytonimni yenggunimcha ancha qiyinchiliklarni boshdan kechirdim. Namozga turardim-u, namoz o‘qib bo‘lganimdan keyin mahzunligim arimaganday bo‘laverardi. Lekin nafl namoz ham doriga o‘xshar ekan, uni ham vaqtida, ixlos bilan, bardavom qilish kerak ekan. Hech qaysi dori birdan samara bermaydi. Aksincha, ba’zan dori ichishni boshlagan paytda kasallik bir kuchayib ham oladi. Namoz ham shunday ekan. Endi boshlaganingda qaytaga tashvishlar, qayg‘ular bir kuchayib ham olarkan.

Ikkinchi bosqich: odatlanish va yengillashish bosqichi. Har gal (kattami, kichikmi) qayg‘uni his qilganimda namoz o‘qishga odatlanganim sari namozlar menga malol kelmay qo‘ydi. Endi namozlar birinchi bosqichdagi kabi og‘irlik qilmas edi. Bundan tashqari, namoz qayg‘ularimni biroz bo‘lsa-da, yengillatayotgandek edi.

Uchinchi bosqich – namozdan bahra olish bosqichi. Bu menga Alloh bergan ulkan in’om edi. Qarshilik va odatlanish bosqichidan keyin namozdan lazzatlanish bosqichiga o‘tdim. Namozda va sajdada o‘zgacha ruhiy osoyishtalik his qila boshladim. Bu lazzat menga qayg‘ularni boricha, bo‘rttirmasdan ko‘rsata boshladi. Men o‘zim uchun ilohiy hikmatni kashf etdim. Boshqalar g‘am-qayg‘ularini dorilaru mast qiluvchi narsalar bilan unutishga harakat qilib yuribdi (Alloh asrasin!) Ammo kayfi tarqagach, o‘sha unutmoqchi bo‘lgan tashvishi ikki barobar bo‘lib qaytadi. Qarabsizki, bu bechora qayg‘ularini unutish uchun undan ham ko‘p ichadi yoki bundan ham og‘irroq gunohlarga jur’at qiladi. Lekin har qancha urinmasin, bu bilan qalb mahzunliklarini hech qachon davolay olmaydi, aksincha, bundan boshqa dardni ham orttirib oladi. Bu dard – gunoh sababli paydo bo‘ladigan iztirobdir.

G‘am-g‘ussalarini namoz bilan muolaja qiladigan inson esa qayg‘ulariga qarshi qiyinchilik bilan emas, balki lazzat, saodat bilan Parvardigorga yaqinlashishdek ulkan hissiyotlar bilan kurashadi. Har qanday g‘am-tashvishlarning shifosi aynan shudir. Qayg‘ular ko‘proq namoz o‘qishga sabab bo‘layotgan ekan, shuning o‘zi ham Parvardigor bergan ulkan tuhfadir. Chunki kimning namozi ko‘p bo‘lsa, Jannatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan birga bo‘ladi».

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh, Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Millat ma’naviyati va din sofligi yo‘lidagi muhim vazifalar belgilab olindi

31.07.2026   9437   1 min.
Millat ma’naviyati va din sofligi yo‘lidagi muhim vazifalar belgilab olindi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Namangan viloyatiga safarlari davomida vakillikning yangi binosida tuman-shahar bosh imom-xatiblari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.

Muftiy hazratlari yurtimizda davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, yangilanishlar hamda soha xodimlari oldida turgan muhim vazifalar haqida so‘z yuritar ekan, imom-xatiblarning din peshvosi sifatidagi ish faoliyatlarini jadallashtirishlari zarurligini ta’kidladilar.

Shuningdek, soha xodimlarini moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, imomlarning ilmiy salohiyatini oshirish va xorijda kasb-mahoratini yuksaltirish borasidagi ishlar alohida e’tirof etildi.

Tahliliy majlisda joriy yilning birinchi yarmida viloyat imom-xatiblari tomonidan amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Xususan, 40 mingta ma’rifiy tadbir, OAVlarda 9 mingta chiqishlar qilinib, 5 500 nafar fuqaroning murojaati hal etilgani, 5 300 ta migrant oilalari bilan muloqot qilingani hamda ehtiyojmand oilalarga 5 mlrd so‘m, madrasalarga esa 800 mln so‘mlik xayriya yordamlari ko‘rsatilgani yuqori baholandi.

Yig‘ilishda Mustaqilligimizning 35 yilligi oldidan hamda "Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi" doirasida masjidlarni obodonlashtirish, tozalik va texnik xavfsizlik choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shu bilan birga, Fatvo markazi faoliyati, o‘z ustida ishlash, imom-xatiblar faoliyatini raqamlashtirish hamda muftiy.uz mobil ilovasi imkoniyatlaridan samarali foydalanish ta’kidlandi.

Muftiy hazratlari so‘zlari nihoyasida har bir bosh imom-xatib o‘z hududida faoliyat yuritayotgan din peshvolarining faoliyatlarini tahliliy o‘rganib, mas’uliyat, sadoqat, fidoiylik va tashabbuskorlik bilan xizmat qilishlarini ta’minlashi lozimligi aytildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari