Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Din faqatgina namoz o‘qishing, ro‘za tutishing, zakot berishing, haj qilishing, shahodat kalimasini aytishing xolos va shu bilan ish tugaydi deb hayol qilma. Yo‘q. Bular ibodatlardir. Farz ibodatlardir. Dinning shiori bo‘lgan ibodatlardir.
Lekin muomalat ibodatlari sog‘lom bo‘lmas ekan, bularning samarasini sezmaysan va ibodatlarni asl maqsadi, hadafini anglamaysan. Seni dinga shakliy yaqinliging oldinga ham surmaydi, ortga ham.
Uyingni to‘riga Ka’baning suratini qo‘yib olishing kifoya emas.
Mashinangga Mus'hafi sharifni qo‘yib qo‘yishingni o‘zi kifoya emas.
Do‘koningni devoriga Qur’on oyatlari yozilgan plakatni osib qo‘yishni o‘zi kifoya emas.
Qo‘lingda tasbeh tutib yurishingni o‘zi kifoya emas.
Umra ziyoratiga o‘ttiz martalab borishingni o‘zi kifoya emas!
Din – bu istiqomatingdir.
Din – bu shariatga muvofiq muomalangdir.
Doktor Muhammad Rotib Nabulsiy hafizahulloh
Birlashgan Arab Amirliklarida xizmat safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston imom-xatiblari uchun davlatchilik, bag‘rikenglik va zamonaviy diniy-ijtimoiy yondashuvlar mavzusida navbatdagi ilmiy-amaliy mashg‘ulot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda BAAning taraqqiyot yo‘li, qonun ustuvorligi va "vasatiyya" (o‘rtalik) tamoyilining jamiyat tinchligidagi o‘rni alohida e’tirof etildi. Mamlakatda 200 dan ortiq millat va elat vakillari ahil-inoq istiqomat qilayotgani ta’kidlanib, inson qadri va o‘zaro hurmat muhim omil ekaniga e’tibor qaratildi.
O‘z navbatida, BAA vakillari O‘zbekistonning boy sivilizatsiyasi va dunyo tamadduniga hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz xizmatini yuksak ehtirom bilan yodga olishdi. Tinglovchilarning ta’kidlashicha, mashg‘ulotlarda masjidlarda ma’ruzalarni proyektor va interaktiv taqdimotlar orqali ko‘rgazmali yetkazish tajribasi, shuningdek, imom-xatiblarning jamiyat hayotidagi faol o‘rni ko‘rsatib berildi.
Shuningdek, tadbirda BAA rahbariyatining dunyo bo‘ylab amalga oshirayotgan insonparvarlik va xayriya loyihalari haqida atroflicha so‘z yuritilib, bu kabi manfaatli ilmiy safarlarni tashkil etgan davlatimiz Rahbari va soha mutasaddilariga minnatdorlik bildirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati