Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Oxirgi paytlarda umr yo‘ldoshini tanlash paytida tibbiy ko‘rikdan o‘tish masalasi ham o‘rtaga chiqdi. Tajribada nikohdan, to‘ydan keyin kelin-kuyovdan birida turli yuqumli yoki bir oilada yashashga to‘siq bo‘ladigan bemorliklar chiqib qolishi holatlari ushbu chorani qo‘llashga majbur qildi. Bu ishga shar’iy jihatdan qanday baho berilishini ulamolarimiz ko‘rib chiqib, quyidagi qarorni qabul qildilar.
Fatvo va ilmiy bahslar bo‘yicha yevropa majlisi
O‘n to‘rtinchi sessiya
(23–27 fevral, 2005 yil)
qaror 2\14.
Majlis nikohlanishni istovchilarda yuqumli yoki oila qurish maqsadlariga ta’sir o‘tkazadigan xastalikni aniqlash uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tish masalasini ko‘rib chiqdi. Bu borada tayyorlangan ilmiy tadqiqotni atroflicha o‘rganib chiqqandan keyin majlis quyidagilarga qaror qildi:
1. Nikohlanishdan oldin o‘tkaziladigan tibbiy ko‘rikning yuqumli yoki oila qurish maqsadlariga ta’sir o‘tkazadigan xastalikni aniqlashda foydalari bor. Bu sababli nikohlanishdan saqlanish mumkin. Shu bilan birga, bu ishning ayb va salbiy taraflari ham bor. Xususan, birovning aybini ochish, unga ma’naviy zarar yetkazish va kelajagini xavf ostida qoldirish kabilar.
2. Tibbiy ko‘rikni man qiluvchi narsa shariatda yo‘q. Jumladan, irsiy ko‘rikning ham. Faqat, shart shuki, aybni oshkor qilmaslik kerak va davolanishga yo‘l topish lozim.
3. Agar nikohni istovchi taraflardan biri nikohdan oldin tibbiy ko‘rikni shart qilsa, mone’lik yo‘q.
4. Agar ikki taraf oila qurishdan oldin kelishgan holda (irsiydan boshqa) tibbiy ko‘rikdan o‘tishni istasalar, mone’lik yo‘q. Faqat, satr bo‘yicha Islom odoblariga amal qilish va boshqa tarafga zarar yetkazmaslik shart.
5. Ikki tarafga ham nikohdan oldin o‘zidagi yuqumli yoki oila qurish maqsadlariga ta’sir o‘tkazadigan xastalikni yashirish joiz emas. Agar yashirsa va bu ish ikkinchi tarafning xasta bo‘lishi yoki o‘limiga sabab bo‘lsa, sababchi taraf shariat hukmi bo‘yicha barcha jazo va to‘lovlarni o‘tashi majburiy bo‘ladi.
6. Agar nikohdan keyin ikki tarafdan biri ikkinchisining yuqumli yoki oila qurish maqsadlariga ta’sir o‘tkazadigan xastaligi borligini bilib qolsa, nikohni buzishga haqqi bor.
«Baxtiyor oila» kitobidan
#xabar #seminar #imom #malaka
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari bilan diniy soha xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish va ish samaradorligini yuksaltirish maqsadida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda 8–9 sentyabr kunlari Diniy idoraning Masjidlar bilan ishlash hamda Kadrlar bo‘limlari hamkorligida respublikamiz bo‘yicha yangi lavozimga tayinlangan 55 nafar imom-xatib va imom noiblari uchun ikki kunlik o‘quv-seminari o‘tkazildi.
Mashg‘ulotlar davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Muzaffar Kamolov, Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori, shuningdek, Fatvo markazi, Kadrlar bilan ishlash, Ichki nazorat bo‘limi mutasaddilari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha ma’ruza qildilar.
Xususan, soha mutasaddilari tomonidan muvaffaqiyatli imom bo‘lish omillari, go‘zal qiroat va tajvid qoidalari, shar’iy masalalarga to‘g‘ri yondashish, faoliyat samaradorligini baholash (KPI), qonun-qoidalarga qat’iy rioya etish, mehnat munosabatlari hamda jamoat bilan ishlash ko‘nikmalari yuzasidan zarur amaliy tushuntirish va tavsiyalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati