Beshinchi bob
Abbosiylar davlati
(hijriy 132–656; milodiy 750–1258)
Birinchi fasl
Abbosiylar davlatining tiklanishi
Abbosiylarning nasabi
Abbosiylar xalifaligi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning amakilari Abbos roziyallohu anhuga nisbat beriladi.
Ushbu davlatning asoschisi – Abdulloh ibn Muhammad ibn Aliy ibn Abdulloh ibn Abbos ibn Abdulmuttalib. Bu odamning laqabi – Saffoh.
Abbosiylar davlatining tashkil topishi Banu Hoshim olib borgan da’vatning yutug‘i deb bilinadi. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan keyin xalifalik u zotning qarindoshlariga o‘tishi kerak degan chaqiriq bilan chiqqan bo‘lib, bu fikr Islomning avvalida mag‘lubiyatga uchragan edi. Aslida esa islomiy ta’limotlarga, ko‘rsatmalarga binoan xalifalik musulmonlarning barchasiga mulk bo‘lib, ular o‘zlari loyiq ko‘rgan kishini xalifa qilishlari kerak bo‘lgan.
Da’vatning boshlanishi
Rofizalardan bo‘lgan kisoiylar firqasi imomlik Muhammad ibn Aliy ibn Abu Tolib ibn Hanafiyyaning avlodida bo‘lishi kerak, degan fikr bilan chiqishdi. Ular Ibn Hanafiyyaning vafotidan keyin kishilarni uning o‘g‘li Abu Hoshimga bay’at qilishga chaqira boshladilar. Abu Hoshim esa umaviylarni tanqid qilib yurar edi. U o‘z o‘limidan oldin amakisining o‘g‘li Muhammad ibn Aliy ibn Abdulloh ibn Abbosning oldiga – Urdundagi Hamimiya degan joyga bordi va undan umaviylarning hukmini inqirozga uchratishini, Oli baytga da’vat qilishini talab qildi.
Da’vatning yashirin bosqichi
Bu bosqich hijriy 100 yilda boshlanib, 129 yilgacha (milodiy 718–746) davom etgan. Ulkan cho‘qqilarni orzu qilgan Muhammad ibn Aliy yuqoridagi da’vatni o‘zi uchun qonun qilib oldi-da, hijriy 100 yilda uni amalga oshirish maqsadida ish boshladi. Rejalar tuzish, ishni tartibga solish uchun Hamimiyani markazga aylantirdi. Da’vat uchun Kufani o‘ziga markaz qilib oldi. Xurosonni esa da’vatni tarqatish diyori qilib ixtiyor etdi va u yerga da’vatchilar – naqiblarni yubordi. Buning uchun da’vatni tarqatishga imkoniyati, iqtidori, qobiliyati bor kishilarni tanladi. Ushbu da’vat ishlari butunlay maxfiy ravishda olib borilar, maxfiy bo‘lgani uchun ham sekinlik bilan tarqalar edi. Siyosiy bilimdonlik va doxiylik bilan olib borilgan Muhammadning bu da’vatlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Oli baytlari ismi bilan tarqalardi.
Muhammad vafot etganidan keyin uning da’vatini hijriy 125 (milodiy 742) yilda o‘g‘li Ibrohim qabul qilib oldi. Bu vaqtga kelib, umaviylar davlati zaiflashib qolgan, Hishom ibn Abdulmalikning vafotidan keyin bir nechta firqalarga bo‘linib ketgan edi. Shu sababli abbosiylarning da’vati keng ravishda tarqala boshladi.
Ochiq da’vat qilish bosqichi hamda Iroq va Hurosonni bo‘ysundirish
Ibrohim hijriy 129 (milodiy 746) yilda o‘zining eng ko‘zga ko‘ringan lashkarboshisi bo‘lmish Abu Muslim Xurosoniyni Xurosonda da’vatni ochiq e’lon qilishga amr qildi. Abu Muslim Xurosoniy chinakam doxiy, shu bilan birga, juda xatarli inson bo‘lib, askarlar olamida eng ulug‘, nihoyatda usta lashkarboshi hisoblanar edi. Abu Muslim amrni eshitishi bilan unga amal qilishga o‘tdi. U umaviylar sulolasining oxirgi xalifasi Marvon ibn Muhammadni tutib qamadi. Uni hibsga olgach, akasi Abdulloh Saffohni ishga qo‘ydi. U ahli bilan Kufaga kelib, Abu Salama Hallol degan kishining hovlisiga tushdi. Bu ish sirligicha qoldi.
Abu Muslim Xurosonning voliysi Nasr ibn Sayyorni yo‘q qildi. Nasr ibn Sayyor Abu Muslimning harakatlarini to‘sishga juda ko‘p urindi. U xalifa Marvon ibn Muhammaddan yordam so‘radi, lekin foyda bermadi. Marvonning Iroqdagi voliysi Yazid ibn Umar ibn Hubayradan ham yordam so‘radi, undan ham hech qanday javob bo‘lmadi, chunki bu paytda ularning hammasi urushlar, fitnalar bilan mashg‘ul edilar.
Shunday qilib, Abu Muslim Xurosoniy hijriy 130, milodiy 748 yilda Xurosonni bosib olishga muvaffaq bo‘ldi. So‘ng hijriy 132 yilning oxirlarida Iroq Yazid ibn Umar ibn Hubayraning qo‘lidan tortib olindi. Ibn Hubayra abbosiylarga taslim bo‘lmasa ham, Saffoh unga omonlik berganidan keyin ularning hukmiga ko‘ndi. Lekin uni aldab, xiyonat qilib o‘ldirishdi.
Shuningdek, Saffoh o‘z xalifaligini e’lon qilganidan keyin Abu Salama Xallol haqida xalifalikni alaviylarga o‘tkazish uchun til biriktiryapti, degan gap tarqatdi. Holbuki, Abu Salama Xallol Saffohning foydasiga juda ko‘p ishlar qilgan, umaviylarni yo‘q qilishda katta rol o‘ynagan, abbosiylarning da’vatini tarqatish yo‘lida katta-katta ishlarni amalga oshirgan edi.
Bulardan ko‘rinadiki, abbosiylar o‘z davlatini qurish yo‘lida hech narsadan toymaganlar, juda ko‘p noma’qul ishlarni o‘zlariga ep ko‘rganlar.
Abbosiylar xalifaligining e’lon qilinishi
Abdulloh Saffoh berkingan joyidan chiqib, o‘zining jamoasi bilan Kufaning markaziy jome’ masjidiga bordi va xalifaligini e’lon qildi. O‘sha yerda unga bay’at qilindi. Bu voqea hijriy 132 yil rabi’ul avval (milodiy 749 yil oktyabr) oyida bo‘lib o‘tdi.
Umaviylarning barham topishi va Zob jangi
Saffoh xalifaligini e’lon qilganidan chamasi ikki oy o‘tgach, lashkarini umaviylarning oxirgi xalifasi Marvon ibn Muhammad bilan jang qilish uchun yubordi. U Mosul yaqinidagi Zob daryosi qirg‘og‘iga joylashgan edi. Marvon mag‘lub bo‘ldi, bir joydan ikkinchi joyga qocha boshladi. Abbosiylar uni hijriy 132 (milodiy 750) yilda Misrda qatl qildilar. Shunday qilib, hamma ishlar abbosiylarning qo‘liga o‘tdi. Andalusdan boshqa barcha Islom yurtlari ularning hukmi ostiga kirdi.
Abbosiylar davlatining hukmronlik davri
Abbosiylar davlati hijriy 132 (milodiy 750) yilda umaviylar davlatining qoldiqlari ustida tashkil topdi va nihoyat hijriy 656 (milodiy 1258) yilda ushbu davlat ham tugadi.
Bu davlatning tugashi mo‘g‘ullar Bag‘dodni xarobaga aylantirib, abbosiylardan bo‘lmish oxirgi xalifani qatl qilganlaridan so‘ng yuz berdi. Abbosiylar hijriy 132–656 yillar ichida, ya’ni 524 yil davomida hukmronlik qildilar. Abbosiylarning davri ikki bosqichga bo‘linadi. Bu ko‘pchilik tarixchilar kelishgan istilohdir.
Birinchi bosqich
Bu bosqich abbosiylarning birinchi davlati deb atalib, hijriy 132–248 (milodiy 750–862) yillarni o‘z ichiga oladi. O‘nta xalifa o‘z hukmini yuritgan bu bosqichda davlat nihoyatda kuchli bo‘lgan, boshqaruv xalifalar tomonidan mukammal ravishda olib borilgan.
Ikkinchi bosqich
Xijriy 248-656 (milodiy 862-1258) yillarni uz ichiga ol- gan ushbu bosk;ich abbosiylarning ikkinchi davlati deb ataladi.
Bu bosk;ichda xalifalar ancha zaiflashib, uz k;udratlari- ni yukotdilar, ishni askarlar uz kullariga oldilar. Bu davrda davlat boshkaruvini 27 xalifa olib borgan.
Ikkinchi fasl
Abbosiylarning birinchi davri
(hijriy 132–248; milodiy 750–862)
Kuchli Abbosiy xalifalar davri
1. Abul Abbos ibn Muhammad
Uning laqabi Saffoh bo‘lgan. U hijriy 132–136 (milodiy 750–754) yillarda xalifalik qilgan.
2. Abu Ja’far Abdulloh ibn Muhammad
Laqabi – Mansur. U hijriy 137–158 (milodiy 754–775) yillarda xalifalik qilgan.
3. Muhammad ibn Abdulloh ibn Muhammad Mahdiy
Hijriy 158–169 (milodiy 775–785) yillarda xalifalik qilgan.
4. Muso ibn Muhammad ibn Abdulloh Hodiy
Hijriy 169–170 (milodiy 785–786) yillarda xalifalik qilgan.
5. Horun ibn Muhammad ibn Abdulloh
Laqabi – ar-Roshid. Hijriy 170–193 (milodiy 786–809) yillarda xalifalik qilgan.
6. Muhammad ibn Horun ibn Muhammad Amin
Hijriy 193–198 (milodiy 809–814) yillarda xalifalik qilgan.
7. Abdulloh ibn Horun ibn Muhammad Ma’mun
Hijriy 198–218 (milodiy 814–833) yillarda xalifalik qilgan.
8. Muhammad ibn Horun ibn Muhammad Mu’tasim
Hijriy 218–227 (milodiy 833–842) yillarda xalifalik qilgan.
9. Horun ibn Muhammad ibn Horun Vosiq
Hijriy 227–232 (milodiy 842–847) yillarda xalifalik ilgan.
10. Ja’far ibn Muhammad ibn Horun Mutavakkil
Hijriy 232–247 (milodiy 847–861) yillarda xalifalik qilgan.
Kuyida ularning har biri bilan alohida tanishib chiqamiz.
Keyingi mavzular:
Abul Abbos Sabboh;
Abu Ja’far Mansur.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam Rabbilari azza va jalladan hikoya qilib aytadilar: “Bir banda gunoh qilib qo‘ydi va: “Allohim, gunohimni mag‘firat qil!” dedi. Alloh taboraka va taolo: “Bandam gunoh qildi va gunohni kechiradigan hamda gunoh uchun jazolaydigan Rabbi borligini bildi”, dedi. So‘ng banda yana qaytdi va gunoh qildi. U: “Ey Rabbim, gunohimni mag‘firat qil!” dedi. Alloh taboraka va taolo: “Bandam gunoh qildi va gunohni kechiradigan hamda gunoh uchun jazolaydigan Rabbi borligini bildi”, dedi. So‘ng banda yana qaytdi va gunoh qildi. U: “Ey Rabbim, gunohimni mag‘firat qil!” dedi. Shunda Alloh taboraka va taolo: “Bandam gunoh qildi va gunohni kechiradigan hamda gunoh uchun jazolaydigan Rabbi borligini bildi. Xohlagan ishingni qil, seni mag‘firat qildim!” dedi”» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
“Va gunoh uchun jazolaydigan”, ya’ni o‘sha gunohni qilgan kishini azoblashga qodir ekanini bildi. Imom Buxoriy rivoyatida: “Bandamni mag‘firat qildim” degan ziyodasi bor.
Ulamolar bu hadisni ikki xil izohlaganlar:
Birinchisi, kim bir gunohiga xolis tavba qilib, unga qaytmaslikka qat’iy qaror qilsa, uning tavbasi maqbuldir. Shundan keyin nafsi yoki shayton g‘olib kelib, yana o‘sha gunohni qilib qo‘ysa-yu, so‘ng ikkinchi bor pushaymon bo‘lib, yana qaytmaslik ahdi bilan xolis tavba qilsa, uning tavbasi maqbuldir. Bu jarayon shu tarzda davom etaveradi. Hadisdan murod – har gal tavba qilayotganda “unga boshqa qaytmayman” degan azmu qarorda bo‘lish. Chunki tavba faqat quyidagi ikki asosiy shart bilan mukammal bo‘ladi: gunohni darhol to‘xtatish va unga boshqa qaytmaslikka qat’iy qaror qilish. Agar inson shu niyat bilan, ya’ni har safar “boshqa qilmayman” degan chin ahd bilan tavba qilsa-yu, lekin insoniy ojizlik yoki shayton g‘olib kelib, gunohni takrorlasa ham, uning tavbasi qabul qilinaveradi. Bu holat yuz, hatto ming marta takrorlansa ham. Modomiki, har tavbasini boshqa unga qaytmaslik azmu qarori bilan qilsa, Alloh uni kechiradi.
“Xohlagan ishingni qil, seni mag‘firat qildim!” Banda, modomiki, har safar gunoh qilganida pushaymon bo‘lib, istig‘for aytib, tavba qilar ekan, Alloh taolo uni kechiraveradi. Bu aslo gunohda davom etish degani emas, balki har gal xatodan so‘ng yangi tavba bilan poklanish demakdir.
Ikkinchisi, bu o‘rinda faqatgina istig‘for – Alloh taolodan mag‘firat so‘rash nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin. Istig‘for tushunchasi tavbadan ko‘ra kengroqdir. Istig‘forda, tavbadan farqli o‘laroq, gunohni darhol to‘xtatish yoki unga qaytmaslik ahdi shart qilinmaydi, balki mag‘firatning o‘zi so‘raladi, xolos. Kim shu ma’noda istig‘for aytsa, uning gunohi kechirilishiga kafolat berilmaydi. Faqat Alloh taolo unga O‘z lutfi va marhamati bilan muomala qilib, kechib yuboradigan holatlar mustasno.
Shulardan ma’lum bo‘ladiki, hadisga berilgan birinchi izoh to‘g‘ridir. Chunki gunohda davom etaturib, tilida istig‘for aytadigan kimsalar shariatda qoralangan. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alayhissalom: “Gunohidan tavba qilgan kishi go‘yo gunohi yo‘q kishi kabidir. Gunohni to‘xtatmay turib istig‘for aytuvchi kimsa esa Rabbisini masxara qilayotgan kishi kabidir” (Imom Ibn Abu Dunyo rivoyati).
Fuzayl ibn Iyoz rahimahulloh aytadi: “Gunohni to‘xtatmasdan aytilgan istig‘for – yolg‘onchilarning tavbasidir”.
Hadisda “tavba” emas, “istig‘for” lafzi ishlatilgan bo‘lsa-da, bu lafz ko‘pincha tavba ma’nosida qo‘llaniladi. Garchi lug‘atda “istig‘for” faqatgina “kechirim so‘rash” ma’nosini bildirsa ham, shar’iy istilohda u ko‘pincha tavbani ham o‘z ichiga oladi.
Imom G‘azzoliy va boshqa ba’zi olimlar quyidagi fikrni ilgari surganlar: “Agar inson biror sababga ko‘ra biror gunohni butunlay tark etishga o‘zida kuch topa olmayotgan bo‘lsa, istig‘forni butunlay tashlab qo‘ygandan ko‘ra, pushaymonlik va istig‘for aytish bilan Allohga yuzlanib turishi afzaldir. Garchi bunday istig‘for mag‘firatni kafolatlamasa-da, inshoalloh, foydadan xoli bo‘lmaydi. Zero, bu istig‘for vaqti kelib, bandaning o‘sha gunohni haqiqiy tark etishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun bunday kishi istig‘forni aslo tark etmasligi kerak”.
Tavbadagi nozik nukta shuki, banda tavba qilayotgan paytida o‘z ixtiyori bilan bu gunohga qaytmaslikka qalban azmu qaror qilishi kerak. Garchi uning qalbida “nafsim g‘olib kelib, men yana shu gunohni qilib qo‘ysam-chi?” degan xavotir bo‘lsa ham, tavbaning sahihligiga putur yetmaydi. Muhimi – tavbani chin ko‘ngildan gunohga qaytmaslik azmu qarori bilan qilish va unda sobit turishni Alloh taolodan so‘rash.
Tavba orqali banda o‘zining ojizligini va Parvardigorining mag‘firatiga muhtoj ekanini izhor qiladi. Mana shu haqiqiy bandalikdir. Shu yo‘l bilan u Alloh taoloning mag‘firatiga, marhamatiga erishadi, inshoalloh.
“Takmilatu Fathil mulhim” asari asosida Azizbek XOLNAZAROV tayyorladi.
“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 9-sonidan