Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Sentabr, 2026   |   4 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:43
Quyosh
06:03
Peshin
12:18
Asr
16:43
Shom
18:37
Xufton
19:52
Bismillah
15 Sentabr, 2026, 4 Rabi`us soni, 1448
Maqolalar

Misrdagi qo‘zg‘alon

24.12.2024   5794   3 min.
Misrdagi qo‘zg‘alon

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Xorijiylar
(hijriy 38, milodiy 658 yil)

Hazrati Aliy roziyallohu anhuning askarlari ichidan keyinchalik xorijiylar (xavorij) deb nomlangan alohida guruh ajralib chiqdi. Aslida «xorijiy» so‘zi «xuruj», ya’ni «qarshi chiqish» so‘zidan olingan bo‘lib, ular hazrati Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga qarshi chiqqanlari uchun shu nom bilan atalgan edilar. Ular Aliy hakamlikni (Allohning hukmi o‘rniga bandaning hakamligini) qabul qilgani uchun u zotni kofir bo‘ldi deb fatvo chiqarishdi. Ularga hazrati Aliyning hakamlikni qabul qilganlari yoqmagan edi. Aslida hazrati Aliy roziyallohu anhuni hakamlikni qabul qilishga xorijiylarning o‘zlari ‎ majburlashgan edi. Endi esa Muoviyaga qarshi urushga qaytishni talab qila boshlashdi. Hazrati Aliy roziyallohu anhu ularning talabini qabul qilmadilar.

Hazrati Aliy roziyallohu anhu hakamlik ishlarida xiyonat bo‘lganini e’lon qilib, katta lashkar bilan Shom tomon yurdilar. Ammo u kishi yo‘lda ketayotganlarida, orqadan xunuk va o‘ta tashvishli xabar keldi. Xorijiylar paytni g‘animat bilib, yer yuzidagi eng katta fasod ishlarga qo‘l urishgandi. Ular Alloh harom qilgan ishlarni o‘zlari uchun halol hisoblab, musulmonlarning qonlarini nohaq to‘kish, yo‘lto‘sarlik qilishga qo‘l urishayotgan edi. Ular o‘ldirgan kishilar ichida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari Abdulloh ibn Xabbob ibn Arat roziyallohu anhumo va u kishining homilador ayoli ham bor edi.

Hazrati Aliy roziyallohu anhu ortga qaytishga majbur bo‘ldilar. Borib ularga va’z-nasihat qildilar va ogohlantirdilar. Ammo xorijiylarga bu narsalar ta’sir qilmadi. Ular sulhni istamay, bir-birlarini jangga hozirlik ko‘rishga targ‘ib qila boshlashdi.

Xorijiylar birinchi bo‘lib urush boshlashdi. Urushda ularning deyarli barchalari qirilib bitdi. Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning odamlaridan yetti kishi shahid bo‘ldi, xolos.

Xorijiylardan juda kamchilik odam qutulib qoldi. Ushbu jangning natijalari juda ham xatarli bo‘ldi. O‘lmay qolgan oz sonli xorijiylar har tarafga tarqalib ketishdi: ulardan ikkitasi Umonga, ikkitasi Kirmonga, ikkitasi Sijistonga, ikkitasi Arabiston yarimoroliga va bittasi Yamanga qochib ketdi. Ular borgan joylarida o‘z jamoalarini tuza boshlashdi.


Misrdagi qo‘zg‘alon

Yuqorida bo‘lib o‘tgan ishlar Shom ahliga shijoat bag‘ishladi. Ular bay’at qilmaslikda yana ham bardavom bo‘ldilar va o‘z ishlarini kengaytirdilar. Amr ibn Os roziyallohu anhu Misr tomon yurdi va u yerni egallab oldi. Hijriy 38, milodiy 658 yildan boshlab o‘sha yerda o‘z hukmini o‘rnatdi. Shu tariqa Muoviyaning hukmronligi kengaya boshladi. Muoviya ibn Abu Sufyon Madinai munavvarani, Makkani, Yamanni ham egallab oldi. Lekin hazrati Aliy roziyallohu anhuning askarlari u joylarni qaytarib olishdi. Shu orada hazrati Aliy roziyallohu anhu o‘ldirildilar.

«Islom tarixi» birinchi juzi asosida tayyorlandi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Tarixni buzib ko‘rsatmaslik uchun

15.09.2026   9216   2 min.
Tarixni buzib ko‘rsatmaslik uchun

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida "Islom ma’rifati, hadis ilmi va Imom Buxoriy merosi" o‘quv kursi o‘tkazildi. Mutaxassislar tomonidan yodgorlik majmuasi gid-ekskursovodlari uchun o‘tkazilgan mashg‘ulotlar doirasida ekskursiya faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, nazariy va amaliy masalalar ko‘rib chiqildi, xabar bermoqda “Samarkandskiy vestnik” nashri.

- Bu yerga tashrif buyurgan har bir ziyoratchi faqat ibodat qilish uchun emas, balki ma’naviy "oziq" olish uchun ham borishi kerak, - deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov. - Bu yerda faoliyat yuritayotgan gidlarning malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yar ekanmiz, ularga Imom Buxoriyning bizga qoldirgan merosini, bu merosning tarixiy manbalarini chuqur o‘rgatishimiz shart.

Kurs doirasida majmuaga birinchi marta tashrif buyurgan mehmonlar bilan muloqotning o‘ziga xos xususiyatlari muhokama qilindi. Xorijlik ziyoratchilarga nafaqat Imom al-Buxoriy hayotidagi faktlar va diniy qadriyatlarimizni yetkazish, balki boy madaniy merosimizni asrab-avaylash va yetkazish kabi dolzarb masalalar ko‘tarildi.

Gid-ekskursovodlar ham o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, kelgusidagi ishlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar berdilar. Bu bevosita ekskursiyalarni o‘tkazish paytida yuzaga keladigan masalalarni muhokama qilish imkonini berdi.

Kurs O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Diniy ta’lim sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, viloyat hokimligi hamda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini saqlash va uning atrofini obodonlashtirish departamenti tomonidan tashkil etildi.

Tarixiy obidalar va ziyoratgohlar turizm salohiyatining muhim qismi bo‘lgan Samarqand viloyati uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash alohida ahamiyatga ega. Mehmonga tashrif buyuriladigan joyning tarixi qanchalik to‘liq va tushunarli ochib berilishi gidning professionalligiga bog‘liq. Shuning uchun ham gid-ekskursovodlarning malakasini muntazam oshirib borish, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish standartlarini joriy etish Samarqandda turizm xizmatlari sifatini oshirishda ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari