Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Noyabr, 2026   |   24 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:37
Quyosh
06:58
Peshin
12:12
Asr
15:34
Shom
17:18
Xufton
18:33
Bismillah
04 Noyabr, 2026, 24 Jumadul avval, 1448

Ular Alloh yo‘lida yuruvchilardir

05.12.2024   6989   6 min.
Ular Alloh yo‘lida yuruvchilardir

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalar bilan birga edilar. Shunda sahobalarning ko‘zi qat’iyat bilan mehnat qilayotgan bir kishiga tushdi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning sahobalari undagi kuch va g‘ayratni ko‘rib:

“Yo Allohning Rasuli? Qani endi bu kishi Alloh taolo yo‘lida harakat qilsa, ajoyib ish bo‘lardi”, deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning fikri va tasavvurini o‘zgartirib:

“Agar u kishi yosh farzandlarini boqish uchun ko‘chaga chiqsa, u Alloh yo‘lidadir. Agar keksa ota onasini boqish uchun ko‘chaga chiqsa, u Alloh yo‘lidadir”, dedilar.

Jamiyatga xizmat qilish, odamlarning ehtiyojini qondirish maqsadida qilingan mehnat ham Alloh yo‘lidagi jihod sanaladi. Zero, jihod faqatgina jang maydonlarida bo‘lmaydi. Balki jamiyatning taraqqiyotiga xissa qo‘shish ham jihoddir. Masalan, turli kasb egalariga bir nazar soling! Aytaylik, agar ko‘cha supuruvchilar uch kunga ishlarini to‘xtatsalar, bilasizmi ko‘cha qanday ahvolga tushadi?!

Agar duradgor yoki temirchilar ham o‘z ishlarini to‘xtatsalar, shaharning rivojlanishi orqaga keta boshlaydi.

Ha, azizlar har bir kasb o‘z o‘rniga ega. Shuning uchun ularning har birini hurmat qilishimiz kerak. Ularning har biriga hayotimiz davomida muhtoj bo‘lamiz. Ular turmushimizni yengil qiladi. Ular farrosh, duradgor yoki chilangar bo‘lsin...

Nabiy alayhissalom davrlarida bir qari ayol masjidni supurar, tozalar edi. U vafot etdi. Sahobalar u ayolni dafn etishni, ammo buning xabarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yetkazishni unchalik muhim deb hisoblashmadi va bu haqda u zot alayhissalomga hech narsa aytishmadi.

Bir muddat o‘tgach Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u ayolning nega ko‘rinmay qolgani haqida so‘radilar, sahobalar uning vafot etganini aytishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Nega menga ma’lum qilmadingiz?!" deb qattiq tanbeh berdilar. Keyin: "Menga uning qabrini ko‘rsating", dedilar. Qariya ayolning qabriga borib, uning haqiga duo qildilar.

U ayol har kuni namozxonlar namoz o‘qishlari uchun masjidni supurib, tozalab qo‘yardi, bunga hech kim e’tibor ham bermasdi.

Agar siz biror kasb bilan mashg‘ul bo‘lsangiz yoki mehnat qilsangiz Alloh taoloning eng sevimli bandalari – payg‘ambarlar ham kasb bilan shug‘ullanishganini aslo unutmang! Masalan, Nuh alayhissalom duradgor, Dovud alayhissalom temirchi, Zakariyo alayhissalom duradgor, Muso alayhissalom cho‘pon bo‘lganlar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam esa ozgina haq evaziga qo‘ylarni boqardilar.

Qolaversa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uy ishlarida ham ahli oilalariga yordamlashardilar, bu haqda Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilingan. Uyni supurish, tozalash, uydagilarning xizmatini qilish kishining maqomini pasaytirmaydi.

Mehnat qilish inson hayotida muhim ahamiyatga ega. Ammo eng muhimi – zimmamizga yuklatilgan vazifani puxta, mukammal qilib bajarish Allohning oldidagi burchimizdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo o‘z ishini chiroyli, puxta qiladigan bandasini yaxshi ko‘radi” deganlar.

Boshqa hadis Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: "Albatta, Alloh har bir narsaga yaxshilik qilishni buyurgan. Agar qurbonlik qilsangiz, chiroyli so‘ying. Pichog‘ingizni o‘tkirlang".

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har bir kasb egasini o‘z ishini puxta bajarishga undaganlar. Biz bugun jamiyatdagi har bir kasb egasi o‘z ishini puxta bajarishiga va har bir kasb egasi hurmat qilinishiga naqadar muhtojmiz. Shunda jamiyat yanada rivojlanadi. Hayotimizning har bir jabhasida katta o‘zgarishlar yuz beradi. Eng muhimi korrupsiya balosi yo‘qoladi.

Hazrat Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu Payg‘ambarimizning kuyovlari, qurayshning eng jasuri, jannatiy ekanliklari bashorati berilgan bo‘lishlariga qaramay, oddiy ishchi bo‘lib mehnat qilardilar. Bu haqda Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu bunday deydilar: “Kunlarning birida juda och qoldik. Ish izlab ko‘chaga chiqdim. Mahallalardan birida loy uchun tuproq uyib qo‘ygan ayolni ko‘rdim. Unga har bir chelak evaziga bir xurmo berishga kelishib, suv tashidim. O‘n olti chelak suv bilan to‘ldirdim. Hatto qo‘llarim qizarib ketdi. So‘ngra kelib, ayolga kaftimni ochib tutdim. U menga o‘n olti dona xurmo sanab berdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga olib keldim va voqeani aytib berdim. U kishi men bilan birga xurmo yedilar”.

Demak, kishi kim bo‘lishidan qat’i nazar halol kasb qilishi, hayotda o‘z o‘rnini topishga intilishi lozim ekan. Zero, mehnat qilish, foydali ish bilan shug‘ullanish Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga qilgan tavsiyalaridandir.

Har bir yosh avlod imkon qadar o‘z mahoratini ishga solishi kerak. Ular o‘zlari qiziqqan ish bilan band bo‘lishlari, oldilariga qo‘ygan maqsadlari sari intilishlari va o‘z niyatlariga yetgunlariga qadar mehnat qilishdan aslo to‘xtamasliklari lozim. Bunda shoshilmaslik talab etiladi. Ba’zi yoshlar bir zumda rahbar yoki katta tadbirkor bo‘lishni istashadi. Agar chindan ham rahbar bo‘lishni istasangiz, unda uyda o‘tirmang! Bosqichma-bosqich maqsadingiz sari intiling! Hayotda eng muhimi – Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashayotganingizni unutmang!

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi O‘mon Sultonligiga amaliy tashrifini boshladi

04.11.2026   11992   4 min.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi O‘mon Sultonligiga amaliy tashrifini boshladi

Maskat, 2026 yil 3 noyabr. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya O‘mon Sultonligiga amaliy tashrifini boshladi. Tashrifda O‘zbekiston Respublikasining O‘mon Sultonligidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Abdusalom Xatamov, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi vakillari, shuningdek, Markaz Ilmiy kengashi a’zolari — O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov hamda Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy xodimi Shorustam Shomansurov ishtirok etmoqda.

Tashrif doirasida delegatsiya O‘mon Sultonligi Milliy hujjatlar va arxivlar boshqarmasi raisi, doktor Hamad bin Muhammad al-Zuvayyoniy bilan uchrashdi, xabar bermoqda iccu.uz..

Uchrashuvda O‘mon tomoni boshqarmaning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, tarixiy hujjatlarni restavratsiya qilish, saqlash, tizimlashtirish va raqamlashtirishda qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar hamda ilg‘or tajribalar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, muassasaning ilmiy nashrlari va kitob to‘plamlari taqdim etildi. Delegatsiya a’zolariga boshqarma faoliyati va uning muhim loyihalariga bag‘ishlangan videomaterial ham namoyish qilindi.

Muzokaralar davomida ilmiy va madaniy-tarixiy hamkorlikni rivojlantirish, arxivshunoslik sohasida o‘zaro tajriba almashish, hujjatli merosni asrab-avaylash hamda qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama etildi.

Muloqotning muhim yo‘nalishlaridan biri O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi tarixiy, madaniy va ijtimoiy aloqalarga bag‘ishlangan qo‘shma xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusi bo‘ldi.

Doktor Hamad bin Muhammad al-Zuvayyoniy ikki xalqning tarixiy mushtarak jihatlari, turmush tarzi, diniy-ma’naviy merosi, me’morchilik an’analari hamda tarixiy numizmatika sohasidagi aloqalarini chuqur tadqiq etish taklifini ilgari surdi.

Hamkorlik istiqbollariga to‘xtalar ekan, doktor Hamad bin Muhammad al-Zuvayyoniy quyidagilarni ta’kidladi:

«O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mintaqaning boy tarixiy, ilmiy va ma’naviy merosini o‘rganish hamda uni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish uchun katta imkoniyatlar yaratmoqda. Biz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakat taraqqiyoti, tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash va keng ko‘lamli ma’rifiy tashabbuslarni amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlarini yuksak qadrlaymiz. Davlat rahbarining ezgu maqsad va rejalari ro‘yobga chiqishini tilaymiz. Ishonamizki, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan O‘mon muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik yangi ilmiy tadqiqotlar olib borish, tarixiy manbalar almashish va qo‘shma ko‘rgazma loyihalarini amalga oshirishga xizmat qiladi».

O‘z navbatida, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov xalqaro hamkorlikni kengaytirish muassasa faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq, Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatining uch yillik dasturini ishlab chiqishga kirishdik. Ushbu dasturning asosiy yo‘nalishlaridan biri xalqaro ilmiy va madaniy hamkorlikni kengaytirish, xorijiy muassasalar bilan sheriklik aloqalarini mustahkamlash hamda qo‘shma tashabbuslarni hayotga tatbiq etishdan iborat. Ishonchim komilki, O‘mon Milliy hujjatlar va arxivlar boshqarmasining, ayniqsa, tarixiy hujjatlar va qo‘lyozmalar bilan ishlash borasidagi tajribasi ushbu dastur doirasida muhim ahamiyat kasb etadi va mutaxassislar o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi», — dedi Firdavs Abduxoliqov.

Tashrif dasturi O‘mon Milliy hujjatlar va arxivlar boshqarmasining ixtisoslashtirilgan bo‘linmalari faoliyati bilan tanishish orqali davom etdi. Delegatsiya a’zolari tarixiy hujjatlarni zararsizlantirish, restavratsiya qilish va saqlashga ixtisoslashgan bo‘limlarda bo‘lib, arxiv materiallarini muhofaza etishning zamonaviy usullari, maxsus uskunalar va texnologik jarayonlar bilan tanishdilar.

Ayniqsa, tarixiy hujjatlarga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan zamburug‘lar, bakteriyalar va hasharotlarga qarshi ishlov berishga ixtisoslashgan bo‘lim faoliyati katta qiziqish uyg‘otdi. Mutaxassislar arxiv materiallarini biologik omillar ta’siridan himoya qilish bo‘yicha qo‘llanilayotgan amaliy usullar va maxsus jihozlarni namoyish etdilar.

O‘mon Sultonligi Milliy hujjatlar va arxivlar boshqarmasining yetakchi mutaxassisi Fahd bin Muborak al-Damdamiy tajriba almashish va sohaviy kadrlarni tayyorlash muhimligini ta’kidladi:

«Ushbu sohadagi 16 yillik faoliyatim davomida arxiv merosini saqlashda zamonaviy laboratoriya texnologiyalari va mutaxassislarning kasbiy tayyorgarligi naqadar muhim ekaniga amin bo‘ldim. Bizda zarur uskunalar va tajribali mutaxassislar jamoasi mavjud. Shu bois o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun amaliy stajirovkalar tashkil etishga va ularni ish jarayonida qo‘llanilayotgan usullar bilan tanishtirishga tayyormiz».

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasining O‘mon Sultonligiga amaliy tashrifi davom etmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari