O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Islomiy moliyaviy xizmatlar Kengashiga a’zo bo‘ldi.
Kengash faoliyati islomiy moliya institutlarini tartibga solish va nazorat qilish bo‘yicha xalqaro standartlarni ishlab chiqish, samarali korporativ boshqaruv mexanizmlari va risk-menejment tizimini joriy qilish, shuningdek, mazkur sohada kadrlar salohiyatini oshirish, tadqiqotlar olib borish hamda ushbu masalalarda Kengashga a’zo tashkilotlarga ko‘maklashishga qaratilgan.
Mazkur tashkilotga a’zolik boshqa mamlakatlar tajribasini o‘rganish va mamlakatimizda islomiy moliya institutlari faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish sohasida ilg‘or xalqaro tajribani joriy etish imkonini beradi.
Ma’lumot uchun: Kengash 2002 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bosh ofisi Kuala-Lumpurda (Malayziya) joylashgan. Bugungi kunda Kengashning 188 a’zosi, shu jumladan, 81 ta tartibga solish va nazorat qiluvchi organlar, 10 ta xalqaro hukumatlararo tashkilot va 97 ta bozor ishtirokchilari hisoblanadi. Shuningdek, Kengashga Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston moliyaviy regulyatorlari ham a’zo hisoblanadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasida fuqarolar bilan ochiq muloqotni mustahkamlash va ularning muammolariga yechim topish maqsadida navbatdagi qabul bo‘lib o‘tdi.
Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda yurtimizning turli joylaridan kelgan hamyurtlarimizning murojaatlari tinglandi.
Tadbir davomida fuqarolar tomonidan haj, oilaviy munosabatlar, xayriya, ijtimoiy ko‘mak kabi masalalarda samimiy muloqot qilinib, ularni qiziqtirgan savollar yuzasidan amaldagi tartib-qoidalar doirasida atroflicha tushuntirish va huquqiy tavsiyalar berildi.
Murojaatlarning aksari bevosita qabul jarayonida ijobiy yechim topdi. Qo‘shimcha o‘rganish va vaqt talab etadiganlari tegishli bo‘lim va mas’ullarga yo‘naltirilib, nazoratga olindi.
Bu kabi xayrli ishlar aholining diniy-ma’rifiy ehtiyojlariga javob berish barobarida, yurtdoshlarimizning roziligiga erishish, inson qadrini ulug‘lash yo‘lidagi amaliy qadamlardan biri bo‘lmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati