Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
(hijriy 36, milodiy 656 yil)
Muoviya ibn Abu Sufyon Shomning voliysi o‘laroq hazrati Aliy roziyallohu anhuga bay’at qilmadi. U kishi hazrati Usmon roziyallohu anhuning o‘chi olinishini talab qilar edi. Hazrati Aliy roziyallohu anhu esa vaziyat barqaror bo‘lmagani uchun hazrati Usmon roziyallohu anhuning o‘chini olishni orqaga surgan edilar. Shunday qilib, Shom viloyati hazrati Aliy roziyallohu anhuga itoat qilmaslikni ma’qul ko‘rdi va Muoviya roziyallohu anhu u yerda mustaqil bo‘lib oldi.
Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu Shomga borib, tushunmovchilikni o‘z o‘rnida hal qilishga tayyorgarlik ko‘rib turganlarida kutilmagan boshqa xabar kelib qoldi. Unda aytilishicha, Zubayr ibn Avvom, Talha ibn Ubaydulloh va Oisha onamiz roziyallohu anhum boshliq ko‘pchilik makkaliklar Basraga qarab ketishayotgan edi.
Bu xabar hazrati Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuni avvalgisidan ham qattiqroq tashvishga soldi. U kishi Shomni qo‘yib, ushbu guruhga haqiqatni tushuntirish lozimligini anglab yetdilar va ular tomon yurishga qaror qildilar.
Oisha onamiz roziyallohu anho Zubayr ibn Avvom, Talha ibn Ubaydulloh va bir jamoa sahobalar bilan Makkadan Basraga borib, hazrati Usmon roziyallohu anhuni o‘ldirishda ishtirok etganlarni qatl qildirdilar. Boshqa shaharlarga ham xuddi shunday qilishlari haqida maktub yubordilar. Shunda hazrati Aliy roziyallohu anhu Shomga yurishni to‘xtatib, Basra tomon yurishga majbur bo‘ldilar. Oisha onamizga va u kishi bilan bo‘lganlarga qilayotgan ishlarining oqibati yaxshi bo‘lmasligini bayon qilib odam yubordilar, shoshilish yaxshi emasligini aytdilar. Ular hazrati Aliy roziyallohu anhuning so‘zidan qanoat hosil qildilar va sulh tuzish niyatida u kishining lashkargohi tomon yurdilar.
Sulh haqidagi xabarni eshitgan fitnachilar talvasaga tushib qolishdi. Ular sulh tuzilishi o‘zlarining adolatli jazoga tortilishlarini yaqinlashtirishini yaxshi bilishardi.
Fitnachilarning boshliqlari zudlik bilan to‘planishdi. Ularning ichida Ashtar Naxa’iy, Shurayh ibn Avfo, Solim ibn Sa’laba, G‘ulom ibn Haysam va boshqalar bor edi. Albatta, yahudiy fitnaboshi Abdulloh ibn Saba’ ularga bosh-qosh edi. Ularning ichida sahobalardan biror kishi yo‘qligi alohida diqqatga sazovor edi. Bu fitnaning tabiatini va qayerdan, kimdan kelib chiqqanini ko‘rsatardi.
Fitnachilar nima qilib bo‘lsa ham tun qorong‘isida orada urush qo‘zg‘ashga kelishib olishgan edi. Tong otmay turib, adadlari ikki ming atrofida bo‘lgan fitnachilar sulh tuzish orzusida uxlab yotgan kishilar ustiga birdan hujum boshlashdi.
Ikki taraf jang qildi. Aliy roziyallohu anhu urushni to‘xtatishning imkonini topolmadilar. U kishini og‘ir yuk bosdi.
Jang juda ham qizib ketdi. Bu asosan Oisha onamiz roziyallohu anhoning havdajlari yuklangan tuyaning atrofida bo‘ldi. Shuning uchun bu jang «Tuya jangi» degan nomni oldi. Jangda Basra lashkari mag‘lub bo‘ldi. Aliy roziyallohu anhu Oisha roziyallohu anhoning hurmatlarini joyiga qo‘yib, Makkaga qaytarib yubordilar. Bu musulmonlarning birinchi marta ikkiga bo‘linib qilgan janglari edi.
Jangda musulmonlardan juda ko‘p odamlar vafot etdi. Shundan so‘ng Basrada hazrati Aliy roziyallohu anhuga bay’at qilindi.
Hazrati Aliy roziyallohu anhu Shom tomonga yurishni davom ettirdilar.
«Islom tarixi» birinchi juzi asosida tayyorlandi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Islom so‘zi “salima” “yaslamu”, “salaaman” va “salaamatan” kabi so‘zlarning o‘zagidan olingan.
Islom so‘zining ma’nosi turli ma’nolarni anglatsada, biroq barcha ma’nolar bir ezgu maqsad – tinchlikka yo‘nalgandir. Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qilgan: “Ey, iymon keltirganlar! Islomga to‘lig‘icha kiring. Va shaytonning izidan ergashmang” (Baqara surasi, 208-oyat).
Tilshunos olim Abu Amr Shayboniy ushbu oyatdagi “silm” so‘zini Islom deb sharhlaydi.
Ushbu oyati karimadagi “kaafatan ya’ni to‘lig‘icha, yoppasiga” so‘zi barcha insonlar tinchlik yo‘lini tutishlari lozimligini bildiradi. Allohning amr farmoniga itoat etgan holda hamisha ahil va inoqlikda yashashlari darkor.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmon bandani ta’riflab: “Musulmon boshqa musulmonlarga tili bilan ham, qo‘li bilan ham ozor yetkazmagan kishidir”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy, Imom Ahmad, Ibn Hibbon rivoyati).
Bu hadisga ko‘ra, musulmon so‘zi “barchaga yaxshilik istovchi, dilozorlikdan yiroq” kabi ma’nolarni ifodalaydi.
Shuning uchun ham, musulmonlar o‘zaro muomalalarini doimo bir-birlariga tinchlik tilash, ya’ni salomlashish bilan boshlaydilar. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Sizlarga salom bo‘lsin, Robbingiz O‘z zimmasiga rahmatni yozdi” (An’om surasi, 54-oyat).
Arab tilidagi salom so‘zining to‘rt xil ma’nosi bor.
Birinchisi, “salima” so‘zining masdari “salaam” bo‘lib, u turli “balo-ofatlardan omonda bo‘lish”ni anglatadi.
Ikkinchisi, “salaama” so‘zining ko‘plik shakli, u “tinchlik va omonlik” kabi ma’nolarni bildiradi.
Uchinchisi, Alloh taoloning go‘zal ismlaridan biri bo‘lgan “as-Salom”, ya’ni, “barcha nuqsonlardan salomat, tinchlik-xotirjamlik beruvchi” degan ma’noni anglatadi.
To‘rtinchisi, “salam” ya’ni, “sersoya va hamisha yashil bo‘lib turuvchi daraxt”dir.
Abu Is'hoq Zujajning fikriga ko‘ra, “salaam” so‘zi “sallama”dan olingan bo‘lib, “insonning og‘ir sinov, g‘am-alam va tashvishlardan omonda bo‘lishi”ni anglatadi[1].
Shuningdek, jannatning nomlaridan biri “Dorus-salom” (tinchlik diyori) deb nomlangan. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ularga Robbilari huzurida dorus-salom (tinchlik uyi) bordir” (An’om surasi, 127-oyat); “Alloh (odamlarni) tinchlik diyori (jannat)ga chorlaydi va xohlagan kishini to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etadi” (Yunus surasi, 25-oyat).
Jannatda faqat tinchlik, xotirjamlik, salomatlik, rohat-farog‘at, anvoyi nozu ne’matlar bo‘lgani, unda o‘lim, kasallik, uyqu, g‘am-tashvish degan narsalar yo‘q.
Imom Asfahoniyning fikriga ko‘ra, “salaam” va “salaama” so‘zlari barcha musibat, g‘am, tashvishlardan chetda bo‘lish ma’nosini anglatadi. Alloh bunday marhamat qiladi: “Magar kim Alloh huzuriga toza qalb ila kelar, (o‘sha manfaat topar)” (Shuaro surasi, 89-oyat).
Toza qalb – turli zulm va yomonliklardan holi bo‘lgan qalbdir. Shuningdek, Qur’oni karimda tinchlik, xotirjamlik haqida yana boshqa ko‘plab oyatlar mavjud bo‘lib, ular quyidagilardan iborat:
“U (jannat)larga tinchlik, omonlik ila kiringlar (deyilur)” (Xijr surasi, 46-oyat);
“Bizdan (bo‘lmish) salomatlik va senga va sen bilan birgalikdagi jamoalarga (atalgan) barakotlar bilan (kemadan yerga) tushgin!” (Hud surasi, 48-oyat);
“U bilan Alloh rizosini topishga intilganlarni (U) tinchlik va salomatlik yo‘llariga yo‘llab, O‘z izni bilan ularni zulmatlardan nurga chiqarur va to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur” (Moida surasi, 16-oyat);
“ ... johil kimsalar (bema’ni) so‘z qotganda «Salomatlik bo‘lsin!» deb javob qiladigan kishilardir” (Furqon surasi, 63-oyat).
“(Ularga) rahmli Parvardigor (tomoni)dan salom (aytilur)” (Yosin surasi, 58-oyat);
“(Alloh yo‘lida turli mashaqqatlarga) sabr qilib o‘tganlaringiz sababli (endi bu yerda) sizlarga tinchlik bo‘lgay” (Ra’d surasi, 24-oyat).
Bu oyatlar Islom – tinchlik, omonlik, xotirjamlik va sihat-salomatlik dini ekanining yaqqol isboti sanaladi.
Yuqorida ta’kidlanganidek, yashil daraxt ham Islom so‘zining lug‘aviy ma’nolaridan biri hisoblanadi. Arab tili lug‘atiga oid ikki mashhur “Lisanul arab” va “Tahzibul lug‘at” asarlarida Imom A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhining quyidagi so‘zlari keltiriladi:
“As-salaam abadiy yashil, ulkan bir daraxtdir”[2].
Bir qator lug‘atshunos olimlar “as-salaam” so‘zi “yashil daraxt” ma’nosini anglatishini qo‘llab quvvatlashgan. Chunki bu daraxt hatto kuzda sarg‘aymaydi, hech chirimaydi ham.
Buyuk lug‘at olimlaridan biri Abu Muhammad Abdulloh ibn Barriyning fikriga ko‘ra, bu daraxt “salm” deb nomlanadi va uning ko‘plik shakli “salaam” hisoblanadi. Uning bunday atalishiga sabab, daraxt hamisha yashil rangda va sersoya ekanligidir.
Shuningdek, narvon arab tilida “sullam” deb ataladi. Bu haqda Zujaj bunday yozadi: “Sullam” so‘zi “narvon” ma’nosini anglatadi, chunki u orqali sen ko‘tarilmoqchi bo‘lgan joyga sog‘-salomat yetib olasan[3].
Yuqoriga chiqish yoki ko‘tarilishning narvondan boshqa yo‘llari ko‘pincha shikastlanish yo jarohatlanish kabi baxtsiz holatlar bilan yakun topishi mumkin. Shu bois, narvon sababli turli xavf-xatarlardan salomat, xotirjam bo‘lingani uchun arab tilida narvon sullam deb nomlangan. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “yoki osmonga narvon qo‘yib” (An’om surasi, 35-oyat).
“Lisanul-arab” asari muallifi Ibn Manzur esa “sullam” so‘zini quyidagicha sharhlaydi: “Sullam bu – katta chelak degani”[4].
Paqir – quduqdan suv olish vositasi bo‘lib, qadimda odamlar uning yordamida quduqlardan suv olishardi. Lekin nega aynan chelak “sullam” deb ataladi? Chunki odamlar uning yordamida suv tortib chanqog‘ini qondirishgan, uylariga olib ketib, tahorat uchun ishlatishgan.
Suv – barcha maxluqot, jonzot, nabotot va o‘simlik uchun salqinlik, sokinlik, tiriklik va hayot manbai. Shuning uchun unga erishish vosita bo‘lgan chelak “sullam” deyiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, Islom – tinchlik, omonlik va xotirjamlik dini. Tinchlik – Islom dinining shiori, bosh g‘oyasi. Uning ta’limoti bashariyatni tinchlikka chaqirish, yer yuzida osoyishta hayot o‘rnatish, insonlarning o‘zaro mehr-muruvvatli bo‘lishga chaqirishdan iboratdir. Zo‘ravonlik, janjal, qotillik va buzg‘unchiliklarning har qanday ko‘rinishini qoralaydi hamda ulardan qaytaradi.
Davron NURMUHAMMAD
[1] Abu Mansur Muhammad ibn Ahmad al-Azhariy. Tahzib al-lug‘at. – Maydon al-jaysh: Dor al-qavmiyya al-arabiyya, 1964. J. 4. – B. 292.
[2] Ibn Manzur Afriqiy. Lisan al-arab. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiyya, 1984. J. 12. – B. 297.
[3] Ibn Manzur Afriqiy. Lisan al-arab. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiyya, 1984. J. 12. – B. 297.
[4] Ibn Manzur Afriqiy. Lisan al-arab. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiyya, 1984. J. 12. – B. 201.